Kanadada o‘qituvchi ayol aroq quyilgan qadah bilan bog‘liq voqeadan keyin vaqtincha ishdan chetlatildi. Bu haqda Vancouver Sun manbasi xabar bergan.
Vankuverdagi mahalliy o‘rta maktab o‘qituvchisi Jaklin Sheppetning uyiga ikki nafar o‘quvchi qiz bir shisha aroq bilan kelib, «bitiruvchilar chellenji»da qatnashishni taklif qilgan. Ular o‘qituvchilardan biri bilan spirtli ichimlik ichganlik uchun ball olishlarini tushuntirgan. Jaklin Sheppet rozi bo‘lib, ikki nafar yuqori sinf o‘quvchisi ishtirokida bir qadah shaffof ichimlik ichgan, voyaga yetmagan qizlardan biri, ehtimol ikkalasi ham xuddi shunday qilgan. Bo‘layotgan jarayon esa yana bir o‘quvchiga videoqo‘ng‘iroq orqali namoyish etilgan.
Ayol o‘quvchilar hali spirtli ichimlik iste’mol qilishga ruxsat etiladigan yoshga yetmagani, o‘sha vaqtda ular mast va ehtimol, shu holatda mashina boshqarishganini taxmin qilgan. Ammo shunday shubhalari bo‘lishiga qaramay, u qizlarning ota-onalariga qo‘ng‘iroq qilmaslik qaroriga kelgan va politsiyaga ham murojaat etmagan.
Ertasi kuni o‘qituvchi maktab direktoriga chellenj haqida qisqacha ma’lumot berganu, ammo o‘zi ham spirtli ichimlik ichishda qatnashganini ochiqlamagan. Keyinroq komissiya Jaklin Sheppet professional chegaralarni buzgani va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlamaganini aniqlagan. Natijada maktab okrugi uni besh kunga ishdan chetlatgan. Shuningdek, unga professional etika bo‘yicha kurs o‘tash majburiyati yuklatgan.