Oziq-ovqat xavfsizligi
Aniqlashtirilgan prognoz ko‘rsatkichlariga muvofiq, joriy yilda viloyatimizda barcha toifadagi xo‘jaliklarda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshirilib, 344,8 ming tonna go‘sht (tirik vaznda), 1 million 518,2 ming tonna sut, 35 ming 750 tonna parranda go‘shti va 620,7 million dona tuxum ishlab chiqariladi.
Ushbu prognoz ko‘rsatkichlari viloyat hokimining joriy yil 20 martdagi qarori bilan tasdiqlangan. Davlatimiz rahbari va Prezident Administratsiyasining tegishli topshiriqlari ijrosi doirasida qabul qilingan mazkur hujjatda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali chorvachilik subyektlari daromadini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bozorlarda narxlar barqarorligini saqlash kabi maqsadlar ko‘zlangan.
Qarorga asosan, shuningdek, 2025 yilda amalga oshiriladigan chorvachilik yo‘nalishidagi loyihalarning yig‘ma jadvali hamda chorvachilik subyektlariga ajratilgan suvli yerlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, mavjud chorva mollariga mutanosib ravishda yerlarning ajratilishini ta’minlash bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tarkibi ham tasdiqlangan.
Yig‘ma jadvalga muvofiq, joriy yilda viloyatimizda qoramolchilik yo‘nalishida 93 ta, qo‘ychilik va echkichilikda 76 ta, parrandachilikda 13 ta, go‘sht va sutni qayta ishlash sohasida 8 ta, baliqchilikda 6 ta, yilqichilikda 2 ta, tuyachilik, quyonchlik, asalarichilik va omixta yem ishlab chiqarish yo‘nalishlarida 1 tadan, jami 202 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan.
Hujjatda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha yana bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Masalan, tegishli mas’ullar zimmasiga joriy yil 1 iyulga qadar har bir tumanda kamida bittadan ozuqabop ekinlar urug‘larini yetishtirishga ixtisoslashgan urug‘chilik xo‘jaliklarini tashkil etish hamda ikki hafta muddatda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 14 ta tumandagi chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatilgan.
