Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat Nega “Kofirtepa?”
Ma’naviyat

Nega “Kofirtepa?”

Qashqadaryo va dunyo

Qarshi shahrining g‘arbiy qismida, G‘ubdindagi Tallisortepa yaqinida Kofirtepa nomli qadimiy shahar qoldiqlari mavjud. Avvalo, joy nomining atalishi haqida fikrlashib olsak.

Taniqli arxeolog olim Abdisabur Raimqulov ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo hududida Kofirtepa, Kofir-qal’a, Mug‘tepa, Mug‘qal’a, Gyaurqal’a nomlar bilan ataluvchi qadimiy yodgorliklar ko‘plab hisobga olingan. Kofirtepa, Kofirqal’a kabi nomlar bilan ataluvchi yodgorliklar Samarqand shahridan janub tomonda – Darg‘om kanali bo‘yida, Narpay tumanidagi Charxin qishlog‘ida, Surxondaryoning Uzunida, Termiz yaqinida – Amudaryo bo‘yida, Janubiy Tojikistonda, Afg‘onistonning Davlatobod shahriga yaqin bo‘lgan Zadiyon qishlog‘i atrofida, Gyaurqal’a nomli yodgorliklar esa Marv va Xorazmda uchraydi.

«Kofir», «gyaur», «gaur», «mug‘» so‘zlarining ma’nosi bitta, ya’ni bizning tilimizdagi «kofir», «g‘ayridin» kabi umumiy ma’nolarga ega. Bu nomlar bilan yuritiladigan qishloqlar va qal’alarda arablar kelganidan  keyin ham ma’lum muddat o‘zlarining avvalgi mahalliy dinida qolgan va islomni qabul qilmagan aholi guruhlari yashagan. Islom dinini qabul qilgan aholi ma’lum muddat islomga kirmagan odamlar yashayotgan manzillarni Kofirqal’a, Gyaurqal’a, ular muqaddam yashab o‘tgan aholi manzillarini esa Kofirtepa nomlari bilan ataganlar.

Bu nom bilan yuritiladigan qishloq va qal’alarning aksariyatida arablar istilosigacha yoki istilo arafasida yerli mahalliy davlatlarning yuqori tabaqali, hokimiyatga daxldor sinf vakillari istiqomat qilganlar, inshootlar ularning hashamatli turar joylari, arklari, saroylari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Kofirtepada olib borilgan arxeologik qazishmalarning shohidlik berishicha, bu yerda hayot dastlab III-IV asrlarda boshlangan va V-VI asrlarda jami tepaliklarda aholi yashagan hamda tepaliklar majmuasidan iborat bo‘lgan ilk o‘rta asr qishlog‘ining yoki shaharchasining umumiy maydoni 6 gektarga yetgan. VII-VIII asrlarga kelib mudofaa devorlarining aksariyatida ta’mirlash ishlari olib borilgan, shaharchaning umumiy maydoni esa o‘zgarmasdan qolgan. Arablar istilosidan keyin, IX asrdan boshlab hayot Kofirtepaning markaziy tepaligi va undan sharqdagi tepalikda hamda ularning janubidagi maydonda davom etgan. Bu maydonda  hunarmandlar faoliyat ko‘rsatgan.

Ilk o‘rta asrlar davrida bir nechta alohida mudofaalangan qal’a va qasrlar majmuasidan iborat Kofirtepa o‘rta asrlarga kelib butun boshli shaharchaga aylanib ketgan. Markaziy tepalik VII-VIII asrlarda shahar arki vazifasini bajargan. Bizga ma’lumki, VIII-IX asrlarda O‘rta Osiyoning ko‘plab shaharlarida arklarning mudofaa inshooti sifatida harbiy qobiliyati yo‘qolishi jarayoni ro‘y bergan. Bu jarayon Kofirtepa arkini ham chetlab o‘tmagan bo‘lsa kerak.

Qayd etilishicha, Kofirtepa kabi bir nechta alohida   qismlardan iborat shaharlar O‘rta Osiyoda uchrab turadi. Zarafshonning yuqori oqimidagi Navro‘zshoh yodgorligi avval bir necha alohida mudofaalangan qasrlar majmuasidan tashkil topgan bo‘lib, keyinchalik ular asosida butun boshli shaharcha shakllangan.

Kofirtepa 1946-yilda A.Terenojkin, 1947-yilda S.Kabanov tomonidan qisman o‘rganilgan, yodgorlikning  nuragan joylarida arxeologik tozalash ishlari olib borilgan. 1974-yilda esa R.Sulaymonov boshliq arxeologik guruh tomonidan yodgorlikning tarhi qog‘ozga tushirilgan, 1976- yilda B.Kochnev tomonidan dastlabki arxeologik qazishma ishlari olib borilgan.

Exit mobile version