Qashqadaryo gazetasi Olam Noyob xotira qobiliyatiga ega bola
Olam

Noyob xotira qobiliyatiga ega bola

Olimlar 16 yoshli o‘smir fenomenal avtobiografik xotiraga egaligini aniqladi. U o‘z hayotidagi voqealarni odamlarning 99,9 foizidan ko‘ra batafsilroq eslab qolgan. Bunday qobiliyatli insonlar dunyoda 100 kishidan kam ekanligi taxmin qilinadi. Tadqiqot natijalari Cortex ilmiy jurnalida chop etilgan.

Gap yuqori darajada rivojlangan avtobiografik xotira deb ataluvchi noyob qobiliyat haqida bormoqda. Nomi ismi-sharifining bosh harflari (KCL) bilan ifodalangan o‘smirning aytishicha, o‘tgan hayotidagi kunlarning taxminan yarmini mayda tafsilotlarigacha eslaydi. Ayrim xotiralari esa hatto uch oylik bo‘lgan davriga borib taqaladi. Undagi xotiralar hid yoki tanish qo‘shiq kabi hissiy «ishoralar» ta’sirida beixtiyor jonlanadi.

Eng qizig‘i, bu holat uning umumiy aqliy qobiliyati favqulodda yuqori ekanini anglatmaydi. O‘smirning diqqat, ishchi xotira va ijro funksiyalariga oid test natijalari aksariyat odamlardagi kabi oddiy ko‘rsatkichlarni namoyon qilgan. Rivojlangan avtobiografik xotiraga ega bo‘lgan boshqa insonlarda ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Uning asosiy farqi miyaning «quvvati»da emas, balki xotiradan foydalanish usulidadir: KCL xotirani ishga tushiradigan muayyan «kalitlar»ga nisbatan yuqori sezgirlikka ega.

Shunga qaramay, bunday kamyob holatlar inson miyasida xotira qanday ishlashini o‘rganishda qimmatli «tabiiy tajriba» vazifasini bajaradi.

Avtobiografik xotira – insonning o‘z hayotida sodir bo‘lgan, muayyan vaqt va joy bilan bog‘liq voqealarni eslab qolish qobiliyatidir. Odatda odamlar hayotidagi faqat ayrim yorqin voqealarni yaxshi eslab qoladi, kundalik va oddiy voqealar esa vaqt o‘tishi bilan xotiradan o‘chib ketadi.

Exit mobile version