Viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston Qahramoni, fidoyi va faxriy pedagog Muhabbat Sharapova hayot yo‘li va mehnat faoliyatiga bag‘ishlangan «Muhabbat» lirik dramasi premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Premyera
Odatda teatrlarda tilga tushgan pyesalar sahnalashtiriladi. Oramizdagi odamlar haqida spektakl qo‘yilishi kamdan-kam uchraydi. Muhabbat Sharapova shunday tashabbusga arziydigan inson.
Shu o‘rinda aytib o‘taylik: Muhabbat Sharapova 1949-yilda Shahrisabz shahrida tug‘ilgan. 1971-yili Samarqand davlat universitetini tugatib, o‘zi tahsil olgan 5-maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan. Tezda bilimdon matematik sifatida tilga tushgan.
Muallima viloyatda birinchi bo‘lib bolalar uchun matematikadan qo‘llanmalar yozdi. «Matematika bo‘yicha test savollarining yechimlari», «5-sinf uchun matematika darsiga ilova», «7-sinf uchun geometriya fanidan o‘tkaziladigan noan’anaviy dars», «Matematika chuqur o‘rgatiladigan sinflarda 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun matematikadan qo‘shimcha topshiriq materiallari» kabi o‘nlab qo‘llanma va risolalari dunyo yuzini ko‘rdi. Uning o‘quvchilari 22 marta respublika olimpiadasida, 9 marta xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lishgan.
Muallimaning xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatida jamiyatdagi faolligi ham alohida e’tiborga molik.
Muhabbat Sharapova 1991-yili «O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi» nishoni, 1996 yili «Mehnat shuhrati» ordeni, 2007-yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi», 2016-yili eng oliy e’tirof – «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
«Muhabbat» spektakli ssenariysini dramaturg Shodiya Xudoynazarova yozgan, sahnalashtiruvchi rejissor – Farhod Boynazarov. Rollarni viloyat teatrining aktyor va aktrisalari ijro etishgan.
Premyerada qatnashgan pedagog-xodimlar, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari samimiy inson va mohir pedagog haqidagi tasavvurlarini yanada boyitishdi.
B.SAYFIYEV
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
