Qashqadaryo gazetasi Jamiyat “Obodonlashtirish va tozalik kuni” belgilandi
Jamiyat

“Obodonlashtirish va tozalik kuni” belgilandi

Obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish, sanitariya-ekologik holatni yaxshilash hamda aholi o‘rtasida turmush estetikasi, tozalik, orastalik va bunyodkorlik madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida viloyat hokimining joriy yil 27–iyuldagi tegishli farmoyishi bilan har oyning ikkinchi va to‘rtinchi shanba kunlari hududda «Obodonlashtirish va tozalik kuni» etib belgilandi.

Hujjatda ko‘rsatma qilinganidek, «Obodonlashtirish va tozalik kuni» doirasida ichki ko‘chalar, piyodalar yo‘laklari, ochiq maydonlar, ariq va zovurlar, yomg‘ir suvi tarmoqlari, bolalar va sport maydonchalari, istirohat bog‘lari, qabristonlar, bozorlar, shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga tutash hududlarni tozalash;

mahalla binolari, ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalari, madaniyat va sport obyektlari, ko‘p kvartirali uylar hamda tashkilotlarga biriktirilgan hududlarni tartibga keltirish;

qurib qolgan va xavf tug‘dirayotgan shox-shabbalarni, begona o‘tlarni hamda noqonuniy tashlangan chiqindilarni bartaraf etish, daraxt va butalarga agrotexnika talablari asosida shakl berish, mavjud yashil maydonlarni parvarishlash;

noqonuniy o‘rnatilgan reklama vositalari, tartibsiz joylashtirilgan qurilish materiallari, yaroqsiz buyumlar va hududning tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan boshqa holatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etish ishlari ustuvor tartibda amalga oshiriladi. 

Buning uchun tuman (shahar)lar hokimlari hududiy ishchi guruhlarini tuzib, har bir mahalla, ko‘cha va obyekt kesimida obodonlashtiriladigan manzillar, bajariladigan ishlar hajmi, zarur maxsus texnikalar, mas’ul xizmatlar hamda    chiqindi olib chiqish yo‘nalishlarini qamrab olgan manzilli dasturlarni ishlab chiqadi.

 Har bir hududni tegishli obodonlashtirish, sanitariya tozalash, yo‘l, irrigatsiya va boshqa maxsus xizmatlarga biriktirib, ishlarni sifatli hamda belgilangan muddatlarda bajarish uchun mas’ullarni belgilaydi.

«Obodonlashtirish va tozalik kuni» tadbirlari uchun maxsus texnika, transport vositalari, chiqindi konteynerlari va ishchi brigadalarni oldindan belgilangan manzillarga safarbar qilib, yig‘ilgan qattiq maishiy va boshqa chiqindilarni belgilanmagan joylarda qoldirmasdan, o‘sha kunning o‘zida, istisno hollarda esa keyingi kun soat 10:00 ga qadar poligonlarga olib chiqib ketilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasining viloyat boshqarmasi va tuman (shahar) bo‘limlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tozalik, obodonchilik hamda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni muntazam targ‘ib qilish;

odamlarning hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya holatini yaxshilash ishlaridagi faol ishtirokini kengaytirish;

kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uy-joylari va ularga tutash hududlarni tartibga keltirish bo‘yicha manzilli ko‘mak choralarini ko‘rish topshirilgan.

Eng muhimi, fuqarolarning obodonlashtirish ishlaridagi ishtiroki ixtiyoriylik, tashabbuskorlik va mahalla taqdiri uchun daxldorlik tamoyillari asosida tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan.

Tashkilotlar esa o‘zlariga tegishli va biriktirilgan hududlarni, asosan, xo‘jalik hamda xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linmalari kuchi bilan mehnat qonunchiligi, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga rioya etgan holda obodonlashtiradi;

avtomobil yo‘llari, transport harakati tig‘iz ko‘chalar, suv obyektlari va qirg‘oqbo‘yi hududlar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, elektr, gaz hamda boshqa xavfli obyektlardagi ishlar faqat tegishli maxsus tashkilotlar tomonidan bajariladi.

Farmoyishda belgilangan ishlar ijrosini samarali tashkil qilish uchun tuman (shahar) hokimlari, viloyat boshqarmalari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan mas’ul ekanligi alohida qayd etilgan.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version