31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
Mustabid sovet tuzumining qatag‘on siyosati haqida so‘z borarkan, asosan 1937-1938-yillardagi qirg‘in, 50-yillar boshidagi qama-qamalar va 80-yillardagi «paxta ishi» siyosati yodimizga keladi. Darhaqiqat, ushbu qatag‘onlar millat ustunlarini yo‘q qilib, qolganlarni ma’nan majruh, haqiqatga tik qaray olmaydigan ahvolga keltirib qo‘ygandi.
Aslida mustabid tuzum hukm surgan barcha yil, barcha kunni qatag‘on davri deyish mumkin. Bosqinchilarga bo‘yin egishni istamagan ne-ne insonlar jabr-jafo chekmagan deysiz.
G‘uzordagi Abdulmalik to‘ra qo‘rg‘oni haqida eshitgansiz. G‘uzordaryo sohilidagi tepalikda joylashgan ushbu qo‘rg‘onda bekning yashash joyi, ma’muriy idorasi bo‘lgan. Sal naridagi chorbog‘ga eltadigan yer osti yo‘li haqida ham eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Abdulmalik to‘ra kim? Uning qatag‘on mavzusiga qanday aloqasi bor? Ayni dam shu haqda so‘z yuritamiz.
«Qashqadaryo vohasi tarixidan lavhalar (istiqlol uchun kurashganlar va qatag‘on qurbonlari)» kitobidan tarixchi Dilnavoz Rahmatovaning Abdulmalik to‘ra haqidagi maqolasi ham o‘rin olgan.
Qayd etilishicha, 1848-yilda tug‘ilgan Abdulmalik to‘ra mang‘itlar sulolasining sakkizinchi hukmdori amir Muzaffarning to‘ng‘ich o‘g‘lidir.
1865-yil may oyi oxirida Toshkentni bosib olgan rus askarlari Buxoro amirligiga qarashli Samarqand shahriga tahdid sola boshlaydi. Amir Muzaffar yosh bo‘lsa ham harbiy ishni, lashkar boshqarishni yaxshi o‘zlashtirib olgan, otasiga sadoqatli farzand Abdulmalik to‘rani Samarqand mudofaasiga mas’ul qilib tayinlaydi. U ko‘hna shaharni ruslar tajovuzidan himoya qilish uchun o‘z askarlarida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytiradi, istilochilarni yengish uchun puxta, ishonchli tadbirlarni ishlab chiqadi. O‘sha paytda Samarqand hokimi bo‘lib ishlab turgan Sherali inoq esa johil va kaltabin odam edi. U Abdulmalik to‘raning shaharni mudofaa qilishga qaratilgan chora-tadbirlari mohiyatini tushunmaydi, shu tufayli yosh lashkarboshi va bek o‘rtasida munosabat keskinlashadi. Sherali inoq ota-bola orasida nifoq chiqarish uchun amirga Abdulmalik haqida bo‘hton gaplarni yetkazadi, «Uning asl niyati sizdan hokimiyatni tortib olish», deb amirni qo‘rqitadi. Bunga ishongan amir Muzaffar o‘g‘lidan haqiqatni bilib olmay, unga nisbatan adolatsiz qaror chiqaradi. Abdulmalik to‘rani Samarqand mudofaasi boshlig‘i lavozimidan chetlatib, G‘uzorga bek qilib yuboradi. Amir va taxt vorisi o‘rtasidagi ziddiyat shundan boshlanadi.
Amir Muzaffar Samarqand mudofaasini yaxshi tashkil etolmaydi, qo‘shinni yagona maqsad yo‘lida birlashtirolmaydi, shu bois chor askarlari hujumiga dosh bera olmaydi. Dastlab Cho‘ponota tepaligida o‘rnashib olgan Buxoro qo‘shinlari 1868-yil may oyida tor-mor etiladi, keyin Zirabuloq tepaligida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi, bunda ham amir qo‘shinlari mag‘lub bo‘lib, rus qo‘shinlari Samarqand shahriga kirib boradi. Amir Muzaffar mag‘lubiyatini tan olib, fon Kaufman talabi asosida Turkiston general-gubernatorligining yangi chegaralari haqidagi taklifni qabul qilishga majbur bo‘ladi.
Sulh shartnomasiga muvofiq amirlikning qaram o‘lkaga aylanib qolganligi oddiy odamlarda ham norozilik harakatlarini kuchaytiradi. Amir Muzaffarning obro‘si pasayib, Abulmalik to‘raning nufuzi oshib ketadi. Kitob begi Jo‘rabek, Shahrisabz begi Bobobek, mang‘it beklaridan Xudoyor, Ibodullabek to‘qsabo, Buxoro amirligiga qarashli qator bekliklar boshliqlari uni ozodlik kurashida yo‘lboshchi deb biladi. 1868 yilning bahoridan to‘raning qarorgohi bo‘lmish G‘uzor bekligiga mustaqillik va ozodlik tarafdorlari saf-saf bo‘lib kela boshlaydilar.
1868-yilning may oyida Abdulmalik to‘ra katta qo‘shin to‘plab, Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan Samarqandga yurish qiladi. Bu vaqtda Samarqand aholisi ham chor bosqinchilariga qarshi bosh ko‘targan edi. 2-iyun kuni ular birgalikda rus qo‘shinlari joylashgan shahar qal’asiga hujum qilishadi. Qamalda qolgan qo‘shin qo‘mondoni yordam so‘rab general-gubernator fon Kaufmanga chopar yuboradi. 4-7-iyun kunlari xalq lashkarlari bilan bosqinchi kuchlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘ladi. 8-iyunda qamaldagi chor askarlariga yordam kuchlari yetib kelgach, jang istilochilar foydasiga o‘zgaradi. Natijada xalq himoyachilari Samarqanddan chiqib, tog‘ tomon chekinishga majbur bo‘ladi.
Katta to‘ra davlat mustaqilligini saqlab qolish uchun o‘z tarafdorlari bilan fidoyilik ko‘rsatayotgan bir paytda amir Muzaffar uni qo‘lga kiritish va jazolash harakatida bo‘ladi, ammo o‘z rejasini amalga oshira olmaydi. Shundan so‘ng uni tutib berishni Kitob begi Jo‘rabek va Shahrisabz begi Bobobekdan iltimos qiladi. Ammo ulardan shunday javob oladi: «To‘ra janobi oliylarining to‘ng‘ich o‘g‘li va hukmdorimiz farzandidir. U bu ishlarni amirimizga xayrixoh bo‘lgan, davlat zavoliga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida din bayrog‘ini ko‘tarishga bel bog‘lagan ba’zi olijanob kishilar da’vati bilan qilmoqda… To‘ra o‘zini qutqarish uchun bizning hududda maqom topibdur. Odamiylik va oriyatni saqlash vajhidin mehmonning oyoq-qo‘lini bog‘lab, muxolifga topshirish yaramaydir».
Abdulmalik to‘rani yoqlayotganlar, amirdan yuz o‘girayotganlar soni tobora oshib boradi. To‘raning ittifoqchisi Sodiq o‘z guruhi bilan Karmana va Xatirchini egallaydi. Koson, Qarshi, G‘uzor bekliklarida to‘ra o‘z hokimiyatini tiklaydi. Amirning jiyani Said Abdullaxon ham to‘ra qo‘shiniga kelib qo‘shiladi. Amirlik mahkamasida xizmat qiluvchi bir qancha kishilar Abdulmalik tomoniga o‘tib ketadi. Abdulmalik to‘ra 1868-yil iyul-avgust oylarida amirlik hududida xalq tan olgan yagona kurashchi rahbarga aylanadi. Buxorolik tarixchi Mirza Abdulazim Somiy ta’biri bilan aytganda, amirning «yolg‘iz Allohdan boshqa suyanchig‘i qolmagan edi, zero, barcha yurak-yurakdan to‘raga intilayotgan edi».
Abdulmalik to‘ra Shahrisabz shahridagi Oqsaroyda Buxoro amiri deb e’lon qilinadi. Qarshi shahri amirlik markazi etib belgilanadi. 1868-yil sentabr oyida Abdulmalikning tez orada Buxoroni egallashi ayon bo‘lib qoladi.
Abdulmalik to‘raning ozodlik harakati o‘z taxtidan ajralib qolishdan xavfsirayotgan amir Muzaffarni va Turkiston general-gubernatorligini tashvishga soladi, chunki uning ta’siri ruslar qo‘l ostida bo‘lgan yerlarda ham aks sado berayotgandi. Amir yaqin amaldorlari bilan maslahat-mashvarat o‘tkazib, unda general-gubernatordan Abdulmalik to‘ra va uning atrofida to‘plangan istiqlol kuchlarini yo‘q qilishda yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat etishga qaror qilinadi. Amir murojaatidan so‘ng Zarafshon okrugi boshlig‘i, general Abramov rus harbiylarini Jomga yig‘a boshlaydi. Uning maqsadi vatanparvarlarning qarorgohi Qarshi shahriga hujum qilish edi. Nihoyat, general Abramov qo‘shini va amir yuborgan Yoqub qushbegi boshchiligidagi otryad Qarshi tomon otlanadi. Abdulmalik to‘ra bundan voqif bo‘lib, jangga jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi va umumiy chaqiriq e’lon qiladi. Qashqadaryo bo‘yidagi Chortoq degan joyda istehkomlar barpo etilib, jangga hozirlik ko‘riladi.
1868-yil 21-oktabrda chor qo‘shinlari bilan abdulmalikchilar o‘rtasida hayot-mamot jangi boshlanadi. Sulton Sodiq, Jo‘rabek, Bobobek va boshqa lashkarboshilar Qarshi ostonasidagi jangda sarkardalik mahoratini yana bir bor namoyon etadilar. Chor armiyasi va amir qo‘shini harbiy tayyorgarlik, texnik jihatdan ozodlik kurashchilaridan ustunligi jang davomida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun 1868-yil 23-oktabrda Qarshidagi qo‘zg‘olonchilar tor-mor etilib, Abramov shaharni egallaydi. Qo‘zg‘olonchilar qattiq jazolanib, uy-joylar va shahar bozori talanadi. Abramov shaharni Yoqub qushbegi qo‘liga topshiradi. Qarshiga kelgan amir Muzaffar Abdulmalik to‘ra oilasini asirga oladi.
Abdulmalik to‘ra 200 nafar kishi bilan ona Vatanini tark etadi. Dastlab u oz sonli safdoshlari bilan Xiva xonligida bo‘ladi, so‘ngra Afg‘onistonga o‘tadi. 1877 yilgacha Qashqar hokimi xizmatida bo‘ladi. Yoqubbek unga izzat-ikrom ko‘rsatib, qizini to‘raga nikohlab beradi, 40 ming kishilik qo‘shinga lashkarboshi etib tayinlaydi. Ammo Qashqar Xitoy tomonidan egallangach, to‘ra Buxoroda hokimiyatni egallash maqsadida ittifoqchi izlab bir qancha musulmon mamlakatlariga yo‘l oladi. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya tasarrufidagi Hindistonga keladi. O‘z niyatini amalga oshirish uchun Buyuk Britaniyaga murojaat qiladi. 1886-yil may oyida Kalkuttada turkistonlik muxolif kuchlar vakillari ingliz qirolichasining vakili bilan muzokaralar olib boradi. Abdulmalikning sa’y-harakatlariga afg‘on amiri Abdurahmon ham xayrixohligini bildiradi. Ammo turli xil siyosiy va boshqa sabablarga ko‘ra chet eldan harbiy yordam ololmaydi. Rossiya imperiyasi ma’murlari to‘raning chet eldagi faoliyati va amirlikda unga xayrixoh bo‘lgan shaxslar ustidan qattiq nazorat o‘rnatadi.
Buxoro amirligini 24 yil boshqargan amir Muzaffar 1885-yilda vafot etgach, uning o‘rniga o‘g‘li Abdulahadxon o‘tiradi. «Abdulahadxon zamonida, – deb yozgan edi Abdurauf Fitrat, – Rossiyaning Buxoroga ta’siri va roli ancha mustahkam bo‘lgan edi. Abdulahadxon qaysi ishni rejalashtirmasin, o‘zining himoyachisi bo‘lgan Rossiyaning nufuz va rolini inobatga olishga majbur edi».
Abdulmalik to‘ra hamma urinishlari zoye ketgani, aziz yurti, tuprog‘i istilochilar, ularning gumashtalariga qolganidan umrining oxirigacha aziyat chekib yashaydi. Unga Vatanga qaytish nasib etmaydi, chet elda – Pokistonda muqim yashab qoladi. 1909-yili 61-yoshida Peshovar shahrida vafot etadi.
Bekzod SAYFIYEV