Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisini Tunis prezidenti tanqid qilingan postlari uchun oliy jazoga hukm qilishdi, deb yozadi Daily Mail manbasi.
Advokat Ussama Butaljaning ma’lum qilishicha, 56 yoshli Saber Shushan ijtimoiy tarmoqlardagi mamlakat prezidenti Kays Saidni tanqid qilgan postlari uchun o‘limga hukm qilingan.
«Nabul shahri sudyasi mening mijozimni tarmoqlardagi chiqishlari uchun o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu hayratlanarli va misli ko‘rilmagan qaror», deya bayonot bergan u va hukm ustidan allaqachon shikoyat qilinganini qo‘shimcha qilgan.
Himoya tomoni so‘zlariga ko‘ra, Saber Shushan siyosiy faol hisoblanmaydi – u hibsga olingunga qadar shunchaki prezident siyosatidan noroziligini bildirgan savodi haminqadar ishchi.
«Biz shundoq ham qashshoqlikda yashayapmiz, endi esa unga zulm va adolatsizlik ham qo‘shildi. Bunga ishongimiz kelmaydi», degan mahkumning akasi.
Tunisda o‘lim jazosi kamdan-kam chiqariladi va 30 yildan oshibdiki, amalda ijro etilmagan. Biroq bunday qaror qabul qilinishining o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda norozilik to‘lqinini yuzaga keltirdi. Ko‘plab tunisliklar va huquq himoyachilari buni rejim tanqidchilarini qo‘rqitishga urinish sifatida baholagan.