Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan “Qadri buyuk muallim” mavzusidagi tanlov g‘oliblari taqdirlandi
Ilm-fan

“Qadri buyuk muallim” mavzusidagi tanlov g‘oliblari taqdirlandi

Tanlov

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Qadri buyuk muallim” mavzusida videoroliklar tanlovi e’lon qilingan edi.

O‘qituvchi va murabbiylarning jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni, yosh avlod tarbiyasidagi mas’uliyati, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda zamonaviy ustoz siymosi badiiy va ijodiy yondashuv asosida aks ettirilgan videoroliklar tegishli Nizom talablari asosida ko‘rib chiqildi.

Bugun Qarshi shahridagi Ma’naviyat markazida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Markaz viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova o‘qituvchi va murabbiylarning mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof etib, ayni jihatlarni o‘z ijodiy ishlarida ifoda etgan talabalarga minnatdorlik bildirdi.

Axborot texnologiyalari va menejment universiteti talabasi Umid Jalilov tayyorlagan videorolik 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. Iqtisodiyot va pedagogika universiteti talabasi Sandra Qurbonova 2- va Turon universiteti talabasi Gulzoda Abruyeva 3-o‘rinni egalladi.

– Ustozlarning qadri, ahamiyati ko‘pincha o‘qib yurganda emas, o‘qishni tamomlab katta hayot sari qadam tashlagan kezlarda ko‘proq namoyon bo‘ladi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Komila Karomova. – Bugun g‘olib sifatida e’tirof etilgan talabalar ana shu haqiqatni o‘z fursatida anglashibdi. Roliklarni baholashda ijodiy yondashuv, mavzuning ochib berilishi, ta’sirchanligiga alohida e’tibor berildi.

G‘olib va sovrindorlarga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Exit mobile version