Rivojlanish strategiyasi
Yurtimizda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshiriladigan «O‘rta ta’limda fan, texnologiya, muhandislik va matematika» loyihasi doirasida Qashqadaryodagi 19 ta maktabda ta’lim sharoitlari modernizatsiya qilinib, ushbu maskanlar qo‘shni maktablar uchun resurs markazlariga aylantiriladi.
Ma’lum qilinishicha, shu yil 21-oktabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston umumta’lim maktablarida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish uchun mamlakatimizga 100 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratilishini ma’qulladi.
OTBning rasmiy saytida qayd etilganidek, mazkur loyiha O‘zbekiston yoshlarini barqaror va inklyuziv o‘sish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy, innovatsion ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, mamlakatning 2030-yilgacha o‘rtachadan yuqori daromadga ega davlatlar qatoridan joy olish maqsadiga erishish imkonini beradi.
– Ushbu loyiha O‘zbekistonning inson kapitaliga sarmoya kiritish va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga sodiq ekanligini namoyish etadi, – dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya. – STEM-ta’limni kuchaytirish orqali O‘zbekiston yanada inklyuziv, barqaror va global darajada raqobatbardosh kelajak uchun poydevor qo‘ymoqda.
Loyiha tavsifiga ko‘ra, uning doirasida mamlakatimizning barcha mintaqalarida joylashgan 200 ta maktabda STEM fanlari (fizika, kimyo, biologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), texnologiya va matematika) xonalari va laboratoriyalari zamonaviy asbob-uskuna va anjomlar bilan jihozlanadi, AKT infratuzilmasi takomilashtiriladi, suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena borasidagi sharoitlar yaxshilanadi va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga erishish uchun quyosh panellari o‘rnatiladi. Shuningdek, loyiha bo‘yicha 5-11-sinf o‘quvchilariga STEM-ta’lim berish darajasini yuksaltirish uchun 200 ta maktabning tegishli fanlar o‘qituvchilarini zamonaviy o‘quv dasturlari va yangi o‘quv materiallari asosida o‘qitish, har bir mintaqada bittadan maktabda fanlararo STEM-ta’limni joriy etish va ham maktabda, ham maktabdan tashqarida ta’lim olishni qo‘llab-quvvatlovchi elektron kontentga ega bo‘lgan raqamli platformalarni yaratish nazarda tutilgan. Ayni paytda qizlarni STEM sohasidagi kasblarni tanlashga undash uchun kasbiy maslahat berish bo‘yicha maqsadli tashviqot kampaniyalarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Science
Technology
Engineering
Mathematics
STEM-ta’lim fan (Science), texnologiyalar (Technology), muhandislik (Engineering) va matematika (Mathematics)ni bir-birga uyg‘un, integratsiyalashgan va kompleks o‘rganishni o‘z ichiga oladi. U nazariy bilimlarni aniq muammolarni hal qilish uchun amaliy qo‘llashga hamda o‘quvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Bunday yondashuv yoshlarning turli fanlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni anglashiga yordam berib, ularni ilmiy-texnik jabha bilan bog‘liq kasblarga tayyorlaydi.
STEM-ta’limning asosiy yo‘nalishlari:
Fan: dunyoni tushunish uchun tabiat hodisalari va fizika, kimyo va biologiya qonunlarini o‘rganish.
Texnologiyalar: ilmiy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish, jumladan, dasturlash, ma’lumotlarni tahlil qilish, yangi vositalar va tizimlarni ishlab chiqish.
Muhandislik: oddiy tuzilmalardan tortib murakkab mexanizmlargacha bo‘lgan turli xil obyektlar va yechimlarni loyihalash, yaratish va sinovdan o‘tkazish.
Matematika: mantiqiy va tahliliy fikrlashni, shuningdek, ma’lumotlar, algoritmlar, algebra va geometriya bilan ishlash qobiliyatini rivojlantirish.
Loyiha doirasida OTB tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan maktablar ro‘yxatiga ko‘ra, unda viloyatimizning 12 ta shahar va tumanida faoliyat yuritayotgan maskanlar, shu jumladan, Qarshi shahridagi 2-, 7- va 41-, Kasbi tumanidagi 4-, 5- va 12-, Kitob tumanidagi 26- va 45-, Shahrisabz tumanidagi 18- va 27-, Mirishkor tumanidagi 3- va 28-, Koson tumanidagi 77-, Muborak tumanidagi 12-, Nishon tumanidagi 19-, Chiroqchi tumanidagi 32-, Yakkabog‘ tumanidagi 91-, G‘uzor tumanidagi 34- va Qarshi tumanidagi 15-maktab ishtirok etadi.
Yurtimiz maktablarida STEM-ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, loyiha ofisi, mahalliy hokimiyat organlari va maktab jamoalari, benefetsiarlar (ya’ni loyihadan foyda oluvchilar) va jamoat tashkilotlari, qurilish bo‘yicha maslahatchilar guruhi hamkorligida hayotga tatbiq etiladi. Loyiha doirasida maktablar bilan bir qatorda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va 14 ta hududiy pedagogik mahorat markazi, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, respublika ta’lim markazi va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga ham ko‘mak beriladi.
Osiyo taraqqiyot banki mutasaddilarining e’tirof etishicha, «O‘rta ta’limda fan, texnologiya, muhandislik va matematika» loyihasi 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, OTBning 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyasining ustuvor yo‘nalishlariga, shu jumladan, raqamli transformatsiya, gender tengligi va iqlim o‘zgarishiga chidamlilik kabi yo‘nalishlariga muvofiqdir. U OTBning ta’lim va mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish borasidagi kengroq tashabbuslarini, jumladan, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish uchun kasbiy ta’limga sarmoyalar kiritish bo‘yicha tashabbuslarini to‘ldiradi.
Temur NIZOMOV tayyorladi.