Qashqadaryo gazetasi Dolzarb OLIS MAHALLALAR HAM BARQAROR TARAQQIYOT JARAYONINING FAOL ISHTIROKCHISIGA AYLANMOQDA
Dolzarb Jarayon

OLIS MAHALLALAR HAM BARQAROR TARAQQIYOT JARAYONINING FAOL ISHTIROKCHISIGA AYLANMOQDA

Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Tog‘li hududlar tabiatining betakror manzaralaridan bahra olish hammaga yoqadi. Ana shunday manzillarda, o‘ziga xos turmush tarzi va mehnat an’analariga ega samimiy insonlar orasida yashashning ham o‘z gashti bor: shahar shovqinlaridan yiroq, toza havo, zilol suv…

Biroq, tan olish kerak, tog‘lik aholi uchun kundalik hayot ehtiyojlari, kommunikatsiya, yo‘l-transport imkoniyatlari, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, bandlik va barqaror daromad manbalari bilan bog‘liq masalalar uzoq yillar dolzarb bo‘lib keldi. Eng muhimi, keyingi yillarda ana shu jihat e’tiborga olinib, tog‘liklar hayotiga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirishga bo‘lgan harakat kuchaydi: eng chekka hududlarda ham zamonaviy maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, yo‘llar, elektr va suv tarmoqlari qurildi, zamonaviy sayyohlik va dam olish maskanlari ochildi, mahalliy aholi tadbirkorlikka ilhomlantirilishi natijasida mavjud imkoniyatlar ishga solinib, bandlik ko‘rsatkichlari oshdi, barqaror daromad manbalari ko‘paydi.

Sir emas, taraqqiyotning haqiqiy mezoni faqat markazlardagi o‘zgarishlar bilan emas, balki islohotlar Vatanning eng chekka hududlarida yashayotgan insonlarning hayotida qanday natija berayotgani bilan ham belgilanadi. Viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida turli soha mas’ullarining Kitob tumanidagi olis tog‘li aholi manzillarida olib borgan o‘rganishlari, oddiy odamlar bilan muloqoti zamirida ham ana shu nuqtai nazar mujassam.

*  *  *

Dastlabki manzil – Katlos mahallasi. Yaqinda mahalliy saxovatpesha tadbirkor Sherali Rajabov tashabbusi va homiyligi asosida bu yerdagi qariyb 10 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatayotgan 19-sonli oilaviy poliklinika binosi tubdan yangilandi. Tibbiyot muassasasining zarur jihozlar bilan ta’minlangani, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish uchun imkoniyatlarning kengaygani tog‘liklar salomatligini asrash nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.

Bu yerda yana bir muhim jihat borki, jamiyat taraqqiyoti faqat davlat mablag‘lari yoki ma’muriy qarorlar bilan emas, balki jamoatchilik va tadbirkorlik tashabbuslari uyg‘unligi bilan ham ta’minlanadi. Shu ma’noda, mahallada ijtimoiy ahamiyatga ega obyektni yangidan barpo etish tashabbusini ilgari surgan tadbirkorning faoliyati ibratlidir.

Viloyat hokimi poliklinikani ko‘zdan kechirish jarayonida ta’kidlaganidek, bugun tadbirkorlik tushunchasi faqat daromad olish va ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmayapti. Ijtimoiy mas’uliyatni his qilgan tadbirkor o‘z faoliyati orqali mahallasi, hududi va yurtdoshlari hayotida ham ijobiy o‘zgarish yasashi mumkin. Bunday tashabbuslar esa jamiyatda o‘zaro mas’uliyat va hamjihatlik muhitini mustahkamlaydi.

Murotjon Azimov mahalladagi xonadonlarda ham bo‘lib, aholi bilan muloqotlarda oilaviy daromadni oshirish, tomorqadan samarali foydalanish, chorvachilik, dehqonchilik va boshqa manfaatli yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Gap aholi farovonligi faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali emas, balki insonning o‘z mehnati ortidan barqaror daromad topishi uchun sharoit yaratish bilan ta’minlanishi haqida bordi. Tog‘li hududlarda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Qilish kerak bo‘lgan ish esa mavjud salohiyatni to‘g‘ri yo‘naltirish, har bir xonadonning o‘ziga xos imkoniyatini aniqlash va uni daromad manbaiga aylantirish.

Mas’ullarga xonadonbay ishlash, aholining taklif va muammolarini bevosita o‘rganish, har bir oilaning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib yondashish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligi uqtirildi.

*  *  *

Viloyat hokimi tuman markazidan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Ko‘hsor mahallasida ham bo‘ldi. Bu manzil qanchalik olis bo‘lmasin, u yerda yashaydigan aholining ehtiyojlarini o‘rganish va muammolariga yechim topish markazda yashayotgan fuqarolarniki kabi muhim.

Bu manzilda kechgan mahalliy aholi bilan yuzma-yuz muloqotda qaysi  muammolar birinchi navbatda hal etilishi kerakligi, qanday imkoniyatlardan hali to‘liq foydalanilmayotgani bevosita ularning o‘zlari tomonidan ko‘rsatildi. E’tiborli jihati, hech kim o‘zi uchun masala qo‘ymaydi, hamma mahallasi, ko‘pchilik manfaatlari uchun qayg‘uradi. 

Tuman hokimi Rustam Gafurovning ma’lum qilishicha, mazkur mahalla xonadonlarida forel balig‘ini yetishtirish tajribasi ular uchun istiqbolli daromad manbalaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ya’niki, iqtisodiy o‘sish uchun har doim ham yirik sanoat korxonalari yoki katta investitsiya loyihalari shart emas. Ba’zan hududning tabiiy xususiyatining o‘zi katta iqtisodiy imkoniyatdir. Tog‘ suvlari, tabiiy muhit, mehnat resurslari va aholining tadbirkorlik salohiyatini bir nuqtada birlashtirish orqali shu yo‘nalishda yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalarini yaratish mumkin.

Eng muhimi, bu jarayon xonadonlarning iqtisodiy faolligini oshiradi. Bir oilaning daromadi ko‘paysa, bu mahalla hayotiga, mahalla iqtisodiyoti rivojlansa, butun hudud farovonligiga ta’sir qiladi. Shu jihatdan, tog‘li aholi manzillarida forel balig‘i yetishtirish kabi tajribalarni kengaytirish, mahsulotni qayta ishlash, saqlash va sotish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali to‘laqonli iqtisodiy zanjir yaratish imkoniyati mavjud.

*  *  *

Kitobning tog‘li aholi manzillariga ishchi safar davomida umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas. Chunki hududning ertangi kuni bugun maktablarda ta’lim olayotgan yoshlarning bilim va salohiyatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, olis tog‘li hududlarda ham ta’lim sifatini ta’minlash, o‘quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish – bu strategik vazifasidir. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport, qo‘shimcha ta’lim va foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish esa ularning ijtimoiy faolligini oshirish bilan birga, mahallada sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Umuman, Kitob tumanining tog‘li hududlaridagi mahallalarda olib borilgan o‘rganishlar davomida zamonaviy poliklinika misolida aholi salomatligini ta’minlash, tomorqa misolida barqaror daromad manbalarini ochish, sifatli ta’lim misolida yoshlar kelajagiga e’tibor, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash misolida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bilan bevosita muloqot asnosida muammolarni o‘z vaqtida hal etish masalalari kun tartibida bo‘ldi.  

*  *  *

Keyingi yillarda tog‘liklar hayotiga kirib borgan o‘zgarishlar ular yashayotgan manzillarni faqat infratuzilmasi murakkab, markazdan uzoq hudud sifatida emas, balki katta iqtisodiy, turistik, agrar va mehnat salohiyatiga ega maydon sifatida namoyon etmoqda. U yerlardagi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, tabiiy va iqtisodiy imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali eng chekka mahallalarni ham barqaror taraqqiyot jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish mumkin.

Ha, tog‘lar baland. Ammo insonning imkoniyatlari undan-da baland. Muhimi, ana shu imkoniyatlarni ko‘ra bilish, ulardan faol foydalanish va aniq natijalarga aylantirishdir. Viloyat hokimining tog‘liklar holidan xabar olib, aholini tinglagani va farovon hayotga erishish uchun birgalikda harakatga chorlagani esa ularni yangi marralar sari ilhomlantirgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.   

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version