Britaniyada firibgar muhojirga tegishli hashamatli superkarlar parki va motorli qayiq auksionda sotiladi. Bu haqda The Daily Mail manbasi xabar tarqatgan.
Unga ko‘ra, 12-14-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan onlayn savdolarda Aston Martin, Range Rover, Lamborghini, Porsche va BMW avtomobillari, shuningdek, motorli qayiq sotiladi.
Manbaning yozishicha, qimmatbaho superkarlar parki firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalarning 45 ta uyini sotib yuborib, 11 million dollardan ortiq mablag‘ ishlab topgan 46 yoshli mavritaniyalik muhojir Anopkumar Modxga tegishli.
Aytilishicha, bu Buyuk Britaniyada sodir etilgan eng yirik ko‘chmas mulk qallobliklaridan biri hisoblanadi. Erkak mamlakatda 2016-yildan buyon muddati o‘tgan viza bilan yashab kelgan. U qilgan jinoyatlari uchun 2024-yilda qo‘lga olinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Politsiya uning aktivlari, jumladan, cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan superkarlar – Lamborghini Huracan Sterrato, Aston Martin Vantage V12 va Range Rover Sport SV, shuningdek, BMW M2 va Porsche 911 GT3 RS avtomobillari, Hunton XRS37 motorli qayig‘ini musodara qilgan.