Qashqadaryo gazetasi Jamiyat MUOMALA – MUROJAATNING YARIM YECHIMI
Jamiyat

MUOMALA – MUROJAATNING YARIM YECHIMI

Topshiriq va ijro

Qashqadaryoda haftaning bir kuni «viloyatda yosh tergovchilar, profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari xodimlarini o‘qitish, kasbiy va muomala madaniyatini yuksaltirish kuni» deb belgilanadi.

Shuningdek, aholi bilan eng ko‘p muloqotda ishlaydigan subyektlar – Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi, viloyat soliq, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida ham Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, oliy ta’lim hamda boshqa mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda ana shunday tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda viloyat hokimining Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil   13-martda o‘tkazilgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, bu borada mutasaddi rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish, shuningdek, odamlarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida chiqargan farmoyishida ko‘rsatib o‘tilgan.

2026-yil 25-aprelda imzolangan mazkur hujjatga asosan vohada aholi murojaatlari bilan ishlash, ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish ishlarini tashkillashtirish va muvofiqlashtirib borish bo‘yicha viloyat hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlarini tuman (shahar)larga biriktirish jadvali hamda ularning vazifalari tasdiqlangan.

Shunga ko‘ra, ular o‘zlari biriktirilgan tuman (shahar)larga har haftada kamida bir marta borgan holda aholi murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish jarayonlarini o‘rganadi. Mas’ul rahbarlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilib, murojaatlar ko‘paygan mahallalarda shaxsiy va sayyor qabullar o‘tkazadi. Har hafta yakunida aholi murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilgan holda viloyat va respublika darajasida hal etiladigan masalalar yuzasidan yozma ravishda viloyat hokimiga takliflar hamda haftalik hisobotlar  kiritib boradi.

Xabaringiz bor, videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryoda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 368 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelayotgani, G‘uzor, Qamashi, Dehqonobod tumanlari va Qarshi shahrida energetika, yo‘l va suv infratuzilmasi bo‘yicha murojaatlar ko‘paygani qayd etib o‘tilgandi.

Shuningdek, davlat rahbari Xalq qabulxonalarini faqat ariza qabul qiluvchi idora emas, balki soha va joylardagi muammolarga ularga tegishli mas’ul idoralarning e’tiborini tortadigan, ular bilan birgalikda tahlil va yechim taklif qiladigan markazga aylantirish bo‘yicha yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi. Mas’ullar oldiga birinchi yarim yillikda Qarshi shahrini murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunaviy hududga aylantirish vazifasini qo‘ydi.

Viloyat hokimining farmoyishi bilan ana shu topshiriq ijrosini ta’minlovchi «Qarshi shahri tajribasi»ni yaratish bo‘yicha viloyat shtabi tarkibi va uning vazifalari ham tasdiqlandi.

Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman (shahar)lar hokimlari, barcha darajadagi tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni ijobiy hal qilish bilan bir qatorda, muammoning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish asosiy vazifalaridan biri ekanligi belgilab qo‘yildi.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version