Finlyandiyada tug‘ilish darajasi kamayib ketgani sababli yaqin 15 yil ichida yuzlab maktablar yopilishi kutilayapti, deb yozadi Yle nashri.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, 2040-yilga kelib mamlakatdagi o‘quvchilar soni 100 ming nafarga qisqarishi mumkin. Bu maktablar qariyb yarmining yopilishiga olib keladi.
«Finlyandiyadagi ko‘plab aholi punktlarida allaqachon faqat bitta maktab bor. Yaqin yillarda ulardan ko‘plari yo‘q bo‘lib ketadi, maktabga qatnov yo‘li masofasi esa uzayadi», deyiladi maqolada.
Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar soni faqat markazi Xelsinkida joylashgan poytaxt mintaqasi -Uusimaa provinsiyasida kamaymagan. Biroq, hatto bu yerda ham o‘quvchilar sonidagi o‘sish tub aholi emas, muhojirlar hisobidan ta’minlanmoqda. Yaqin 15 yilda mamlakatdagi kelib chiqishi xorijlik bo‘lgan bolalar soni qariyb 86 ming nafarga o‘sishi kutilmoqda. Fin maktablarida oilasi umuman fincha gapirmaydigan o‘quvchilar soni ortib borayotir.