Saralangan satrlar
Turkiy taqvimga ko‘ra, 2026-yil muchal hisobida ot yili hisoblanadi. Ammo ko‘pchilik ot yili 1-yanvardan boshlanadi, deb o‘ylaydi. Aslida azaliy taqvimimizga asosan ot yili 21-martdan amalga kiradi va o‘sha vaqtgacha tavallud topganlar ilon yilida tug‘ilgan sanaladi. Ko‘pincha chetning “xo‘rozqand”i ta’rifu tavsifiga aldanib, muchalni o‘zimizning, turkiy yangi yildan emas, Grigorian kalendaridan boshlab, yana deng, Xitoy muchallariga muvofiq hisoblashni o‘rganib qolganmiz.
Odatda muchal yillari haqida ma’lumot berilarkan, bu yil undoq bo‘ladi, bundoq bo‘ladi, qabilidagi bashoratnamo fikrlar aytiladi. Aslida bu fol ko‘rish, bashroat qilish emas, ota-bobolarimizning ko‘p yillik kuzatishlari asnosida paydo bo‘lgan fikrlar majmuasi, desak, xato bo‘lmaydi. Binobarin, ot yili jo‘shqinlik, g‘alaba sari intilish yili bo‘lsin, desak, hech kim norizo bo‘lmasa kerak.
Bugun saralangan adabiy lavhalar ham ot haqidagi eng mashhur asardan: Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasidan. O‘ylaymizki, bu qaydlarga befarq emassiz.
…ot deganlari dev! Ot bepoyonlikni deydi. Ot masofa nimaligini bilmaydi, hudud nimaligini bilmaydi. Ot qahraton qishda-da dasht-biyobonlarda chopib o‘sadi. Ana shunda dirkillagan ot bo‘ladi! Qo‘ltiqlari cho‘ziladi, ko‘kraklari enlik bo‘ladi! Uchqur keladi! Bedov ot bo‘ladi!
* * *
Men ikki kun ot sayladim. Oboqli dashti gala-gala ot! Dasht changitib chopib yuribdi! Bir yashar qulunlar, uch yashar toylar, to‘rt yashar g‘o‘nonlar, besh yashar do‘nonlar! Sag‘risiga uy tiksa bo‘ladigan baytallar! Haybatli ayg‘irlar!..
Birovini ushlab, old oyoqlarini juftladim. Tuyoqlari orasidan musht urdim. Mushtim o‘tmadi. Bordi-yu o‘tsa, yaxshi ot bo‘ladi. Qo‘yib yubordim. Yana birovini ko‘rdim. Durustgina-yu, faqat qorni yo‘q. Bor bo‘lsa-da, juda tor. Buniyam qo‘yib yubordim, bo‘lmaydi!
Birodarlar, ot olsang, ho‘kiz qorindan ol, ho‘kiz olsang, ot qorindan ol!
* * *
Birodarlar, mashina deganlari temir! Joni yo‘q! Joni yo‘q temir odamga el bo‘lmaydi! Temirning yuragi yo‘q-da! Ot odamga el bo‘ladi. boisi, otning joni bor, yuragi bor-da!
* * *
Birodarlar, ot azzancha xosiyatli bo‘lsa-da, azzancha fahm-farosatli bo‘lsa-da, azzancha xushsuvrat bo‘lsa-da, baribir, ot, o‘z oti bilan ot! To‘rt oyoqli jonivor! Dumli hayvon!
Dunyoda nima mo‘l, to‘rt oyoqli jonivor mo‘l! Duch kelmish to‘rt oyoq jonivorni qanday bo‘lsa, shundayligicha el orasiga olib kirib bo‘ladimi? Bo‘lmaydi! Avvalambor, to‘rt oyoqli jonivorni ot qilmoq lozim!
To‘rt oyoqli jonivorni ot qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Dumli hayvonni odamga el qilish barchaning-da qo‘lidan kelmaydi!
To‘rt oyoqli jonivorni ot qilish uchun, avvalambor, ko‘ngilda bo‘lmog‘i lozim! Avvalambor, badanda bo‘lmog‘i lozim!
* * *
Dostonchi doston aytadi. Xato aytsa, shartta bas qiladi. Boshqatdan, tuzatib aytadi.
Shoir kitob bitadi. Kitobida bir joyi yoqimsiz bo‘lsa, shoir qalam bilan shartta-shartta o‘chiradi, yoqimli qiladi.
Rasmchi surat chizadi. Suratda odam qoshi qoshday bo‘lmaydi. Ot yoli yolday bo‘lmaydi. Qiyomiga kelmaydi. Rasmchi darhol odam qoshini qoshday qiladi, ot yolini yolday qiladi.
Chavandoz bo‘lsa, otni tuzatolmaydi!
To‘rt oyoqli jonivor ot bo‘layotib… ha-ha, ot bo‘layotib… nima fe’l-atvor topsa, shu fe’l-atvorida qoladi. Nima qiliq topsa, shu qilig‘ida qoladi. Nima ko‘rsa, nima bilsa, nima o‘rgansa, barcha-barchasi tanasida qoladi, miyasida qoladi.
Ana shundan keyin chavandoz otni tuzataman desa, o‘ziga javr qiladi. Otni tuzatib bo‘lmaydi!
Birodarlar, sara ot, chavandoz aql-zakovatidan bino bo‘ladi! Sara ot, chavandoz qalb qo‘ridan bino bo‘ladi!
* * *
…bo‘z ot qanday bo‘ladi? Surpday oppoq bo‘ladi! Bordi-yu, ajdodida bo‘lsa, to‘qqizga to‘lganda tarlon bo‘ladi. To‘qqiz yoshida bo‘zning badanida xolday-xolday qora donalar paydo bo‘ladi. Shundan boshlab u bo‘z emas, Tarlon ot bo‘ladi. Tarlon – xol-xol ot! Tarlon – otlar sarasi!
Birodarlar to‘riq otning yuzdan biri yaxshi bo‘ladi, tarlon otning yuzdan biri yomon bo‘ladi!
Birodarlar, ot tanimasang, Tarlon ol!
* * *
Birodarlar, otga minsang – boshingni o‘yla, yerga tushsang – otingni o‘yla!
* * *
E, tavba-e, e, tavba-e! Chavandoz devordan ag‘nasa, albatta bir yeri lat yeydi. Maydagina eshakdan yiqilsa, xiyol vaqt qimirlamay yotadi. O‘qday uchib borayotgan otdan yiqilsa, hech nima ko‘rmaganday, sapchib turib ketdi!
Birodarlar, eshak yiqitsa, tuyog‘ini to‘shaydi, ot yiqitsa, yolini to‘shaydi!
* * *
Birodarlar, biz hamisha adolat, adolat deymiz. Tildan qo‘ymaymiz. Adolatsizlikni ko‘rib, xunibiyron bo‘lamiz. Hayotdan, taqdirdan noliymiz. Adolat yo‘q, adolat osmonda, deymiz.
Yo‘q, birodarlar, adolat yerda! Oyoqlarimiz ostida! Adolat tuproqqa qorishib yotibdi! Adolatni kim bundayin xor qilayapti? Biz – o‘zimiz! Men, siz, Fayzulla chavandoz, Hamdam chavandoz! Ana, ular qochib ketdi! Shu-da, adolat jafo chekayotganda qochamiz! Adolatdan yuz o‘giramiz! Ko‘rib, ko‘rmaslikka olamiz!
* * *
…har bir otning o‘z fe’l-atvori, kayfiyati bo‘ladi. Ot kayfiyati yo‘q kunlari insonga bo‘yin egmaydi. Ana shu kunlari inson ko‘p g‘ashiga tegsa, inson yelkasidan g‘archillatib tishlab olishdan-da, qovug‘iga tarsillatib tepishdan-da qaytmaydi.
Bunday vaqtlar ayrim chavandozlar qamchi dastasi bilan otning boshiga uradi. Oqibat, ot jon achchig‘ida chavandozini yiqitib qochadi.
Ana shunda ot insondan bezadi. Ot insondan qaytadi! O‘zining devlar ajdodiga tortadi! Ajdodlarini qo‘msaydi, adirlarga qarab qochadi. Galalarga borib qo‘shiladi…
Yo‘q, kayfiyati yo‘q kunlari otga indamaslik lozim bo‘ladi, ko‘ngliga qarash lozim bo‘ladi!
* * *
…oz zotli ko‘pkarida yerdan uloq olish mushkul bo‘ladi. Sababi, bari ot o‘zini zo‘r deb biladi. Oqibat, yoppasiga uloqqa yopishadi. Talashib tortishadi. Uloqni na o‘zi oladi, na birovga beradi. Bir-biriga xalaqit beradi, bir-biriga ziyon beradi. Talashib yota beradi.
Ot mo‘l bo‘lsa, aksincha bo‘ladi. Bunda zo‘rlar zo‘ri, otlar oti uloqqa talpinadi. Bundayroq otlar to‘da chetida tomoshago‘y bo‘ladi. Bordi-yu, uloqqa intilsa, to‘dadagi zo‘r otlar yo‘l bermaydi, ketiga surib yuboradi.
Shu boisdan mo‘l otli ko‘pkarida to‘dadan uloq olib chiqish oson bo‘ladi.
* * *
Jo‘ra boboning To‘rig‘i gijingladi. Jilovni silkib, uloqqa talpindi. To‘riq uloq ayirgisi keldi! Bunday vaqtda otni yo‘ldan qayirish insofdan bo‘lmaydi. Otni suvga olib borib, quruq qaytarib kelish bo‘ladi. Oqibat, ot yomon o‘rganadi. Uloqdan, chavandozdan ko‘ngli qoladi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.