Atoqli o‘zbek sharqshunos olimi Ubaydulla Uvatov 1940-yilda G‘uzor tumanida tug‘ilganini bilsangiz kerak. Ammo uning keng qamrovli ilmiy faoliyati, ishlagan joylari, yozganu tarjima qilgan kitoblari haqida to‘la-to‘kis ma’lumotga ega emassiz, hoynahoy. Unda quloq tuting.
Qashqadaryoga oid
Ubaydulla Uvatov 1958-1969-yillarda Toshkent davlat universiteti sharqshunoslik fakultetini arab filologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Arab tili bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis sifatida Misr, Iroq, Liviya mamlakatlarida tarjimon bo‘lib ishlagan.
Ubaydulla Uvatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida bo‘lim mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, Amir Temur jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
U Toshkent islom universitetining manbalar xazinasi bo‘limi mudiri, Imom Buxoriy xalqaro markazi rahbari hamda umrining oxiriga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimlarida mehnat qilgan.
Olimning ilmiy-tadqiqiy faoliyati asosan temuriylar davri tarixi, o‘rta osiyolik allomalar ilmiy merosi, manbashunoslik va hadisshunoslikka oid. Ubaydulla Uvatov arab, fors, rus, fransuz tillarini mukammal bilgan. 1974-yilda Ibn Arabshohning «Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») asarining tarjimasi va ilmiy tahlili» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2002-yilda Toshkent islom universitetida «Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni (Buxoriy, Muslim, Termiziy)» mavzusida doktorlik ilmiy darajasini olgan.
Ubaydulla Uvatov ilmiy faoliyati davomida 300 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar yozgan. Ilmiy asarlarning aksariyati rus, arab, turk tillarida Misr, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda nashr etilgan.
Ubaydulla Uvvatov Mahmud az-Zamaxshariyning «Navobig‘ ul-kalim» («Nozik iboralar»), Ibn Arabshohning «Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari»), Abu Iso at-Termiziyning «Ash-Shamoil an-Nabaviya», Abu Muin Nasafiyning «Tabsiratul adilla fi usulid din ala tariqatil Imom Abu Mansur Moturidiy» asarlarini arab tilidan tarjima qilgan.
«Donolardan saboqlar», «Muslim ibn al-Hajjoj», «Sohibqiron arab muarrixlari nigohida», «Al-Hakim at-Termiziy (hayoti va merosi)», «Abul Mu’iyn an-Nasafiy (hayoti va merosi)», «Xorazmlik buyuk alloma», «Mahmud Zamaxshariy», «Ikki ulug‘ donishmand (Abu Iso at-Termiziy, Al-Hakim at-Termiziy)», «Buyuk yurt allomalari», «Termizlik ikki alloma» kabi kitoblari nashr etilgan.
Ubaydulla Uvatov, shuningdek, Mahmud az-Zamaxshariy haqidagi «Fasohat ilmining sultoni» (2014-yil) hamda «Hakim Termiziy» hujjatli filmlari (2017-yil), «Allomai zamon» spektakli (2019-yil) ssenariysi muallifi hamdir.
Olimning samarali mehnatlari munosib qadrlanib, 2009 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2017-yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni va 2020-yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov 2020-yilning noyabr oyida, 80 yoshida vafot etgan.