Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat NAVOIY KUTUBXONASINI BEZAGAN HIKMAT DURLARI
Ma’naviyat

NAVOIY KUTUBXONASINI BEZAGAN HIKMAT DURLARI

Alisher Navoiy kutubxonasida mavjud bo‘lgan kitoblar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish ulug‘ shoirning ilm-fan va adabiyotga nisbatan didi hamda talabi nechog‘lik yuksak bo‘lganidan dalolat beradi. Navoiy kutubxonasi haqida juda ko‘p manbalarda ma’lumotlar bor. Ularning aksariyati o‘ziga xos tarixga ega. Bu tarixga temuriylar yoki Navoiy davri umumiy tarixining bir qismi sifatida qarash lozim. Unda o‘sha davrning ilg‘or mafkura va g‘oyalari, xususan, tasavvufning falsafiy ta’limoti yetakchilik qiladi.

Tadqiqot

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning badiiy ijod tafakkurini shakllantirgan va uning olamga, bashariy jamiyatga ana shu ta’limot nuqtai nazaridan qarashi hamda yondashishini ta’minlagan hodisa ham o‘z davrida bir qadar ommalashgan o‘sha falsafiy ta’limot edi. Biz bu yerda u qaysi nazariy kitoblar orqali falsafiy dunyoqarashini kengaytirgani; falsafasi, obrazlari hamda bu yo‘nalishda ijodiy konsepsiyasi nimalarga asoslagani xususida qisqacha to‘xtalamiz.

Alisher Navoiy «Favoyid ul-kibar» devoniga kirgan 322-g‘azalining maqta’sida yozadi:

Navoiy, anglaki, bobi vafo yozilmaydur,

Agar Fususdurur, gar Nususu yo‘qsa Fikuk.

Baytni sidirg‘a o‘qiganda undan «Navoiy, anglaki, Fusus, Nusus va Fikuk (aslida «Fukuk»!)da vafo bobi yozilmagan» degan ma’noni tushunish mumkin. «Bob yozilmasligi» ularning kitob ekanini anglatadi. Demak, ular Navoiy yaxshi bilgan, qadrlagan kitoblardir.

 «Majolis un-nafois»da shunday eslatma bor: «Shayx Sadriddin Ravosiy… shakli dilpisand va haqoyiq va maorif aytmog‘i dilfirib erdi. Sharif suhbatig‘a faqir musharraf bo‘ldum. Badaxshon shohig‘akim, anga murid bo‘lub erdi, «Fusus» dars aytur erdi, ko‘nglumni base sayd qildi. Zamon podshohi (Husayn Boyqaro bo‘lsa kerak – N.SH.) ham shayx mulozamatig‘a yetar erdi…»

Bu parchada shoir «Fusus»ni shohlar olimlar huzuriga borib ta’lim olishga-da loyiq mo‘tabar kitob ekanini ta’kidlaydi va o‘zi Ravosiydan bu kitob haqida ma’lumot olganini qayd etadi. Umuman, yuqoridagi baytda nomlari keltirilgan kitoblarni shoir falsafiy qarashlariga eng ko‘p ta’sir o‘tkazgan asarlar sifatida baholashimiz mumkin. Bu yerda biz ana shu «Fusus» haqidagi ayrim ma’lumotlarni keltirish bilan cheklanamiz.

Navoiy tayangan falsafiy asarlar, ularda ilgari surilgan g‘oyalar mohiyati bilan chuqurroq tanishish va shundan so‘ng shoir ijodining falsafasi, obraz va ramzlari orqali bildirilayotgan fikrlar xususida aniq xulosalarga kelish mumkin.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, naqshbandiya tariqatiga kirib, faqat uning amaliyoti bilan shug‘ullanish, shunday turmush tarziga moslashish, chegaralanish ulug‘ shoir hamda uning piri komili Jomiydek ilm va ijodiy ishga moyil kishilar xarakteriga to‘g‘ri kelmas edi. Shuningdek, YE.E.Bertels qayd etganidek, naqshbandiya tariqatida falsafaga moyillik bor edi, shu bois ham Jomiy bu tariqatni tanladi. U ilmiy tafakkurida bo‘lgan ehtiyojiga yechimni musulmon olamida o‘z falsafiy asarlari bilan yuksak o‘rin topa olgan mashhur shayx Ibn Arabiy ta’limotidan topdi va bir umr bu ta’limot sir-asrorlarini o‘rgandi, uni o‘z faoliyatining ilmiy asosi qilib oldi va keng targ‘ib qildi. Jomiyning buyuk ijodkor Navoiyga doimiy ta’sir etuvchi kuchi ana shu ta’limotga asoslanganida edi.

YE.E.Bertels yana yozadi: «Jomiy ham, Navoiy ham ishqni kuyladilar. Ko‘pincha, bu yerda gap Haqga bo‘lgan muhabbat haqida ekanini ta’kidlaydilar. Holbuki, Jomiyning dunyoqarashiga ko‘ra (ta’kid bizniki!), butun olam Haq zuhuri tajalliysidangina iborat. Binobarin, yaratiqlar toji – insonda ham u zohirdir. Shuni unutmaslik lozimki, insondagi ilohiy mohiyatni hurmat qilmoq zarur va uni tahqirlamoq, tuban maxluqlar bilan teng ko‘rmoq nojoizdir».

Umuman, Navoiy ko‘pgina faylasuf mutasavviflar ta’limotlarini Jomiy orqali o‘zlashtirgani ma’lum. Uning yuqorida nomlari zikr etilgan asarlarni o‘rganishida Jomiyning ishtiroki bo‘lgan. Binobarin, «Fusus» tarzida qisqa ataluvchi asar Ibn Arabiyning «Fusus ul-hikam» («Hikmatlarning ziynatbob duri») nomli asaridir. Shu o‘rinda bu muallif haqida qisqacha to‘xtalish lozim.

Muhiddin Ibn al-Arabiy Navoiy nazdida, Sharqda tasavvuf ta’limot sifatida keng tarqalishiga katta hissa qo‘shgan mutafakkirdir. «Nasoyim ul-muhabbat» asarida u, jumladan, shunday zikr etiladi: «Vahdati vujud qoyillarining qudvasidur. Zohir fuqaho va ulamosidin ko‘p anga ta’n qilibdurlar. Fuqahodin oz va so‘fiydin jamoate ani buzurg tutubturlar». Shu so‘zlardan so‘ng Navoiy Imom Yofi’iy tarixidan «Uni yuksak ehtirom bilan ulug‘ladilar, so‘zlarini maqtab, madh etdilar, baland martabasini sifatladilar, behisob karomotlaridan xabar berdilar» mazmunidagi iqtibosni keltiradi. Bu zikr davomida keltirilgan Arabiyning Shihobuddin Suhravardiy bilan uchrashuvi ham e’tiborga molik: «…alar bila Shayx Shihobuddin Suhravardiy quddisa sirruhug‘a muloqot ittifoqi voqe’ bo‘lubdur. Va ba’zi akobir dedilarki, ul muloqot Haram tarafida ekandur. Har biri alardin yana biriga nazra qilib o‘tushubdurlar, onsizki oralarida kalome voqe’ bo‘lg‘ay. Andin so‘ngra Shayx Shihobuddin holini alardin so‘rubdurlar. Alar debdurlarki, u boshdan oyog‘iga qadar sunnat bilan to‘ladir. Shayx Shihobuddindin alarning holini so‘rubdurlar. Debdurki, u haqiqatlar dengizidir! Ba’zi buzurgvordin andoq eshitildiki, Haram soyasida suhbat tutubdurlar. Va Shayx Shihobuddin ul Hazratdin necha savol qilibdurlar. Ba’zig‘a javob beribdurlar va ba’zig‘a debdurlarki, Tubo daraxti soyasida javob bergumizdur».

Tazkirada Ibn Arabiyga ta’na qiluvchilarning ta’nalari aynan «Fususu-l-hikam» kitobiga nisbatan bo‘lganini Abdurahmon Jomiy qayd etgani ham ta’kidlanadi. «Va hamonoki, alarning ta’nining mansha’i yo taassubdur, yo ittilo’lari adami, alarning mustalahotig‘a yo maoniy yo haqoyiq rumuziki tasniflarida darj qilibdurlar, bataxsis «Fusus»da va «Futuhot»da. Va bu ma’no ul martabadadurkim, bu toifadin hech qaysining hech kitobida topilmas. Ham ul Hazrat debdurlarki, bu faqir Xoja Burhonuddin Abu Nasr Porso quddisa sirruhudin bu nav’ istimo’ qilibmenki, der erdilarki, bizning volidimiz buyururlar erdiki, «Fusus» – jondir, «Futuhot» – dil… Hazrat Maxdumiy alarning musannafotidin «Fusus»ni sharh qilibdurlar. Andoqki, aning (sharhning – N.SH.) ta’rifini qilmoq bu faqirdek bebizoatlarning haddi emas…»

Binobarin, ilmiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Muhiddin ibn al-Arabiy (1165-1240) turli fanlardan ta’lim olgan, uni ko‘proq bashorat qilish sirlari qiziqtirgan, o‘z qobiliyatini aksar vaqt shu ishga yo‘naltirar edi. Uning tasavvuf bilan jiddiy shug‘ullanishi 1184 yildan boshlangan. Bu yo‘lda u so‘fiylikning eng yuqori bosqichi hisoblangan qutbul-aqtob darajasiga yetgan.

Ibn Arabiydan katta ilmiy va badiiy meros qoldi. Zamondoshlarining turli manbalarda qayd etishicha, u yozgan asarlarning soni 300 tadan 500 tagachani tashkil qiladi. To‘g‘ri, olim asarlarining soni ma’lum bir asar nomi turli manbalarda turlicha qayd etilishi yoki takror sanalishi bilan ham ortib borgan, lekin, shunga qaramay, ular benihoya ko‘pligi barcha mualliflar tomonidan e’tirof qilingan.

«Bizgacha bu ulug‘ shayxning 150 ta ishi yetib kelgan, – deb yozadi rus faylasufi, professor A.V.Smirnov. – Ulardan faqat ikkitasi maxsus falsafaga oid. Ular «Al-futuhot al-Makkiyya» va «Fusus ul-hikam». Qolganlari uning she’rlaridan iborat devoni, so‘fiylik tariqatining muayyan masalalariga bag‘ishlangan qarashlari va hokazolar. Lekin bunday tasnif nisbiydir, chunki uning she’rlari ham falsafiy fikrlarining talqinlaridan iborat deyish mumkin».

«Fusus ul-hikam» hech shubhasiz Ibn Arabiy falsafiy qarashlarining mohiyatini belgilab beradi. U o‘z arxitektonasiga ko‘ra payg‘ambarlar tarixiga o‘xshab ketsa-da, mohiyat nuqtai nazaridan tubdan farq qiladi. Unda payg‘ambarlar hayotiga oid voqealar va ularning so‘zlaridan falsafiy xulosalar chiqarish yo‘lidan boriladi. Bu yo‘l boblarning nomlanishidayoq ko‘zga tashlanadi. Masalan, 1-bob Odam (alayhissalom)ning so‘zlarida ilohiy hikmat durlari, 2-bob Shis (alayhissalom)ning so‘zlarida shavqiy hikmat durlari, 3-bob Nuh (alayhissalom)ning so‘zlarida sabuhiyat hikmat durlari va hokazo. Har bir bob tasavvuf va falsafaning muayyan tushunchasini talqin qilishga bag‘ishlangan.

«Fusus» umumiy holda 28 bobdan iborat. Unda 27 payg‘ambardan so‘z boradi. Bu payg‘ambarlar orasida 22-bob bag‘ishlangan Ilyos payg‘ambar Idris (alayhissalom) bilan bir shaxs sifatida talqin qilinadi. Bunga Imom Buxoriy sahih hadislari orasidan isnodi bo‘lmagan bir hadisga tayaniladi. Shuningdek, 26-bobda Xolid bin Sinon ismli yakkaxudolikni targ‘ib qilgan payg‘ambar haqida so‘zlanadi. Uning Iso (alayhissalom)dan bir oz oldin yoki keyin yashaganligi haqida fikrlar bor. «Fusus»ga sharh yozgan Xoja Muhammad Porso uni «rasul emas, nabiy edi», deya ta’kidlaydi. Arabiy uni qur’oniy istiloh bilan «an-nubuvvatu al-barzaxiya» – «payg‘ambarlik bo‘yini» sifatida talqin qiladi va u orqali «samadiyat hikmat durlari» bayon etiladi. Boshqa, «Qur’oni Karim»da zikr etilgan payg‘ambarlar so‘zlari orqali qudusiyat, haqqiyat, ruhiyat, nuriyat, ahadiyat, futuhiyat, nabaviyat, vujudiyat, nafsiyat, g‘aybiyat, jaloliyat, ehsoniyat, fardiyat kabi tasavvufiy istilohlarning o‘ziga xos talqinlarini keltirgan. Ularning har biri haqida Navoiy asarlarida ham fikr yuritiladi.

Shuni ham unutmaslik lozimki, falsafiy fikrlar tarixida «Fusus» yoki «Sharhi Fusus» nomlari bilan yuritiluvchi Ibn Arabiydan boshqa mualliflar tomonidan yaratilgan asarlar ham mavjud. Bunday asarlar orasida Abu Nasr Forobiy tomonidan yozilgan bir «Sharhi Fusus» deb nomlangan asar uzoq davrlar shuhrat qozongan. Navoiy tilga olgan «Fusus»ni ular bilan almashtirmaslik kerak.

Nafas SHODMONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

Exit mobile version