Bu suhbatimiz juda samimiy, qiziqarli bo‘ldi. Aslida suhbatdoshlar bir-birimizni yaxshi taniymiz, ish yuzasidan gaplashib turamiz. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbek tili bayrami kuni arafasida Gulandom bilan birga o‘zbek va tojik qadrdonlar bilan davra suhbati qurgimiz keldi.
Suhbatimiz mavzusini sarlavhaga chiqardik: O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi! Aslida, barchamiz deganda tumanimizda yashaydigan millat vakillari – tatarlar, turkmanlar, tojiklar, turklar va boshqalar nazarda tutilgan. Bugungi suhbatga esa faqat tojik vatandoshlarimizni taklif qildik. Negaki, tumanda ular ko‘pchilikni tashkil qiladi. Tojik tilida o‘qitiladigan maktablarning o‘zi 12 ta. Ayrim maktablarda ta’lim ham o‘zbek, ham tojik tillarida olib boriladi. Faqat tojik vatandoshlar yashaydigan qishloqlarimiz ham anchagina: Jovuz, Matmon, Denovbola, Shut, Aspiduxtar, Varganza va hokazo… Bir sabab bilan ushbu qishloqlarga o‘tib qolsak, tojik birodarlarimiz ochiq chehra bilan kutib olishadi. Gapimiz gapimizga qovushib, suhbatimiz avjiga chiqadi va, albatta, o‘zbek tilida bo‘ladi. Chunki tojik birodarlarimizning hammasi o‘zbek tilini yaxshi biladi.
…Davra suhbatimizni tumandagi iqtidorli yoshlar maktab-internatida o‘tkazadigan, Gulandom Sattorova boshqaradigan bo‘ldi. Suhbatning jonli va erkin, samimiy ruhda o‘tishida boshlovchining o‘rni katta. Bu borada Gulandomda tajriba yetarli. Uni ko‘pchilik yaxshi taniydi – Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kitob tumani bo‘linmasi rahbari. Tashkilotchi, tinib-tinchimas rahbar.
U birinchi bo‘lib so‘zni menga berdi. O‘zbek va tojik xalqlari azaliy do‘stligi, birodarligi haqida ko‘nglimdagilarni aytdim. Varganzalik shoir Po‘lod Qurbonov – Ko‘hiyni esladim. Shoirning: «Anorlari har donasi qirmizi, bol, Qizlarining yuzlari ham anorday ol, O‘zbek, tojik bir oila – kulgan iqbol, Aziz go‘sham, so‘lim qishloq, jon Varganzam», degan satrlari yodimga tushdi.
Suhbatni Avloqul Avlayev davom ettirdi. Avloqulga qarab turib, unga davra suhbati tashkil qilish maqsadida qo‘ng‘iroq qilganim va u hazil aralash, biz endi tojik millati vakilimi, degani yodimga tushdi. Men unga: «Tojik millatidagi eng yaxshi ukamizsiz», dedim kulib.
Darvoqe, Avloqul Avlayevni tumanda yaxshi tanishadi. Ko‘p yillar tuman hokimligida mas’ul vazifada ishlagan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi (hozirgi MMTB)ni boshqargan. Hozir maktab direktori. Vazifam taqozosiga ko‘ra tumanimizdagi ayrim tojikcha joy nomlari ma’nosiga tushunmay qolsam Avloquldan so‘rayman. U chiroyli qilib tushuntirib beradi.
Avloqul so‘zida O‘zbekiston hammamiz uchun yagona Vatan ekani, ikki xalqning bir-biri bilan do‘stu qadrdonligi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, bir-biriga o‘rgatib-o‘rganishi, tojiklar uchun davlat tili ham ona tiliday qadrli ekaniga to‘xtaldi. So‘ng ham o‘zbek, ham tojik tillarida she’r yozgan, ikki chaman bulbuli deya nom olgan shoir O‘lmas Jamolning shiru shakarini o‘qib berdi:
O‘zbegu tojik elim toji sari yakdigarand,
Du aziz farzandi yak mulku padar ham modarand.
Ul biri oltin uzukdir, ham javohir ko‘z biri,
Bingari, payvandi yak obu, gilu, yak gavharand…
Yana bir suhbatdoshimiz Ashraf Odinayev esa o‘qituvchi. Tojik maktabi o‘quvchilariga o‘zbek tilidan dars beradi. Afsona taxallusi bilan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozadi. Bo‘sh paytlarida musavvirlik, naqqoshlik va hattotlik bilan ham shug‘ullanadi. Bir necha kun oldin u menga qo‘ng‘iroq qilib bayramoldi o‘zbek tili haqida qasida yozgani, unda o‘zbek, tojik, arab, hind tillarini to‘rt unsurga qiyoslagani, bir o‘qib, fikr berishimni so‘ragan edi. Uning til haqida yozgan boshqa she’rlari ham anchagina.
Ashraf Odinayev Avloqulning fikrlarini davom ettirib, mumtoz adabiyotda «shiru shakar» deb nomlangan ikki tilda yozilgan g‘azal faqat o‘zbek va tojik elida borligi, bu ham azaliy va abadiy do‘stlikning mevasi ekanini ta’kidladi. O‘zi ham ikki tilda ijod qiluvchi zullisonayn shoir ekanini aytib, o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan birini o‘qib berdi:
…Qaysi tilda bo‘lmasin rozi diling ayla bayon,
Ham tafakkur, ham tasavvur ichra pinhon til erur.
O‘ylamasdin so‘z deyishdin ko‘p pushaymonlik kelur,
Qancha odamlarni qilgan xonavayron til erur.
Davlating til, savlating til, til bilan obod uying,
Tilda ko‘p mo‘jiza pinhon, rohati jon til erur.
Ashrafo, so‘yla fasohat birla o‘zbek lafzini,
Chunki nazmu nasr uchun so‘zga farovon til erur.
Suhbatdoshlar davrasida mehnat faxriysi, ko‘p yillar tuman pochta aloqa bog‘lamasini boshqargan varganzalik Tursunali aka Mahmadiyev ham bor. Bir paytlar ularning piru badavlat oilalari haqida yozgan «Varganzaning ikki irmog‘i» degan maqolam «Qashqadaryo» gazetasida chop etilgandi. Tursunali aka qachon ko‘rsalar, shu maqolani eslaydilar.
Tursunali akaning so‘zlarini ham davra suhbati ishtirokchilari, ularni kuzatib o‘tirgan yoshlar diqqat bilan eshitdilar. U Mavlono Abdurahmon Jomiy va Hazrat Mir Alisher Navoiy munosabatlari ikki xalq do‘stligi timsoliga aylangani, forsiy til ham, turkiy til ham har ikki zot uchun birday qadrli bo‘lgani haqida to‘xtalib, Jomiyning Navoiyga atab yozgan satrlarini o‘qib berdi.
Yana bir suhbatdoshimiz Zafar Majidov she’r shaydosi, chiroyli she’rlar o‘qiydi. Tumanning Qavzaxona qishlog‘idagi 69-maktab direktori. Maktabda ta’lim o‘zbek va tojik tillarida olib boriladi. Har ikki xalq farzandlari bir-birlarining tillarini o‘rganib olishgan.
Zafarjon ham ikki xalqning do‘stligi, o‘zbek tili ular uchun ona tiliday qadrli ekani haqida gapirdi va so‘zini bolalar uchun yozilgan she’r bilan tugatdi: Mening ikki onam bor, Ikkisi ham mehribon. Biri menga sut bergan, Ikkinchisi shirin non…
Imomali Qodirov Denov qishlog‘idan. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida ma’naviyat ishlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi. Maktablar bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarimizga hamisha bosh-qosh.
Suhbatdoshlarimiz Nizomiddin Qo‘chqorov, Zubaydulla Sharipov, Otabek Samiyev esa tumanning taniqli san’atkorlari. Mumtoz qo‘shiqlar ustasi. Ular qo‘shiq aytsa hamma sel bo‘lib tinglaydi. Repertuarlaridan asosan o‘zbek mumtoz qo‘shiqlari o‘rin olgan. Ularning jo‘r bo‘lib Alisher Navoiy g‘azali bilan aytiladigan «Nazzora qil» qo‘shig‘ini ijro etishi davraga fayz bag‘ishladi.
Nargiza Mirova biz suhbat o‘tkazayotgan iqtidorli yoshlar maktab-internati direktori. Yosh, harakatchan rahbar. O‘tgan o‘quv yili yakunida bitiruvchilari nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, yuqori natijalarga erishdi. U o‘zbek va tojik xalqlari do‘stligi haqida to‘lib-toshib gapirarkan, bu ikki xalq bir-biri bilan shunchalik yaqinki, surishtirsa qay bir o‘zbekning ajdodi ota tomondan tojikka yoki aksincha tojikning ildizi o‘zbekka borib taqalishini aytdi. Ular haqida, ikki tilda so‘zlashuvchi bitta xalq, degan gap bejizga aytilmagan. Abdulla Oripov yozganiday, ikkisi bir bayt g‘azaldan, o‘zbegim tojik bilan.
Ha, o‘zbek va tojik xalqlarining beg‘ubor do‘stligi ildizlari baquvvat, tarixi uzun va sabablari bisyor. Ana shu sabablardan biri – ikki millatni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, bog‘lovchi, bir-biriga mehrini oshiruvchi bu – tildir! Tojik vatandoshlarimizning o‘zlari yashayotgan davlat tilini ona tili kabi bilishlari, ardoqlashlari o‘rtadagi rishtalarni yanada mustahkamlaydi.
Zero, bu ikki xalqning bir-birining tilini bilishi, bir-birining tilida ijod qilishi ham tarixiy…
Lola O‘ROQOVA,
Kitob tumani hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi