Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat MISLI KO‘RINMAGAN YONG‘IN HAM KICHIK UCHQUNDAN CHIQADI…
Ma’naviyat

MISLI KO‘RINMAGAN YONG‘IN HAM KICHIK UCHQUNDAN CHIQADI…

Saralangan satrlar

Inson bu yorug‘ olamda boshqaruvchi yoki boshqariluvchi maqomida yashaydi. Modomiki, inson halol, pok, qonunlarga hurmat, axloq qoidalariga muvofiq umrguzaronlik qilarkan, boshqariluvchi maqomida bo‘lsa ham erkin fuqaro sifatida turfa tahdid-u zulm-zo‘ravonliklardan xoli yashashga, baxtli hayot uchun qulay shart-sharoitlarni talab etishga haqli bo‘ladi. Boshqaruvchi, hokimiyat egasi esa avvalo adolatni o‘ziga shior etib, xalq manfaati va irodasini doim o‘ylab ish tutmasa, uzoqqa bormaydi, binobarin, tarix sahifalarida nomi “yovuz, zolim, xudbin, populist” kabi tamg‘alar bilan bitilgan “hokimi mutlaq”lar kam emas. Ayrim taxt egalari qo‘l urgan ishlar asrlar davomida ibrat namunasi sifatida yodga olinsa, ba’zilarining faqat qora ishlari tarix qatlarida saqlanib qolgan.

Tabiiyki, xalq va hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlar badiiy adabiyotda ham o‘z aksini topgan. Ular orasida qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov va qozoq adibi Muxtor Shoxonov suhbatlaridan tarkib topgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” asari alohida o‘rin tutadi.

Kitobda o‘tgan ajdodlar ruhiga hurmat, ma’naviy meros va qadriyatlar oldidagi mas’uliyat, kelajak avlod taqdiri, odamzodning tabiat ne’matlariga munosabati, til va millat uyg‘unligi, Vatan qadri, muhabbatning inson taqdiridagi o‘rni kabi masalalarga ham alohida o‘rin ajratilgan.

*  *  *

Demokrit: “Davlatni boshqarish san’ati – san’atlarning eng ulug‘idir”, degan edi. Ko‘pincha butun boshli xalqning taqdiri bir kishining – hukmdorning qo‘lida bo‘ladi.

*  *  *

Charm kovush kiyib, chakmon yopinib yurgan mamlakat vaqti-soati kelib buyuk davlat bo‘lishiga zarracha shubha qilmadi. Ayni paytda Pyotr rossiyaliklarga benihoya tarvaqaylab ketgan soqol-mo‘ylovlarni qirib yurish va ro‘dapo kiyimlarni tartibga solib, qisqartirish to‘g‘risida farmon berdi. Me’yor nimaligini bilmaydigan rus erkaklarini ichkilikbozlikdan qaytarish uchun og‘ir cho‘yan medal quydirdi va piyonista kimsalarni xalq oldida uyaltirish maqsadida o‘sha medalni bo‘ynilariga taqtirib qo‘ydi. “Agar kimda-kim o‘z ota-onasini hurmat qilmasa, u davlat jinoyatchisi deb hisoblansin va og‘ir jazoga tortilsin. Agar kimda-kim karra jadvalini (arifmetika) bilmasa, unga uylanishiga ruxsat berilmasin”, deb farmon chiqaradi Pyotr. Podshohning bunday farmonlari johil mamlakatni asta-sekin taraqqiyot sari surib boraveradi.

*  *  *

Ma’lumki, 1731-yili Rossiya imperiyasi bilan qozoqlarning g‘arbiy o‘lkalari o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatiladi, shartnoma tuziladi. Qozoqlarning Kichik va O‘rta juz urug‘iga mansub bo‘lgan biylar, hokimlar, oqsoqollar, botirlar har xil sovg‘a-salomlar bilan Sankt-Peterburgga yetib boradilar. Qirolichaga hurmat ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Anna Ioanovna oldindan qozoq sahrosidan kelgan elchilarni qabul qilishga rozi bo‘ladi. Bitta tatar-tilmochni yollagan nufuzli elchilar har kuni qirolichaning ostonasiga bosh urib boraveradilar. Qirolicha bilan uch-to‘rt og‘iz gaplashmoqchi bo‘ladilar. Kunlar ketidan kunlar, haftalar ketidan haftalar o‘taveradi, lekin qirolichaning tillo eshiklari elchilar uchun aslo ochilmaydi. Nihoyat, saroy mulozimlari olis yurtlardan poytaxtga kelgan qozoqlar bir necha oydan buyon ostonada muntazir bo‘lib turishganini Anna xonimga eslatadilar. Shunda jizzaki xotin:

– Favqulodda muhim ish chiqib qoldi. Gollandiya qiroli menga sovg‘a qilgan maymun bugun ertalab bolaladi. Bolalari biram chiroyliki, asti qo‘yaverasan! Bu ishlardan boshim og‘rib turibdi. Afsuski, ularni qabul qila olmayman, – deb javob beradi.

*  *  *

Folbinlik qobiliyati bilan nom chiqargan Rim imperatori Tiberiy o‘zining kelajakdagi vorisi bo‘lmish Kaligula to‘g‘risida: “U o‘ziga ham, o‘zgalarga ham yaxshilik qilmaydi. Faqat rimliklarga emas, balki butun dunyoga musibat keltiradigan ilon voyaga yetyapti”, degan edi.

Nihoyat, taxtga yangi o‘tirgan imperator dastlabki paytlari juda g‘ayratli, mehribon bo‘ladi. Ilgari tarqatib yuborilgan senatni qayta yig‘adi, obro‘-e’tiborli Rim zodagonlariga faxrli mansablarni taklif etadi. Liviy bilan Tiberiyning vafotidan so‘ng qolgan bitmas-tuganmas boyliklarni marhumlarning vasiyatlariga binoan rimliklarga barobar taqsimlab beradi.

Bularning hammasi xo‘jako‘rsinga qilinadi. Birmuncha vaqt o‘tgach, hokimiyat jilovini butunlay qo‘lga olishga ulgurgan Kaligula quturib ketadi.

“Uning bema’niligi, tentakligi chegara bilmasdi, – deb yozadilar qadimiy muarrixlar. – U o‘zini tirik xudo deb e’lon qiladi. Mulozimlari kechasi-yu kunduzi unga xushomad qilardilar, sajda qilardilar. Odamlarning itoatgo‘yligidan mamnun bo‘lgan Kaligula: “Ko‘rgani ko‘zlari bo‘lmasa ham mayli, faqat qo‘rqib turishsa bas”, deb takrorlashni yaxshi ko‘rardi.

*  *  *

Ovidiy Kassiy Suriyada imperatorga qarshi fitna hozirlaydi. Lekin, chopar orqali hamtovoqlariga jo‘natgan maktub qo‘lga tushirilib, Mark Avreliyga yetkaziladi. Shunda Avreliy maktubni hech kimga o‘qitmasdan o‘tga tashlab kuydirib yuborish to‘g‘risida farmon beradi. U dushmanlari kim ekanini bilishni istamaydi, keyinchalik o‘zi istamagan holda ularni yomon ko‘rib qolishdan cho‘chiydi.

Ovidiy Kassiyga nisbatan ko‘ngilchanlik qilgan Mark Avreliyning sa’y-harakatidan hayron bo‘lgan bitta rimlik: “Agar o‘sha sotqindan yengilib qolganingizda nima bo‘lardi?” deb so‘raydi. “Xudoyimga nima yomonlik qilgan edikki, biz sotqindan yengilib qolsak?” deb savolga savol bilan javob qaytaradi Mark Avreliy.

*  *  *

Turkiston tuprog‘ida tug‘ilib, o‘zgalar mamlakatining gullab-yashnashi uchun beqiyos hissa qo‘shgan bobokalonimiz Anaxarsisga Yunonistonda ulug‘vor yodgorlik o‘rnatilgan. O‘sha yodgorlikning poydevoriga: “Mening tilim – mening dushmanim”, degan so‘zlar mixlab qo‘yilgan. Odamlarning xotirasida Anaxarsisning quyidagi iboralari haligacha saqlanib qolgan: “Kema qurilgan yog‘ochning qalinligi to‘rt enlik ekanini bilgan odam kemada ketayotib o‘lim bilan uning o‘rtasidagi masofa ham to‘rt enlik ekanini unutmasligi kerak”.

*  *  *

Aytishadiki, shafqatsiz hukmdor o‘zidan keyin yomon ishlarini, olijanob hukmdor esa yaxshi nomini qoldiradi.

*  *  *

Keyingi paytlarda: “Siyosat – iflos ish” degan ibora paydo bo‘ldi. Darhaqiqat, agar ko‘rnamak, axloqsiz, g‘araz niyatli kimsalar siyosat bilan shug‘ullansalar, mamlakat tanazzulga yuz tutadi. Hukmdorning obro‘-e’tibori bir pulga qimmat bo‘lib qoladi. Xuddi o‘shanday hukmdorlar to‘g‘risida boyagi ibora juda topib aytilgan.

*  *  *

Qirol Siamning oila a’zolari begona odamlarning o‘zlariga qo‘l tegizishini qat’iyan taqiqlab qo‘ygan edilar. Bundan faqat bir nechta mulozim istisno etilardi. Qo‘l berib ko‘rishishgina emas, hatto tasodifan ko‘ylakka tegib ketish ham man etilgandi. Bunday manmanlikning oxiri voy bo‘lishi turgan gap edi.

Ajoyib yoz kunlarining birida qirolicha Sunanda qayiqda ko‘l bo‘ylab sayrga chiqadi. Qo‘qqis kuchli shamol esadi-yu qayiqni ag‘darib yuboradi. Zoti oliyalarining jon holatdagi qichqiriqlarini eshitib, yuzlab saroy xizmatkorlari sohilga yugurib keladilar. Biroq, hech kim suvga o‘zini tashlab, qirolichani qutqarib olishga jur’at etolmaydi. Chunki, har bir kishi qirolichaning ko‘ylagiga tasodifan qo‘l tegib ketsa qanday og‘ir jazoga giriftor bo‘lishi mumkinligini juda yaxshi bilardi.

Nima qilmoq kerak? To‘s-to‘polon payti kimdir qirolning yaqin mulozimlaridan bittasini chaqirib kelgani chopib ketadi. Ammo, istisno qilingan zot yetib kelguncha qirolicha suvga cho‘kib o‘ladi.

*  *  *

Eramizdan avvalgi 551-479 yillari Xitoyda mashhur faylasuf, mutafakkir Konfutsiy yashagan. Qadimiy Xitoyning ko‘plab hukmdorlari o‘z faoliyatlari davomida uning vasiyatlariga, ko‘rsatmalariga amal qilganlar. Xitoyning zolim hukmdorlaridan bittasi Konfutsiyga nisbatan hurmat-ehtiromini bayon etib:

“Agar mamlakatni boshqaruv jarayonida xatoga yo‘l qo‘ysak, buyuk ustozimiz bizning gunohimizni aslo kechirmaydi”, degan ekan. Hukmdorlik, davlatni boshqarish san’atiga bag‘ishlangan Konfutsiyning fikr-mulohazalari juda ibratli. Ayniqsa, o‘n sakkiz ming nafar donishmand zamondoshlari to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari hozir dunyodagi deyarli barcha tillarga tarjima qilingan.

“Har bir kishi o‘z zimmasidagi vazifani halol ado etmog‘i lozim. Hukmdor – davlatni boshqaradi, hunarmand – o‘z hunari bilan mashg‘ul bo‘ladi, ota o‘zining otalik burchini bajaradi, o‘g‘il esa o‘zining farzandlik burchini ado etadi. Agar hayotning mana shunday oddiy qonunlari buzilsa, davlat ich-ichidan irib-chirib ketadi. Tartib-intizom, o‘zaro hurmat yo‘qoladi. Mamlakatda nifoq, urush-janjal, fitna avj oladi. Misli ko‘rinmagan yong‘in ham kichik uchqundan chiqadi…”

*  *  *

Bir kuni Stalin mas’ul xodimlarni xonasiga to‘playdi-da: “Qarasam, xalqni qanday boshqarish to‘g‘risida bosh qotirib yuribsizlar. Hokimiyat tepasidagi podsho xudo emas, lekin xudodan kam joyi ham yo‘q. Qo‘l ostingdagi xalq butunlay senga itoat etishi uchun nima qilmoq kerak? Ko‘rinib turibdiki, bilmaysizlar. Hozir men sizlarga ko‘rsataman…” U bitta tovuq olib kelinglar, deb amr qiladi. Xonaga tovuq keltiradilar. U tovuqni qo‘liga olib, shafqatsizlik bilan patlarini yulib tashlaydi. So‘nggi pati yulib olingan tovuq qip-qizil go‘shtga o‘xshab qoladi. Stalin tovuqni yerga qo‘yadi-da: “Endi qarab turinglar-chi, bu tovuq qayoqqa borar ekan?”, deydi. Azob-uqubatlarni boshidan kechirgan tovuq bechora qayoqlargadir qochib ketmoqchi bo‘ladi-yu, lekin oftobga chiqsa – issiq kuydiradi, salqin joyga borsa – sovqotadi. Hafsalasi pir bo‘lgan tovuq, nihoyat, Stalinning oyoqlari ostiga kelib jon saqlaydi. Shunda dohiy cho‘ntagidan bir siqim don chiqaradi-da, tovuqning oldiga sochib qo‘yadi va o‘zi xona bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa borib kelaveradi. Anavi sho‘rlik tovuq ham dohiy orqasidan bir qarich uzoqlashmasdan ergashib yuraveradi. Stalin og‘zini ochib o‘tirgan xodimlar qarshisiga kelib to‘xtaydiyu: “Qalay, ko‘rdilaringmi? Xalq ham mana shu tovuqqa o‘xshaydi. Xalqning ham patini yulib, qo‘yib yuborish kerak. Shunda uni boshqarish oson bo‘ladi”.

*  *  *

Maxsus ko‘rsatma olgan viloyat, shahar, tuman rahbarlari yeng shimarib ishga kirishadilar va tantanali majlisda Brejnev nutq so‘zlayotgan paytda 73 marta gulduros qarsak chaladilar. Shunday qilib, laganbardorlik, xushomadgo‘ylik plani ukrainalik o‘rtoqlarga nisbatan ikki barobar ortig‘i bilan ado etiladi. Guvohlarning aytishicha, “bosh” yo‘nalishga bag‘ishlangan nutqni bu qadar izzat-ikrom bilan tinglayotgan odamlarga qarab bechora Brejnevning ko‘zlarida shoda-shoda yosh paydo bo‘lgan ekan. Bu voqeani xushomadgo‘ylik bo‘yicha bemalol Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish mumkin.

*  *  *

Agar qonun posbonlari bilan jinoyatchilar o‘rtasidagi munosabatlar poraxo‘rlik asosida qurilgan bo‘lsa, demokratiya jar yoqasiga borib qoladi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version