Qashqadaryoga oid
Yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, bunyodkor hukmdor Abdullaxon ibn Iskandarxon (1534-1598) o‘z davrida va uning vafotidan keyin muarrixlar tomonidan «sohibqiron», «ulug‘ xoqon», «Buxoro davlatining ravnaqi davri», «Turonning so‘nggi buyuk hukmdori» kabi ta’riflar bilan tavsiflab kelingan. Akademik V.V.Bartold Amir Temurni «O‘rta Osiyoning birinchi bunyodkori» degan bo‘lsa, Abdullaxonni «O‘rta Osiyoning ikkinchi bunyodkori» deb ta’riflaydi.
Abdullaxon ibn Iskandarxon 40 yillik amaldagi va rasmiy hukmronligi davrida (1557-1598-yillar) Markaziy Osiyo hududida mingdan ortiq hamda 20 dan ortiq turdagi (qo‘rg‘on, madrasa, masjid, xonaqoh, minora, maqbara, kutubxona, hammom, hovuz, ko‘prik, to‘g‘on, sardoba, karvonsaroy, rabot, chorbog‘, shifoxona, ombor, tim, toq, darvoza va hokazo) inshootlarni qurdirganki, ungacha va undan keyingi davrlarda ham Turondagi biror hukmdor bunyodkorlik sohasida bunday natijaga erisha olmagan. Hatto, o‘zidan oldin yashagan ayrim shaxslar tomonidan bunyod etilgan va buzilib ketgan ba’zi inshootlarni qayta qurgan, ta’mirlagan yoki majmuaga aylantirgan.
Xo‘sh, unda nega Shahrisabzdagi Oqsaroy vayron qilinishi Abdullaxonga nisbat beriladi? Taniqli tarixchi Akbar Zamonovning «Abdullaxon. Bunyodkor hukmdor» risolasida ayni savolga atroflicha javob beriladi.
Ma’lumki, shayboniylar temuriylardan Movarounnahr hokimiyatini tortib olgach, tarixshunosligimizda bu ikki sulola bir-biriga zid qo‘yiladigan, hatto temuriylarning o‘ziga qo‘shib, ularning moddiy va ma’naviy merosini ham shayboniylar yo‘q qilgan, degan xulosalar yaqingacha davom etib kelmoqda. «Temuriylar davrida Sharqning eng ko‘rkam shahri bo‘lgan Samarqand Abdullaxon tomonidan egallash jarayonida vayron bo‘lgan», degan noilmiy fikrlarni biror manba tasdiqlamaydi. Vaholanki, 1578-yil Samarqand egallangach, yuz yil davomida nurab ketgan inshootlarni qayta tiklash uchun Abdullaxon eng ishonchli odami bo‘lgan Qulbobo Ko‘kaldoshni bu shaharda qoldirgan. Qulbobo 1587-yilgacha, o‘n yil mobaynida shaharni qayta qurish ishlariga mas’ul bo‘lgan.
Shuningdek, xalq ichida «Shahrisabzdagi Oqsaroyni ham Abdullaxon vayron qilgan» degan g‘ayriilmiy fikr hukm surib keldi. To‘g‘ri, Abdullaxon Shahrisabzga bir necha marta yurish qilgan. 1567-yil Samarqand hokimi Abulxayr sulton (Ko‘chkunchixon avlodi) Shahrisabzni egallab oladi. Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Abulxayr sulton qal’aga kirib olgan vaqtda bir guruh navkarlari Abdullaxonga «xandaq suvidan suzib o‘tib, qal’aning burj va devorlarini yiqitamiz», deganda Abdullaxon bunga rozi bo‘lmaydi va «Umid shulki, oqibatni o‘ylamovchilar oxiri o‘z qilganlaridan pushaymon bo‘ladilar», deydi. Yana ushbu asarga ko‘ra, 1568- yil Samarqanddan kelgan shayboniyzodalar Gadoyxon, Abulxayr sulton, Xudoyberdi sulton Abdullaxon va u qo‘ygan hokim Xusrav sultonga qarshi otlanadi. Ushbu janglarda Xusrav sulton halok bo‘ladi va bir muddat Shahrisabz qo‘ldan chiqadi. 1569-yil Abdullaxon Shahrisabzni qaytarish uchun otlanadi. Hofiz Tanish bu haqda «Ul hazrat, Shahrisabz tomon yuzlandi. Qal’a atrofiga qo‘ngandan so‘ng, uning buzilgan qal’asini tuzatishga buyurdi», deb yozadi. Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilsak ham Abdullaxon buzuvchi emas, aksincha, tiklovchi, bunyodkor inson bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Oqsaroyning vayron bo‘lishi nima uchun Abdullaxonga nisbat berilishi hanuzgacha tushunarsiz qolmoqda.
Zero, Oqsaroy ashtarxoniylar hukmronligi davrida ham buzilmagan, peshtoqi mavjud bo‘lgan hashamatli inshoot edi. 1707-yil Oqsaroy peshtoqi tagida Buxoro xoni Ubaydullaxonning toj kiyib, taxtga o‘tirgani haqidagi ma’lumotlar peshtoqning hali butunligidan dalolat beradi. Muhammad Hakimxon To‘raning «Muntaxab at-tavorix» asarida 1840-yil Doniyol otaliq vafotidan so‘ng, Oqsaroy imorati ostida Xo‘jaqulibiy parvonachi Shahrisabz amiri mansabiga qo‘yilgani yoziladi. Shunga ko‘ra, Rossiya imperiyasining tajovuzi Buxoro xonligi chegaralariga qadar kelguncha, Oqsaroy Shahrisabz kenagas beklarining ma’muriy-boshqaruv binosi sifatida qad ko‘tarib turgan, deyishimiz mumkin.
Oqsaroyning dastlabki zarbaga uchrashi 1870-yil bo‘lgan. Jumladan, Rossiya imperiyasi harbiylarining hujjatlarida 1870-yil kuzida bo‘lgani qayd etiladi. Shahrisabz va Kitob bekliklarini bosib olishda «jonbozlik» ko‘rsatgan general-mayor Abramovning 1870-yil 31-avgustda yozgan raportida shahar qirg‘inbarot qilingani haqida aytilmasdan «Aholi shahardan 3 chaqirimcha berida meni non-tuz bilan qarshi oldi», deb xaspo‘shlashga urinilgan. Yana bir rus harbiy mutaxassisi D.N.Logofet «rus qurolining kuchi va ko‘lob bo‘lib to‘kilgan rus qoni evaziga olingan Shahrisabz va Kitobdek ulkan bekliklar Buxoro amiriga berildi», deya generalning yolg‘onini oshkor qilib qo‘yadi. N.A.Mayyevning 1875-yilda bosilgan «Buxoro xonligi ocherki» asarida «Temurning hashamatli Oqsaroyi Buxoroning shu davrdagi hamma imoratlarida kuzatilganidek, xarobalardan iboratdir. Shunga qaramasdan, bu vayrona hozir ham o‘zining benazir go‘zalligi bilan rom etadi. Janubiy tarafdan gumbaz qoldiqlari yaqqol bilinib turadi, vaqtida imorat bezagi bo‘lgan bu gumbaz hozirda nuragan bo‘lib, undan koshinlar va yozuvlar bilan bezatilgan ikki baland devor saqlanib qolgan». Bu so‘zlardan bilinib turibdiki, Oqsaroy chinakamiga tashqi ta’sir bo‘lmasa, xaroba bo‘ladigan imorat emasdi. Buning ustiga, 1920-yil sovet tuzumiga qarshi umumxalq qo‘zg‘olonini bostirish vaqtida Benbin degan kimsa tomonidan Oqsaroy to‘pga tutilgani aytiladi. Oqsaroy sovetlar davrida 70 yilcha qarovsiz qolgan.