Mamlakatimiz Prezidenti «Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Unga asosan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi tegishli komissiyaning 28 nafar iqtidorli qizni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
E’tirof
A’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlar orasida qashqadaryolik iste’dodli qizlar, jumladan, Guliston davlat universitetining san’atshunoslik fakulteti 1-bosqich talabasi Jasmina Erkin qizi Sheraliyeva va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining qishloq xo‘jaligi fakulteti 3-bosqich talabasi Madinabonu Mahammadriza qizi Mahammadrizoyeva ham bor.
2007-yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilib, joriy yilda o‘zining 18-bahorini qarshi olgan Jasmina Sheraliyeva san’atning an’anaviy xonandalik yo‘nalishida ijod qiladi. Yoshligidan milliy musiqa va qo‘shiqlarga mehr qo‘ygan bu qiz oliy o‘quv muassasasiga kirishdan avval Shahrisabz tumandagi 47-sonli maktab hamda Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabida tahsil olib, o‘quvchi davridanoq noyob iqtidorini namoyon etib kelmoqda. Jasminaning bu sohadagi dastlabki katta yutuqlaridan biri 2021-yilda mamlakatimizda adabiyot, san’at va madaniyat sohalarida faoliyat yuritayotgan iste’dodli va tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan «Vatan taraqqiyotiga mening hissam» respublika tanlovida «Milliy maqom va milliy estrada» yo‘nalishi bo‘yicha qo‘lga kiritilgan g‘oliblik edi. Keyingi yillarda esa bu iqtidorli qiz «Barkamol avlod», «San’atim senga, obod yurtim!», «Yosh maqomchi» va boshqa bir qator ijodiy ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egalladi. 2023-yilda «O‘zbekistonda ta’lim» jurnali tahririyati bilan faol ijodiy hamkorligi hamda o‘zbek milliy maqom san’ati yo‘nalishidagi iqtidori va muvaffaqiyatlari uchun «Iste’dod» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, o‘sha yili Jasminaga Qozog‘iston Respublikasi «Qo‘sh qanot» ijod jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan «Xizmat ko‘rsatgan ijodkor» va «Xalqaro xizmatlari uchun» ko‘krak nishonlari ham topshirilgan. Ayni paytda xonanda Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro onlayn tanlovda g‘alaba qozonib, birinchi darajali diplomga sazovor bo‘lgan. Yaqinda esa «Innovatsion tadqiqotlar samaradorligini oshirish modellari va metodlari» mavzusidagi xalqaro onlayn-konferensiyaning materiallari to‘plamida Jasmina Sheraliyeva hammuallifligidagi «Musiqaning mohiyati – yaxshilikdir» maqolasi chop etildi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi yana bir sovrindori Madinabonu Mahammadrizoyeva 2001-yilda Koson tumanida tug‘ilib, hozirgi paytda Toshkent shahrida Buyuk Britaniyaning Royal Agriculture University (Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida ta’lim olmoqda. Adabiyotning she’riyat va tarjimonlik yo‘nalishida ijod qilayotgan bu noyob iste’dod egasining she’r va hikoyalari, ilmiy va publitsistik maqolalari, tarjimalari nafaqat viloyat va respublika, balki Argentina, AQSH, Keniya, Misr, Rossiya, Tailand, Turkiya, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarning gazeta va jurnallarida chop etilyapti. Ayni paytda Qashqadaryo vakilasi o‘zi hamkorlik qilib kelayotgan bir qator xorijiy nashrlarning O‘zbekistondagi elchisi sanaladi.
Madinabonu chet el adiblarining asarlarini o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyoti namoyandalarilarning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilib kelmoqda. O‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida yozilgan badiiy asarlari va ilmiy maqolalari xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan. Masalan, qashqadaryolik qiz 2021-yilda «Vatan» she’ri uchun Marokashning «Nelson Mandela» sertifikati, 2022 va 2023-yillarda esa «O‘zbekistonim» she’ri va faol hayotiy pozitsiyasi uchun Hindistonning «Namaste India» jurnali tomonidan maxsus sertifikat va «International womania» mukofoti bilan taqdirlangan. 2023-yilda Madinabonu Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan «Miss International Translator» – «Xalqaro tarjimon xonim» xalqaro tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Gran-priga ega chiqqan, tinchlik tanlovida birinchi o‘rin egallab, Afrika qit’asidagi «Elysians Africa» jurnali tomonidan medal va sertifikat bilan mukofotlangan va aynan shu yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan Zomin seminarining respublika bosqichi sovrindori ham bo‘lgan.
Keyingi yillarda Polshada «Women in tech» («Xotin-qizlar texnologiyalar jabhasida») xotin-qizlar sammiti hamda yana ko‘plab xalqaro konferensiyalar, o‘quv kurslari va loyihalarda faol qatnashgan Madinabonu Mahammadrizoyeva o‘zbek tilidagi «Wikipediya» internet-ensiklopediyasi elchisi hamda Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi qator ijodiy uyushmalar a’zosi hisoblanib, yurtimizdagi bosma va internet nashrlari bilan ham faol hamkorlik qilmoqda. Yaqinda esa uning yoshlar ingliz tilini tez va oson o‘rganishi uchun yangi metodlarga asoslangan «New Time New English» kitobi nashrdan chiqdi.
Prezident qaroriga muvofiq, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tantanalarida topshiriladi.
O‘z muxbirimiz
