Viloyatimizda joriy yilning birinchi choragida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 490,3 ming so‘mga oshib, 4 million 79,8 ming so‘m (o‘sish sur’ati 113,7 foiz)ni tashkil etgan bo‘lsa-da, ushbu raqam hamon respublika hududlari kesimida eng past ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.
Dolzarb statistika
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining demografiya, mehnat va gender statistikasi boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, 2025-yilning yanvar-mart oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori miqdorlari Toshkent shahri (9 million 889,1 ming so‘m; o‘sish sur’ati – 122,7 foiz) hamda Navoiy (7 million 330,9 ming so‘m; 112,6 foiz) va Toshkent (5 million 435,6 ming so‘m; 114,3 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. O‘rtacha oylik ish haqining eng past miqdorlari esa vohamizdan tashqari Surxondaryo (4 million 209,1 ming so‘m; 119,1 foiz va Farg‘ona (4 million 203 ming so‘m; 113,7 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
E’tiborlisi, respublika bo‘yicha shu yilning dastlabki uch oyi davomida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 5 million 796,1 ming so‘mga yetgan, o‘sish sur’ati esa 118 foizni tashkil etgan.
Biroq viloyat statistika boshqarmasining aynan shu yo‘nalishda tayyorlangan press-reliziga tayanadigan bo‘lsak, vohamizning barcha shahar va tumanlarida ham o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi miqdori juda past darajada emasligiga amin bo‘lamiz. Zero, joriy yilning birinchi choragida mazkur ko‘rsatkich salmog‘i Qarshi shahrida 5 million 683,8 ming so‘m (o‘sish sur’ati – 114,9 foiz), Nishon tumanida 5 million 291,8 ming so‘m (119,7 foiz), Muborak tumanida 4 million 573,6 ming so‘m (102,3 foiz) teng bo‘lgan. Lekin bu boradagi autsayderlar – Kasbi (2 million 802,8 ming so‘m, 100,8 foiz), Yakkabog‘ (2 million 860,5 ming so‘m, 109,1 foiz) va Qamashi (2 million 991,2 ming so‘m; 113,8 foiz) tumanlarida tegishli raqam hatto 3 million so‘mga ham yetmagan.
Viloyatimizda shu yilning dastlabki uch oyida nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorlarini iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘zaro va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtiradigan bo‘lsak, shu davrda eng katta maosh bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarda (11 million 689,5 ming so‘m; 104,2 foiz) hamda axborot va aloqa sohasida ishlaydiganlarda (9 million 866,9 ming so‘m; 113,6 foiz) ekanligi oydinlashadi. O‘rtacha oylik ish haqi miqdorining yuqoriligi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda tashish va saqlash (6 million 829,3 ming so‘m; 108,6 foiz), sanoat (6 million 520,7 ming so‘m; 114,8 foiz), san’at, ko‘ngil ochish va dam olish (5 million 101,5 ming so‘m; 122,9 foiz), savdo (4 million 798,8 ming so‘m; 155,2 foiz) va qurilish (4 million 483,9 ming so‘m; 101,3 foiz) soha va jabhalarida mehnat qilayotganlar egallab turibdi. Eng past oylik ish haqi esa ta’lim (3 million 343,2 ming so‘m; 115,3 foiz), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (2 million 810,5 ming so‘m; 106,7 foiz) hamda yashash va ovqatlanish (2 million 212 ming so‘m; 86,7 foiz) tarmoqlaridadir.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, nominal hisoblangan ish haqi ma’lum bir davr (soat, oy, yil) mobaynida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat) evaziga ish beruvchilar tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga asoslangan holda soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oluvchi yollanma xodimning mehnatiga haq to‘lash tarzida jismoniy shaxsga pul shaklida hisoblangan daromadlardan iborat.
O‘z muxbirimiz
