Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili tergov hibsxonasida nimalarni o‘rgandi?
Jamiyat

Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili tergov hibsxonasida nimalarni o‘rgandi?

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Qarshi shahri Shayxali qo‘rg‘onida joylashgan tergov hibsxonasida viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida «Inson qadri – aziz» mavzusida tadbir tashkil etildi.

Inson qadri – aziz

Dastlab muassasada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa holatlar ko‘zdan kechirildi.

Tergov hibsxonasi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni kunda 465 nafar mahbus saqlanyapti. Ularning 35 nafari ayol, 10 nafari voyaga yetmaganlardir.

Tadbir davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun malakali xirurg, travmatolog, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog va ginekologlar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Maxsus tibbiy anjomlar va dori-darmonlar bilan ta’minlangan shifokorlar tomonidan aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 3 nafar shaxs davolanish uchun yuborildi.

Shu bilan birga, Qarshi davlat universiteti psixolog o‘qituvchilari tomonidan fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni axborot xurujlari, ma’naviy tahdidlar va turli xil yot g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan treninglar o‘tkazilib, hayotda munosib o‘rin topishlari uchun motivatsion mashg‘ulotlar olib borildi.

Tadbir doirasida tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda sayyor qabul ham o‘tkazildi. Unda mahbuslar tergov jarayonlaridan noroziliklari va sud jarayonlarida Ombudsman mintaqaviy vakilining ishtirok etishi, shuningdek, oilasi va farzandlari ta’limiga oid savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version