Shavkat MIRZIYOYEV: Biz hayotimizning ma’no-mazmuni, butun borlig‘imizni siz, qadrli opa-singillarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz. Sizlar biz uchun hamisha go‘zallik va nazokat, mehr va sadoqat, qanoat va shukronalik timsoli bo‘lib kelgansiz va doimo shunday bo‘lib qolasiz. Mana shunday olijanob fazilatlaringiz bilan bizlarga hamma vaqt kuch-g‘ayrat, hayotga, kelajakka ishonch bag‘ishlab kelayotganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Bugun «o‘zbek ayoli» deganda kishi ongida jonlanadigan tasavvur ancha o‘zgarib ketdi. Aksariyati ro‘zg‘or yumushlariga o‘ralashib qolgan, dalaning chopig‘u terimidan nariga chiqmagan, amal-taqal qilib maktabni bitirgach, odatda qayta kitob ochib o‘qishga ham vaqt topolmay qoladigan bizning xotin-qizlar siymosi ular orasidan chiqqan deputatlar, olimalar, rahbar kadrlar, tadbirkorlar, organ xodimlari, kasb-hunar egalari, umuman, turli sohalar mutaxassislari soni keskin ortib borishi bilan endi boshqacha qiyofa kasb etayapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimiz aholisining 49 foizdan ortig‘i (1 million 783 ming 797 nafari)ni xotin-qizlar tashkil etadi. Keyingi yillarda ularning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayoti jabhalarida faolligini oshirish yuzasidan, gender tenglik masalalari bo‘yicha faol choralar ko‘rilayapti. Tizimli qo‘llab-quvvatlash natijasida minglab ayollar, qizlarning o‘qish, ishlash, kasb-hunar egallash, uy-joy qilish, tadbirkorlikka qo‘l urish kabi orzu-o‘ylari ro‘yobga chiqayapti.
– Qashqadaryoda o‘rta ta’limdagi bitiruvchi qizlarni oliy ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi 2024-2025-o‘quv yilida 50 foizdan oshdi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminova. – Albatta, bu qulay sharoitlar hozirlanib, avvalo odamlar, yoshlarda ong o‘zgargani, qolaversa, ehtiyojmand oilalar farzandlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar uchun maxsus kvotalar ajratilib, o‘qish to‘lovlariga yordam qilish kabi yo‘lga qo‘yilgan sa’y-harakatlar natijasidir.
Qizlarning o‘qigani yaxshi – dunyoqarashi kengayadi, ertaga birovning qo‘liga qarab qolmaydi, shuurida hayot tashvishlarini yengib o‘tishga yetarli tadbirlar ko‘ra olish ko‘nikmasi shakllanadi. Shuningdek, bu erta nikohlarning oldini olish, ajrimlar, ayollar o‘rtasidagi ishsizlik muammolariga ham ijobiy ta’sir etadi.
– O‘zida bor, tadbirli xotin-qizlarga ozgina ko‘mak bo‘lsa, qolganini eplab ketadi, – deydi Ziyoda Aminova. – Xonadonida o‘zini band qilish istagidagi yigirma ming nafarga yaqin qizlar va ayollarga o‘tgan yili 381,5 milliard so‘mlik kreditlar imtiyozli asoslarda ajratilgan bo‘lsa, ulardan 28 nafari baliqchilik, 72 nafari hunarmandchilik, 191 nafari asalarichilik, 294 nafari issiqxona xo‘jaligi, 932 nafari parrandachilik, 5 ming 580 nafari chorvachilik, 5 ming 600 nafardan ortig‘i tikuvchilik va xizmat ko‘rsatish hamda qolganlari boshqa yo‘nalishlarda kichik-kichik loyihalarni amalga oshirishdi. Xatlov asosida ijtimoiy daftarlarga kiritilgan xotin-qizlar orasida ham tegishli moddiy qo‘llab-quvvatlov va berilgan zarur maslahatlar asosida o‘zi uchun muqim daromad manbai yaratishga erishganlar talaygina. Umuman, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasi ehtiyojmand oilalardagi 64 ming 505 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlangani muhim ko‘rsatkich.
Ishli ayolning ro‘zg‘orga foydasi tegadi, o‘zi mehnat qilib topgan pulining qadri baland bo‘ladida – tejab, asosli ishlatadi. Ana shu tarzda asta-sekin xonadonga ham baraka inadi, oila mustahkamlanadi, turmushi farovonlashadi.
Ha, ko‘rinib turibdi, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan, umuman, barcha xotin-qizlar bilan ishlash tizimi bugun tubdan o‘zgargan. Zero, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida bo‘y ko‘rsatgan bu masala millat kelajagiga daxldor. Prezident aytganidek, o‘zining uy-joyiga, ish o‘rniga ega bo‘lgan har bir ayolning ortida oilasi, farzandlari, ota-onasi, yaqinlari borligini hisobga oladigan bo‘lsak, qancha xonadonga quvonch kirgani, qancha odamning ruhi ko‘tarilib, ularda hayotga, kelajakka ishonch paydo bo‘lgani biz uchun eng muhim natijadir.
Alalxusus, jamiyat bugun teran anglab yetgan va tan olgan haqiqatlar shu bo‘ldiki: xotin-qizlar haq-huquqlarini ta’minlamasdan, orzu-istaklari ro‘yobi uchun keng yo‘l ochmasdan millat rivoji haqida gapirish noo‘rin; ularni savodli qilmasdan ilmli va ma’naviyatli avlod haqida so‘zlashga erta; qiz-ayollar muammolariga yuz o‘girib, bandligiga e’tibor qaratmay, oila mustahkamligi haqida o‘y surish xayolparastlikdan boshqa narsa emas.
O‘z muxbirimiz
