Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat «OH, VIDOI OILA, VATANDAN CHIQMOQ…»
Ma’naviyat

«OH, VIDOI OILA, VATANDAN CHIQMOQ…»

Saralangan satrlar

Viloyatimiz tarixida o‘rganilmagan sahifalar ko‘p, yechim kutayotgan masalalar esa undan-da benihoya. Turkiston jadidlari ma’naviy rahnamosi sanalmish Mahmudxo‘ja Behbudiyning so‘nggi kunlarini olaylik. Ma’lumki, ma’rifatparvar alloma 1919–yilda Qarshi shahrida qo‘lga olingan va qatl qilingan. Xo‘sh, jismoniy mahv etish sabablari nima, Behbudiy qayerga dafn qilingan?

Yuz yildirki, tarix bilimdonlari, ziyolilar mazkur savolga javob topa olishgani yo‘q. Ayni masalada ko‘plab maqolalar e’lon qilingan, ammo ular orasida tarixchi va adib Poyon Ravshanovning “Behbudiy haqiqati” kitobi alohida o‘rin tutadi. Bu kitobni diqqat bilan o‘qigan kishi Behbudiy haqida atroflicha bilimga ega bo‘lishi barobarida, qatl sabablari va qabr o‘rni haqida ham tasavvurlarga ega bo‘ladi.

Yuz yildan beri yechim topmayotgan masalaga ochqich kalit shu kitobda bor, desak ishonavering. Quyidagi saralagan lavhalarimiz ham shu risoladan.

*  *  *

Yaxshi bilardimki, Behbudiy Qarshida o‘ldirilgan, ammo kimlar tomonidan – bu savol 1920-yildan beri mujmal va ochiq qolib kelayotgan edi. Yana xabardor edimki, ulug‘ adibning qabri yo‘q, u tekislab yuborilgan. Lekin ko‘nglimda bunga mudom shubha bo‘lgan. Bu shubhaning asosi – Behbudiy hazratlarining nomi Qarshi shahriga berilgan va viloyat markazi o‘n yildan ortiq Behbudiy shahri deb atalgan. Qabri noma’lum siymo bu qadar arzitilmasa kerak, degan andisha o‘yimda mudroq edi. Buning yana bir sababi ham bor edi. O‘tgan asrning 60-yillari ikkinchi yarmida hali Qarshi kichkina, aholisi 50 mingga ham yetar-yetmas shahar edi. Ko‘pchilik bir-birini tanirdi. Gurunglarda noxos “Behbudiy qabri Eshoni shahidda”, degan gaplar bo‘lardi. “Faloncha Behbudiy qabri oldida komsomolga kirishda qasamyod qilgan”, degan gap-so‘zlar aytilardi. Bu gaplarga na tarixchilar va na adabiyotchilar aslo e’tibor bermaganiga juda achinaman.

*  *  *

Qabriston – Eshoni shahid nomi bilan ataladigan mozorot Qarshining kun chiqish tomonida, eski Tutak darvoza yaqinida joylashgan. Bu yer XVIII asrning birinchi yarmi oxirida, Eron shahzodasi Rizoqulibekning Qarshiga bostirib kelishi, Ko‘kgumbaz masjidi imom-xatibi Abdullatif an-Nasafiyning yovga qarshi kurashda o‘ldirilishi – shahid etilishi bilan qo‘yindi joyga aylangan. Shunchalik katta qirg‘in bo‘lganki, jasadlarni hatto yaqin qabristonlarga olib borish imkonsiz bo‘lgan. Tutak darvozaning shunday yonginasida, taxminan 250 qadamlar sharqroqda Eshoni shahidni dafn etganlar. Qabr tegrasida esa Qarshi himoyachilarining ming-minglab jasadlari ko‘milgan.

*  *  *

Mahmudxo‘ja Behbudiyning uch o‘g‘li va bir qizi bor edi. To‘ng‘ich farzandi Mas’udxo‘ja (1897-1953) gimnaziyada saboq olib, rus tili mutaxassisi bo‘lib yetishgan. Keyingi o‘g‘li Maqsudxon erta olamdan o‘tgan, Matlubxon Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan. Qizlari Parvin (Surayyo) 1984-yilda 82 yoshida vafot etgan. Taraqqiyparvar, alloma bobomizning evaralari, chevaralari hozirda ham Toshkent va Dushanbeda umrguzaronlik qiladilar. Ular orasidan ilm kishilari, tijoratchilar, turli kasb egalari yetishib chiqqan.

*  *  *

“Oh, vidoi oila, Vatandan chiqmoq…” Bundan bir asr avval aytilgan bu so‘zlar hozirgina irod qilingandek, qulog‘imda emas, yuragimda jaranglaganday, titrab ketdim. O‘ylab qoldim, alloma qalb nidosini ifoda etgan shu onlardan tag‘in besh yil o‘tib, 1919-yilning 25-martida yana shu sehrli, mahzun kalimalarni aytib, yo‘lga chiqqanmikan? 1914-yilgi ajnabiy safaridan qaytish muqarrar edi. Biroq buyuk insonning uyidan, oilasidan, Vatanidan ayrilgisi yo‘q edi. 1919-yilgi safar oldidan Mahmudxo‘ja hazratlarining ruhiyasini tasavvur qilish og‘ir, juda og‘ir…

*  *  *

Mahmudxo‘jalarni davr yetishtirdi. Bosqin tufayli aloqalarning kengaygani, Ovrupo mamlakatlarini ko‘rish, taqqoslash, maorifda orqada qolib ketishni anglash, iqtisodiyot va boshqaruvdagi ibtidoiylik mezoni amal qilib kelayotgani hayotiy savollarni o‘rtaga qo‘ydi va yechim izlashga imkon berdi. Jadidlik harakati asta-sekin nishlay boshladi.

*  *  *

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Turkiston viloyati gazeti”da 1911-yil 29-sentyabrda (73-son) bosilgan “Munozara” haqida” sarlavhali maqolasi Buxoro taxtiga o‘tirganiga bir yil bo‘layotgan amir Olimxonni ancha junbishga keltirganini taxmin qilish mumkin. Maqolada “Usuli jadid” maktablari foydali ekanligi to‘g‘risida gap borgan. Mahmudxo‘ja unga munosabat bildirib, “Inshoollo, bu risola buxoriylarni uyg‘onmoqig‘a bois bo‘lib, “Munozara” muharririni rahmat ila yod etarlar… Buxoroda tilgirof, po‘chta, temir yo‘li, bonk va mol… va optek yo‘qtur”, deydi.

*  *  *

Mahmudxo‘ja Behbudiy garchi Buxoro amirligiga tobe’ fuqaro bo‘lmasa-da, amirlikdagi ijtimoiy holatni yaxshi bilardi. Qachonlardan buyon bo‘linib qolgan Turkiston uning qalb og‘rig‘i edi. Ruslar qo‘liga o‘tgan Samarqand yangi usul maktablari ochish va yo‘lga qo‘yishda taraqqiyparvar allomani qoniqtirgan. Ammo Buxoro Samarqandni idora qilib turgan Nikolay hukumatiga vassal bo‘lsa-da, yangi usul maktablari ochish, rus tilini o‘rganish bo‘yicha hech bir ish qilmayotganiga u chidab turolmaydi.

*  *  *

Mahmudxo‘ja Hind xalqining yo‘lboshchisi Gandi singari muxtoriyat ishlarini, ya’ni hurriyatni tinch, sulh yo‘li bilan hal qilishni yoqlagan edi. U “muhoraba va muqotala” – jangu jadalni, qirg‘inni muxtoriyat siyosatiga yot deb biladi.

*  *  *

Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi, Samarqand, Toshkent va Farg‘onada bolsheviklar o‘ziga to‘q, boyu badavlat kishilarni talagani, otgani, hamiyatli kishilarning qochib Buxorodan panoh topganligi, millat sha’ni deb kamarbasta bo‘lganlar rahnamosi Behbudiy hazratlarini yangi bir yo‘l, chora topishga undamasligi ilojdan xoli edi. Vaziyatni to‘g‘rilash uchun Samarqanddan Toshkentga boradi. Sovet idoralarida bo‘ladi, rahbarlar bilan so‘zlashadi.

*  *  *

Shahrisabz bekligida Sayyid Amir Olimxonga amaki, Sayyid Amir Muzaffarning o‘g‘illaridan bo‘lgan Mir Akromxon to‘ra (xalq tili bilan “To‘ram badavlat”) hokimlik qilar edi. U bir vaqtning o‘zida G‘uzor to‘rasi ham edi. F.Kolesov xurujidan keyin “Yosh shahrisabzliklar”ni, ularga xayrixoh bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p kishilarni qatl ettirib, molu mulkini devoniy qilganligi sabab Shahrisabz elining norozilik isyoni ko‘tarilgan. “To‘ram badavlat” deb odamlar zaharxanda bilan laqablagan bu bek o‘zi bilan olib kelgan 11 umarosiga Shahrisabzni qirg‘in va talon qilishda katta yo‘l ochib bergan. Isyondan cho‘chib qolgan Buxoro tezlikda zolim va mechkay o‘n bir amaldorni shahardan chiqarib, zulm o‘choqlariga suv sepgan bo‘ladi.

*  *  *

Halim Sayidning aniqlashicha, Behbudiyning “g‘oyib bo‘lishi” haqida dastlabki xabar voqeadan bir oy o‘tar-o‘tmas, ya’ni 1919-yilning 23-aprelida “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida bosilib chiqqan. So‘ng u “Ishtirokiyun”ga ko‘chirib bosilgan. Maqola muallifi Hoji Muin bo‘lib, u xalq orasida tarqagan mish-mishlarni yig‘adi va ularning tagiga yetishga urinmayotgan yoshlardan zorlanadi. Unda keltirilishicha, shu yil mart oyining oxirlarida samarqandlik 4 kishi (Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mardonqul Shohmuhammadzoda, Muhammadqul O‘roqboy o‘g‘li va turk muallimi Naim afandi) “Moskvaga yoki bir yerga bormoq qasdi ila yo‘lg‘a chiqqanlar”, “ot bilan Buxoro tuprog‘idan o‘tayotganlarida Qarshi shahrida qo‘lga olinganlar, ayrim ma’lumotlarga qaraganda, vahshiyona o‘ldirilganlar. Chamasi, bu mish-mishlar yana ko‘payib bordi va ushbu “Mehnatkashlar tovushi” 1919-yil 30-noyabr sonida Istanbulda o‘qiyotgan samarqandlik Temurxon degan kishining ma’lumotlarini va unga Hoji Muin sharhini e’lon qiladi.

*  *  *

Taraqqiyparvar, millatni ozod ko‘rishni, yurtining mustaqilligini butun vujudi bilan xohlagan, Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan va 72 kun yashagan kunlarda Mahmudxo‘ja Behbudiy Qo‘qonda bo‘lib, g‘oyaviy ishlarga yetakchilik qilib turgan edi. Qo‘qon sovetlar tomonidan to‘plarga tutilib, pulemyotlardan qirg‘in etilganda, uning muxtoriyat rahbariyati tarkibiga kirmaganligi (xolisligi), ehtimol, o‘limdan saqlab qolgandir. Muxtoriyat rahbari Zaki Validiy qochib qutulgan, rahbarlardan ko‘pchiligi o‘ldirilgan edi.

Behbudiyni sovetlar muxtoriyatga bog‘lab, qatl etish uchun uning “Hurriyat” gazetasi 1918-yil 26-yanvarda bosilgan maqolasidagi quyidagi so‘zlar to‘lig‘icha kifoya qilgan bo‘lur edi:

“Muxtoriyat-da olinur, lekin berilmas. Ya’ni muxtoriyatni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib, g‘ayrat ila olurlar. Albatta, boshqalar tarafidan berilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa, bermaslar…”

*  *  *

Sho‘rolar hukumati amir qo‘li bilan millatning fidoyi farzandini qatl qildi. So‘ng esa, yoshlar yonida turib, Behbudiyga ko‘z yosh to‘kdi. Va o‘z maqsadiga erishdi. Birinchidan, amir va uning saltanatiga yoshlarda g‘azab, nafrat uyg‘otishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchidan, Sho‘rolar hukumati o‘zining aqlli, jasur va g‘oyat e’tiborli dushmanidan qutuldi.

*  *  *

Behbudiyning amirlik hududida tutilishida sotqinlik qo‘li borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Utkin emas, Miller bo‘lsa-chi? Behbudiyning bosgan qadami kuzatilganligi, uning Qashqadaryoga qadam qo‘yishi bilan hibsga olinishi sovetlarning amirlikka qilgan chaquvi, xoinona ma’lumot berishi bilan bog‘liq emasmikan? Begali Qosimov vaqtida juda to‘g‘ri bir gapni aytgan ekan: “Behbudiyning sog‘ligi va tirikchiligi bilan bog‘liq muammolardan tashqari ham jiddiy gaplar bo‘lishi kerak”. Mana, sizga jiddiy gapning o‘ta jiddiyi! Behbudiy hazratlari atrofidagi xavfli siyosiy o‘yin doirasi kengayib, sovetlarni ogohsiz qoldirdim, degan o‘ylar aksi o‘laroq, GPU ning hamisha hoziru nozir sharpasi allomani har soniyada ta’qibda ushlagan va Buxoroni, Arkni “beminnat” xabar bilan siylagan.

*  *  *

Sovetlar Behbudiy qatlini bir yarim yilga yaqin kutdi. Amirlik bosiqlik bilan bu haqda jimlik siyosatiga og‘ishmay amal qildi. Behbudiyni zindon emas, sobiq jadid – 1918-yilda o‘ldirib yuborilgan jadid Sharif Qozijonning musodara etilgan, Qarshi qal’asi ichidagi Ko‘hna Chorsu 21-uyda hamrohlari bilan qattiq nazoratda saqladi.

Urushga bahona izlagan sovetlar Behbudiy qatli, ular kutganidek, amalga oshmagach, 1920-yil sentyabri boshida Buxoroga urushni e’lon qilmasdan boshlab yuborishdi. Endi ularga Behbudiyning keragi qolmagan edi. Shu boisdan Qarshi qo‘lga kiritilgan 1920-yilning 28-avgustidan 7-sentyabrga qadar hali hayot bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyni qutqarish xayolga ham kelmaydi.

*  *  *

Behbudiy sog‘inchi, buyuk taraqqiyparvar Insonning o‘rni mana bir asrdirki, yaqqol bilinib turadi. Xalqini degan, unga yaxshilik istagan, bu yo‘lda hukmronlarni ham insofga chaqirgan, ozodlikning haq yo‘lida mustahkam turgan, bu yo‘lda jonini nisor qilgan farzandini el mutlaqo unutmaydi. Uning sharafli ismi asrlardan asrlarga o‘tib, millati qalbida yashashda davom etadi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version