Qashqadaryo gazetasi Olam Miyaning immun hujayralari “yangilanadi”
Olam

Miyaning immun hujayralari “yangilanadi”

Ilgari ular inson tug‘ilishidan oldin shakllanib, butun umr saqlanadi, deb hisoblanar edi.

Taxminan 50 yoshdan boshlab inson miyasida immun hujayralarining keng ko‘lamli almashinuvi sodir bo‘ladi. Yosh o‘tishi bilan kognitiv qobiliyatning pasayishi asosida aynan shu jarayon yotgan bo‘lishi mumkin. Kolumbiya universiteti genetigi Bin Ren rahbarligidagi xalqaro olimlar guruhining bu boradagi tadqiqoti natijalari Science jurnalida e’lon qilingan.

Olimlar miyaning xotira, o‘qish va fazoda yo‘l topish uchun mas’ul bo‘lgan gippokamp sohasidan olingan qariyb 320 mingta hujayrani tahlil qilishgan. Namunalar 20 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan 40 nafar sog‘lom insonga tegishli bo‘lib, tahlilda genetik, epigenetik hamda genomni uch o‘lchamli xaritalash usullari qo‘llanilgan.

Eng muhim kashfiyot mikrogliyalar – miyaning immun hujayralari bilan bog‘liq. Ilgari ular inson tug‘ilishidan oldin shakllanib, butun umr saqlanadi, deb hisoblanar edi. Biroq yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatganki, inson 50 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan davrda mikrogliyalarning katta qismi qon oqimi orqali keluvchi monotsitlar bilan almashinadi. 80 yoshga kelib, ana shu «tashqaridan kelgan» hujayralar ko‘pchilik tekshirilgan miyalarda ustunlik qila boshlagan.

Yana bir kutilmagan kashfiyot astrotsitlar – neyronlarni oziqlantiruvchi va gematoensefalik to‘siqni qo‘llab-quvvatlovchi yulduzsimon hujayralar bilan bog‘liq. Ular soni yosh o‘tishi bilan gippokampda muntazam kamayib borishi, saqlanib qolgan hujayralarda esa energiya ishlab chiqarish uchun mas’ul genlar faolligi pasayishi kuzatilgan.

Shuningdek, olimlar yosh o‘tishi bilan deyarli barcha turdagi hujayralarda yadro ichidagi DNKning uch o‘lchamli tashkil topishi ham asta-sekin buzilishini aniqlaganlar. Bu bosqichma-bosqich emas, balki taxminan 50 yosh atrofida keskin burilish nuqtasi yuzaga kelishi bilan sodir bo‘lib, aynan shu davrda genlar faolligi va epigenetik belgilari sezilarli darajada o‘zgara boshlaydi.

«Ushbu hujayraviy o‘zgarishlarni chuqur anglash miya faoliyatini saqlab qolish va neyrodegenerativ kasalliklarga moyillikni kamaytirishga qaratilgan yangi davolash usullarini ishlab chiqish imkonini ochishi mumkin», degan tadqiqot hammuallifi, Kaliforniya universiteti neyrobiologi Syanmin Syuy.

Exit mobile version