Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!
Ayni kunlarda butun yurtimiz bo‘ylab keng tantana qilinayotgan eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – mamlakatimiz istiqlolga erishganining o‘ttiz besh yilligini qashqadaryoliklar ham katta xursandchilik bilan nishonlamoqda. Shu munosabat bilan joylarda turli targ‘ibot, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, tayyorlangan rang-barang bayram dasturlarida mustaqillikning hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyati, xalqimizning hurlik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlari, turli sohalarda erishgan ulkan natijalari o‘z ifodasini topayotir.
Ma’lumki, bizdagi to‘yni to‘yona bilan qarshi olish an’anasi barchamizni yangiliklar qilishga ilhomlantiradi. Shunga hamohang, bayram arafasida foydalanishga topshirilayotgan turli ishlab chiqarish loyihalari, ta’lim, tibbiyot, sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm, sport kabi sohalar obyektlari va turar joy majmualari o‘zida yurtimizda inson qadri uchun boshlangan yangi islohotlar ortidan odamlar, mamlakat hayotida bo‘lgan katta o‘zgarishlarni namoyon etmoqda.