Inson manfaatlari
Inson manfaatlarini ta’minlash, aholining dardu tashvishlarini eshitish va ularga tezkor yechim topish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentning Virtual hamda Xalq qabulxonalari tizimi bu borada fuqarolar bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli muloqot maydoniga aylangan. Bugun mazkur tizim nafaqat murojaatlarni qabul qilish, balki hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muhitni tahlil etish, aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularga manzilli yechim topishning muhim vositasi sifatida ham xizmat qilmoqda.
* * *
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimiz aholisidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga 56 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan. Mas’ullar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamayish bo‘lganini aytadi. Lekin, Qashqadaryo bu borada respublika bo‘yicha Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi.
Statistika murojaat qilishda ayollar erkaklardan, ishsizlar ishlilardan, 30-60 yoshlilar qolganlardan faolligini ko‘rsatadi. Viloyat bo‘yicha taqqosda Qarshi shahri birinchi, G‘uzor va Dehqonobod tumanlari keyingi o‘rinlarni band etgani ko‘rinadi. Qashqadaryoliklar eng ko‘p Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Majburiy ijro byurosi va Ichki ishlar vazirligi vakolati doirasidagi masalalarda murojaat etishmoqda.
Bir qarashda bu holatni hududda aholi ham, muammolar ham ko‘pligi bilan izohlash mumkin. Ammo masalaga kengroq nazar tashlansa, murojaatlar ko‘pligi odamlarning huquqiy ongi, davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi va o‘z haq-huquqlarini talab qilish madaniyati ortib borayotganidan ham dalolat beradi.
* * *
Murojaatlar ijtimoiy-iqtisodiy «og‘riq nuqtalar»ni yaqqol ko‘rsatib berishi bilan ham ahamiyatli. Tahlillarga ko‘ra, hududdan ayrim sohalar bo‘yicha murojaatlar soni sezilarli darajada oshgan.
Viloyat hokimligining murojaatlar bilan ishlash bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, jumladan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar nafaqasiga oid murojaatlar 1445 taga yoki 40,7 foizga, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam bo‘yicha murojaatlar 624 taga yoki 83,6 foizga, aliment undirishga oid murojaatlar 163 taga yoki 6,3 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, aholiga suyultirilgan maishiy gaz yetkazib berish, ish haqi to‘lash, sodir etilgan huquqbuzarliklarga oid murojaatlar ham oshgan. Surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlariga oid murojaatlar 248 ta (53,8 foiz)ga, xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaatlar 225 ta (55,7 foiz)ga ko‘paygan.
Eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari – xotin-qizlarning uy-joylarini ta’mirlash masalasidagi murojaatlar: 223,4 foiz; elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolar: 128,6 foiz.
Ko‘paygan murojaatlar ro‘yxatida ichki yo‘llarni asfaltlash va shag‘allashtirish (ta’mirlash), yer va mol-mulklar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va nogironlik guruhini o‘zgartirish yoki tiklash masalalari ham bor.
Bu raqamlar qashqadaryoliklarni eng ko‘p qiynayotgan muammolar ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar, bandlik, huquqiy munosabatlar va infratuzilma kabilar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
* * *
So‘nggi yillarda joylardagi muammolarni barvaqt aniqlash va hal etish bo‘yicha muayyan tizimli ishlar amalga oshirilayapti. Mahalliy boshqaruv organlari, davlat tashkilotlari rahbarlarining sayyor qabullari, turli darajadagi mas’ullarning aholi bilan ochiq muloqotlari, mahalla «yettiligi»ning faoliyati ko‘plab masalalarning murojaatga aylanmasdan hal etilishiga zamin yaratmoqda.
Biroq tahlillar shuni ko‘rsatadiki, eng samarador uslub – mahallabay ishlash tizimida hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Ayniqsa, murojaatlar soni yuqori bo‘lgan hududlarda har bir murojaatning sababini o‘rganish, muammoning ildizini aniqlash va manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish talab darajasida emasdek ko‘rinadi.
Masalan, elektr, gaz ta’minoti va yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha murojaatlar ko‘paygan hududlarda sohaviy dasturlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam bo‘yicha murojaatlar o‘sishi esa ehtiyojmand oilalar bilan ishlashni yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi. Bunda ular chindan ham ko‘makka muhtojmi yoki boqimandalik kayfiyatiga tushib qolganmi, shunga aniqlik kiritib olish juda muhim.
* * *
Murojaatlar tahlilida yana bir muhim holat ko‘zga tashlanadi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xalq qabulxonalariga 305 nafar fuqaro nomidan 15 ming 520 ta murojaat kelib tushgan.
Xususan, G‘uzor tumanidan 30 nafar fuqaro 1500 ta, Qarshi shahridan 57 nafar fuqaro 1449 ta, Dehqonoboddan 35 nafar fuqaro 566 ta, Shahrisabz tumanidan 13 nafar fuqaro 505 ta, Muborakdan 15 nafar fuqaro 487 ta, Qarshi tumanidan 16 nafar fuqaro 475 ta, Kitobdan 19 nafar fuqaro 417 ta, Kosondan 23 nafar fuqaro 379 ta, Chiroqchidan 18 nafar fuqaro 361 ta, Yakkabog‘dan 17 nafar fuqaro 346 ta, Qamashidan 13 nafar fuqaro 333 ta, Nishondan 14 nafar fuqaro 299 ta, Kasbidan 10 nafar fuqaro 185 ta, Mirishkordan 10 nafar fuqaro 169 ta, Ko‘kdaladan 8 nafar fuqaro 166 ta, Shahrisabz shahridan 7 nafar fuqaro 123 ta murojaat yo‘llagan.
Albatta, murojaat qilish har bir fuqaroning qonuniy huquqi, agar asosli bo‘lsa. Biroq turli idoralarga bir masala yuzasidan asossiz yuzlab takroriy murojaatlarning yuborilishini qanday tushunish mumkin?!
Shu bois takroriy murojaatlarning sabablarini chuqur tahlil qilish, murojaat beruvchi bilan individual ishlash, huquqiy tushuntirishlar va targ‘ibot samaradorligini oshirish muhim vazifa bo‘lib qolayapti.
* * *
Murojaatlar sonining ko‘p yoki kamligi davlat boshqaruvi samaradorligini baholashda yagona mezon bo‘la olmaydi. Eng muhim ko‘rsatkich – kelib tushgan murojaatlarning qay darajada hal etilgani, qancha insonning muammosiga yechim topilgani va aholi roziligi ta’minlanganidir.
Shu nuqtai nazardan Qashqadaryodan murojaatlar ko‘pligiga bir yoqlama baho berish to‘g‘ri emas. Bir tomondan, bu aholini qiynayotgan qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, yuqorida aytilganidek, fuqarolarning huquqiy ongi, davlat idoralariga ishonchi va faol fuqarolik pozitsiyasi kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi asosiy vazifa murojaatlarga vaqtida va asosli javob berish, ularda ko‘tarilgan masalalarni qonun doirasida hal etish bilan birga, muammolarni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etishdan iborat. Bunda mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, sohalar kesimida qo‘shimcha manzilli dasturlar ishlab chiqish, infratuzilma va ijtimoiy himoya sohalaridagi muammolarni tizimli hal qilishni diqqat markazida tutish samaradorlikni yanada oshirishi turgan gap.
Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, har bir hal etilgan masala ortida esa xalq roziligi va davlatga bo‘lgan ishonch mujassamdir.
Shohista BOZOROVA