Saralangan satrlar
“Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda ulton bo‘l” degan maqol bor. “Ulton”ni bilasiz, oyoq kiyimning tag qismi, chetdagi sultonlikdan o‘z elingdagi ultonlik – oddiygina odam bo‘lish afzalroq, degan donolar. Chunki chetdayam yotqizib non berib qo‘ymaydi. Toshu tarozisiga chidagan, xorligu xo‘rlikni bo‘yniga olgan kishigina cho‘ntagini qappaytirish imkoniga ega.
Aslida-ku, rizqni chetdan topishning ko‘p yomon joyi yo‘q. Faqat o‘sha davlat qonun-qoidalari, tilini puxta o‘rganib, keyin borganga nima yetsin. Bizda ko‘pincha ish izlab chetga chiqayotganlar noqonuniy migrant sifatida boradi. Tabiiyki, borgan joyida yashirinib ishlashga, formali kishilarni ko‘rsa, to‘rt ko‘cha naridan o‘tishga majbur bo‘ladi. Yashash sharoitlari, yeb-ichish ham bir navi. Uyga jo‘natgan puliniyam juda mo‘may deb bo‘lmaydi: harna, yo‘qdan ko‘ra…
Til o‘rganib, yo‘l-ko‘chani bilib ketganlar esa odamday ishlaydi, odamday yashaydi, uyga jo‘natgan pulga biror kamini bitkazsa bo‘ladi.
E’tibor bergandirsiz, ayni shu yo‘l: qonuniy migratsiya orqali xorijda ish beruvchi tashkilotlar ko‘paygan. Qo‘lida hunari bor, biror tilni so‘zlashuv darajasida biladigan kishi kam-ko‘stini butlashga yaraydigan daromad topib kelishi mumkin.
Gastarbayterlar mavzusida bir-ikki kino ishlangan, ammo badiiy adabiyotda asarlar u qadar ko‘p emas. Ular orasida Zulfiya Qurolboy qizining “Mashaqqatlar girdobi” romani alohida ajralib turadi. “Birgina aybi – yonidagi hujjatini yo‘qotib qo‘ygani uchun o‘zga yurtda g‘aroyib uqubatlarni boshidan kechirgan yigitning sevgi qissasi” degan bitik ilova qilingan romanda xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz taqdiri, kechmishlari haqida so‘z boradi.
Zulfiya Qurolboy qizi hozirgi o‘zbek nasri taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan ijodkorlardan biri. “Turmush”, “Yovuzlik farishtasi”, “O‘lim hech narsa emas” hikoyalar to‘plamlari hamda “Armon asirasi”, “Mashaqqatlar girdobi” romanlari muallifi. Asarlari rus, koreys tillariga tarjima qilingan. Ular asosida “Chaqmoq chaqqan tunda”, “Yozsiz yil”, “Dilor, Dilor, dil va or” badiiy filmlari, “Fidoyilar” seriali suratga olingan.
***
Insonning yashovchanligi uning ko‘nikuvchanligida, tez moslasha olishiga ham bog‘liq.
***
Shunday to‘polon-janjal yuz bergan kezlarda men bu odamlarni tushunmay qolardim. Axir, shippakning bexosdan turtib yuborilgani mushtlashuvga arzimaydi-da! “Bu o‘ta janjalkash va ichi tor kimsalar, – derdim ichimda o‘zimcha mulohaza yuritarkanman. – Ularning o‘rnida men bo‘lganimda sira ham bunday qilmasdim!” Ularning favqulodda jizzaki, urishqoq bo‘lib qolishlarining sababini ko‘p narsalarni tushunmasliklarida, chuqur fikr yuritmasliklarida deb bilardim. Nega deganda, bularning deyarli barchasi chala-chulpa olingan o‘rta ma’lumot bilan cheklangan, diplom taklif qilingan taqdirda ham uni keraksiz matoh, deb hisoblab rad qiluvchi, har jihatdan o‘rtamiyona kishilar bo‘lib, azbaroyi tirikchilik tufayli issiq ko‘rpasini tark etgan darbadarlar edi.
* * *
Men o‘zimni bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan mahbusdek his etardim. To‘g‘ri-da, bu yerning qamoqxonadan nima farqi bor? Hatto qamoqxonadan ham beshbattar. Beshbattarligi shundaki, bu yerdagi hayot qamoqxonadagiga ham o‘xshab, ham o‘xshamaydigan, alohida qonun-qoidalari mavjud bo‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘ldan adashganlar tiriklayin ko‘milgan tirik odamlar qabristoni edi.
“Mana, qanoat qilmaslikning oqibati! – derdim yuragim qon bo‘lgancha adadsiz o‘y-xayollardan boshim g‘ovlab, yo‘lak bo‘ylab borib-kelarkanman. – Mana, nihoyasiga yetay deb qolgan ilmiy ishni tashlab, hovliqqancha yetib kelgan manzilim! Meni ilmning uvoli tutdi!..”
* * *
Bu yerdagilarning nazarida ohak pishirish eng oson ishdek tuyuladi. Lekin bilmagan odam uchun bit o‘ldirish ham qiyin, deganlaridek, eng oson ishning ham o‘ziga yarasha zahmatlari bor edi. Biz to‘rt kishi bo‘lib, maxsus o‘choqlardagi maxsus idishlarni ohaktoshlar bilan to‘ldirib tagiga olov yoqardik. Ba’zida katta-katta bo‘laklardan iborat ohaktoshlarni urib maydalashga to‘g‘ri kelardi.
Kun davomida olov yonida turganim bilan havo sovuq, yer zax bo‘lganidan oyoqlarim muzlab, barmoqlarim tarashadek qotib bukilmaydigan bo‘lib qolgandi.
* * *
O‘ngga qarasangiz ham, chapga yoki to‘g‘riga, hatto orqaga qarasangiz ham o‘rmon, qisqasi, oyog‘ingiz tegib turgan qorli maydon chegarasidan o‘tganingizdan keyin sizni nima kutib turibdi, qayoqqa yurishingiz kerak, birorta qishloq yoki stansiyaga olib boradigan yo‘l bormi-yo‘qmi, bari-bari noma’lum va sirli bo‘lgan, nafaqat bulutli kunlar, balki bepoyon, oppoq qor sathida quyosh yarqirab nur sochgan paytlar yanada begona, sirli ko‘rinadigan maskan… Ko‘zlaring yoshlangancha tikilib turarkansan beixtiyor: “Qani endi qushga aylanib qolsamu, har lahzada qadri bilinayotgan qadrdon yurt tomon uchib ketsam!” degan o‘y yurakni, nafaqat yurakni, balki butun vujudni junbishga keltiradi.
* * *
Shu yoshga dovur o‘limga bu qadar yaqin kelmagandim. Shuning uchunmi, kutilmagan hol ruhiyatimga favqulodda yomon ta’sir qildi. Dard chekib, azobdan qiynalib yotganida uning pajmurda yuziga qarashga asablarim dosh bergandi. Ammo… joni uzilgandan keyin endi bu dunyoga tegishli emasligini bildirganday, haddan tashqari ko‘karib ketgan yuziga qarashga jur’atim yetmadi.
* * *
Biz haqiqatan ham mahbus bo‘lib mahbus emas, ishchi bo‘lib ishchi emasmiz. Ishchi bo‘lsak, mahbusdek tutqunlikda yashamasligimiz lozim. Mahbus bo‘lsak, bizga ish haqi to‘lanmasligi kerak. Kim bilsin, kontoradagilar ehtimol bizni ikkala “unvon”dan ham pastroq nom bilan ro‘yxatga tirkab qo‘yishgandir? Umuman, ro‘yxatda bormizmi?!
***
Alam qiladigani shundaki, bu yerda insonga inson sifatida emas, ishchi kuchi sifatida qaralishi, yaroqsiz bo‘lib qolgandan keyin bir marta ishlatiladigan idish sifatida tashlab yuborilishi!.. Axir Tangri insonga koinot gultoji sifatida qaragan, shuning uchun ham insonni barcha boshqa tirik mavjudotlardan mukammal qilib yaratgan emasmi?
***
Bu yerlarda qor tez-tez va mo‘l-ko‘l yog‘ardi. Tumanli kunlar ko‘p bo‘lardi. Izg‘irin, bo‘ron… Sovuq kamida qirq besh-ellik daraja… Bunday ayovsiz qishni tushimda ham ko‘rmagandim. Barakdagilar yoppasiga shamollay boshladilar. Tunni o‘tkazish azob edi. Kimdir quv-quv yo‘talgan, kimdir isitmadan alahlagan… Barak – kimsasiz orolga tushib qolib, hayotdan uzilgan, qarovsiz va tashlandiq kema misoli edi. Vaqt o‘z mohiyatini yo‘qotgandi…
* * *
O‘tgan yili men kelmasdan avvalroq odamlarimiz tutday to‘kilgan ekan. Sovuq-da. Tilsiz yov bu! Bizni hech kim bu yerga chaqirmagan ishlash uchun. Shuning uchun tilimiz qisiq! Aslida ularning bizga pul to‘lamaslikka ham haqlari bor. Qonunan olib qaraganda!
* * *
Eng yomon o‘lim ochlikdan tirishib o‘lish ekan. O‘limni kutib yashash esa undan ham og‘ir ekan.
* * *
Har birining zilday og‘ir o‘tmishi bo‘lgan bu odamlar ham allaqanday jinoyatchilar emas, tirikchilik tufayli yo‘ldan adashgan kimsalar ekanligi peshonalariga urilgan tamg‘adek yuz-ko‘zlarida yaqqol aks etgan – bu, ayniqsa, ularning ish desa o‘zlarini tomdan tashlashga tayyor ekanliklaridan, qo‘shimcha daromad evaziga jonlarini jabborga berib ikki-uch smenalab ishlashlaridan ham kunday ravshan; muammo – bu odamlar ustidan hukm yurgizish huquqiga ega bo‘lgan anovi “noyob” shaxslarning kim ekanliklarida, ish yuritishning bunday, ya’ni ta’bir joiz bo‘lsa, iblisona sistemasini qanday o‘ylab topganlarida!
* * *
Ayollar yangi hayotga tez ko‘nikadilar va hech jirkanmay, unga qarshi ruhga isyon ko‘tarmay, bundan hech qanday qo‘rqinchli narsa ham kutmasdan, o‘zlarining yangi taqdiriga peshvoz chiqaveradilar, shekilli. Ular pullarini yoki biror qimmatbaho taqinchog‘ini o‘g‘irlatib yoki yo‘qotib qo‘yishgandagina qattiq qo‘rqib ketsalar kerak.
* * *
Erkaklar tomonidan ulug‘lanib, ko‘klarga ko‘tariladigan yoqimli soddalik ko‘p hollarda muhtarama zaifalarimizni xavf-xatardan saqlab qolgan…
* * *
Menga qadrdon manzillardan o‘tib kelayotgan quyosh naq tepamizda turib olib kumushrang nurlarini mo‘l-ko‘l sochardi, ammo o‘lay agar, zarracha ham tafti yo‘q edi. Ha, bu yerning o‘zi bir olam. Nafaqat tartib-qoidalari, balki bu yerning quyoshi ham, oyi ham o‘zgacha. Charaqlab turadi-yu, tafti yo‘q. Bu yerda inson qanchalar tubanlashuvi, o‘zligini yo‘qotishi, botiniy dunyosidagi eng oliy tuyg‘ularini ham hech ikkilanmasdan halok etib yuborishga qodir. Shu bilan bir vaqtda butunlay buning aksi yuz berishi ham mumkin. Zotan, kulfat ham o‘ziga xos narsa. Kulfat tufayli hayotni chuqurroq his etadigan bo‘lib qolasan…
***
Odamzod o‘zini o‘zi xarob qilish vasvasasiga tushib qolganday tuyuladi menga. Go‘yo ko‘p pul topsa hayoti butunlay o‘zgarib ketadiganday. Aslida hayotni do‘zaxga aylantirib yuborganini ancha kech anglaydi…
* * *
Odamzod bor ekan va u odamligicha qolar ekan, nafs yo‘lida har qanday ishni amalga oshirishning iloji topilarkan.
* * *
O‘zimni har qachongidan kuchli va baxtiyor his etardim. Axir, bir yoqda do‘sting, bir yoqda suyukliging hamdam bo‘lsa, g‘am-tashvishing ham o‘tkinchi shamoldek tuyular ekan.
* * *
Qiziq, yer yuzida insoniyat paydo bo‘libdiki, soxtalik va xudbinlik, ochko‘zlik va shafqatsizlikka qarshi kurashib kelmoqda. Ammo oqibati nima bo‘ldi? Korchalonlik, sotqinlik, xuddi o‘ziga o‘xshash tabiat gultoji bo‘lgan insonlar taqdiriga e’tiborsizlik va yolg‘on tantana qilmadimi?!
Har ne bo‘lganda ham, xom sut emgan bandalarmiz-da…
BEKZOD tayyorladi.