Qashqadaryo gazetasi Olam O‘quvchilar o‘zlashtirishi pastligi uchun o‘qituvchilar izza qilindi
Olam

O‘quvchilar o‘zlashtirishi pastligi uchun o‘qituvchilar izza qilindi

Sichuan provinsiyasi (Xitoy)dagi Leybo uyezdi ta’lim boshqarmasi mansabdorlari o‘quvchilarining imtihon natijalari past bo‘lgani uchun o‘nlab o‘qituvchilarni tahqirlovchi yozuvlar fonida suratga tushishga majbur qildi. Bu haqda South China Morning Post nashri yozgan.

Hodisa avgust oyi oxirida tashkil etilgan yig‘ilish vaqtida yuz bergan. Boshlang‘ich maktablarda ishlaydigan 20 nafardan ortiq o‘qituvchi sahnaga chiqarilgan. Ularning ortidagi katta ekranda o‘quvchilarining imtihon natijalari – 100 ballik tizimda 30 balldan kam bo‘lgani aks ettirilgan. Ekran yoniga esa tahqirlovchi ma’nolarni anglatuvchi iyerogliflar joylashtirilgan.

Tadbir suratlari Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida tez tarqalib, jamoatchilikning keskin tanqidiga uchragan. Foydalanuvchilar amaldorlarni pedagoglarni tahqirlaganlikda ayblab, ulardan bu harakatlariga izoh berishni talab qilishgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari ham bunday yondashuvni tanqid qilib, amaldorlarni past o‘zlashtirish sabablarini izlash o‘rniga, o‘qituvchilarni omma oldida ayblash orqali muammoni hal qilishga uringanlikda ayblagan.

Shundan so‘ng Leybo uyezdi hukumati jamoatchilikdan rasmiy ravishda uzr so‘rab, yig‘ilishdagi nomaqbul harakatlar o‘qituvchilarga ruhiy zarar yetkazishi mumkinligini tan olgan.

Exit mobile version