Qashqadaryo gazetasi Jarayon “Omadi chopmagan” nomzodlar
Jarayon

“Omadi chopmagan” nomzodlar

Qashqdaryoda umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori lavozimiga da’vogarlar uchun tashkil etilgan menejerlik o‘quv kurslariga qabul qilingan jami 301 nafar tinglovchidan 174 nafari (57,8 foizi) kursni muvaffaqiyatli tamomlay olmadi

Ta’lim va islohot

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida ta’lim tizimidagi rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini o‘rganmoqda.

Bu haqda xabar bergan senat.uz saytida yozilishicha, 2025-yildan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlaridagi rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarning 5 yilda bir marta malakasini oshirish tizimi joriy qilindi. Pedagog kadrlar onlinedu.uz maxsus elektron platformasi orqali onlayn hamda an’anaviy tarzda malaka oshirishmoqda.

Ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida rahbar va pedagog xodimlarning malaka oshirish kurslariga jalb qilinishi bilan tanishdi. Jumladan, 2025-yilda Qashqadaryo viloyati pedagogik mahorat markazida 12 ming 58 nafar rahbar va pedagog xodim malaka oshirish kursida o‘qitilib, sertifikat olgan. Joriy yilning yanvar-mart oylarida 2 ming 827 nafar rahbar, pedagog va xodim malaka oshirish kursida o‘qitildi.

Viloyatda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktorlari uchun ham o‘quv  kurslari tashkil etilgan. Jalb etilgan 97 nafar direktorning 33 nafari (34 foiz) ijobiy ko‘rsatkich bilan sertifikatga ega bo‘lgan, qolgan 64 nafari (66 foiz) yakuniy sinov natijalariga ko‘ra kursni muvaffaqiyatli tamomlamagan deb topilgan.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlar uchun tashkil etilgan menejerlik o‘quv kurslariga qabul qilingan jami 301 nafar tinglovchidan 127 nafari (42,2 foizi) ijobiy natija bilan kursni tamomlagan va 174 nafari (57,8 foizi) kursni muvaffaqiyatli tamomlay olmagan.

Ishchi guruh Qarshi shahri va Shahrisabz tumanlari maktablarida bo‘lib, rahbar va pedagog xodimlar bilan suhbatlashdi, ularning malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflari bilan tanishdi.

Viloyatdagi pedagogik mahorat markazi faoliyati bilan ham tanishildi. Unda rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishidagi ishlar bugungi kundagi yangi avlod darsliklari va Milliy o‘quv dasturi talablariga qanchalik mosligi o‘rganildi.

O‘rganish yakunlari Qo‘mita hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining qo‘shma majlisida muhokama etilishi va Qo‘shma qaror qabul qilinishi ma’lum qilingan.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version