Qashqadaryo gazetasi Jamiyat QADRIYATLARING BOQIY BO‘LSIN, NAVRO‘Z!
Jamiyat

QADRIYATLARING BOQIY BO‘LSIN, NAVRO‘Z!

Navro‘z keldi, fasllar almashdi. Tabiat uyg‘onib, yangi hayot nafasi ufurdi. Mirishkor dehqon va fermerlar, bog‘bon va chorvadorlar Yaratgandan mo‘l rizqu ro‘z, qut-baraka tilab, dala ishlarini allaqachon boshlab yuborganlar. Ona zaminni qoplagan yashillik dillarga surur baxsh etayapti, kechagina issiq uyi derazasidan ko‘chaga termulib o‘tirgan bola-baqraning qiyqiriqlari endi maysazorlardan taralmoqda. 

Odamlar qadimiy an’anaga ko‘ra sharqona Yangi yilni bayram bilan boshlayapti. Qiru adirlar, dala-dasht, bog‘u sayilgohlardan Navro‘zi ayyom chorlovi eshitiladi. Yoshu qari sumalaklar qaynab turgan, dasturxonlari bahoriy taomlar bilan to‘lib-toshgan bazmgohlarga oshiqqan. Bir tomonda kurash musobaqasi, yana bir tomonda baxshilar bellashuvi ketayapti. Dorbozlar ham tomoshani boshlagan, san’atkorlar xonish qilmoqda. Qadriyatlarimizga hamohang milliy liboslarda kiyingan, boshlariga tol novdayu boychechakdan chambarak taqqan qiz-juvonlarda bahorga uyg‘un go‘zallik aks etgan. Hamma shodon, ko‘klamga yetkazganidan mamnun holda ko‘ngil yozayapti, el-ulus to‘planib, xursandchilik qilayapti. 

Qashqadaryoda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan asosiy bayram tantanalari Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazildi. Bog‘ning rang-barang bezatilgan yo‘laklari bo‘ylab milliy hunarmandchilik mahsulotlari, bahoriy taomlar hamda tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalari tashkil qilinib, shu yerning o‘zida barpo etilgan kichik sahnalarda yoshlar badiiy jamoalarining chiqishlari uyushtirildi.

«Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» deb nomlangan teatrlashtirilgan bayram tadbiri bog‘dagi muhtasham amfiteatrda, viloyat faollari va mehmonlari, faxriylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Murotjon Azimov tantana qatnashchilari va ular orqali ko‘p millatli butun Qashqadaryo aholisini sharqona Yangi yil – Navro‘zi olam bilan samimiy tabrikladi.

– Bugun qashqadaryoliklar asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutib kelayotgan Navro‘zi olamni ko‘tarinki ruhda, xalq xo‘jaligida qo‘lga kiritilgan katta yutuqlar va kelgusida amalga oshirilajak ulkan rejalar bilan munosib qarshi olmoqda, – dedi viloyat rahbari.

Darhaqiqat, voha ahli odatdagidek bu yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga ham katta tayyorgarlik qildi. «Yashil makon» umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlar doirasida joylarda yuzlab yangi bog‘lar barpo etildi, yo‘l bo‘ylari, ko‘cha va xiyobonlar, korxona, tashkilot va muassasalar joylashgan binolar atrofi, hovlilarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, gullar ekildi. Bayram arafasida barcha hududlarda, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalari, umumxalq hasharlari o‘tkazildi. Keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoya va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olinib, ular uchun bayram dasturxonlari  yozildi hamda turli xayriya tadbirlari tashkil etildi. Binobarin, Navro‘z an’analari mohiyatida ham aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning hech bir a’zosini mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat ne’matlaridan oqilona foydalanish kabi ezgu qadriyatlar aks etgan.

Bayram tantanasida sahnaga olib chiqilgan ko‘rinishlar va konsert dasturi chiqishlarida ana shular va yurtimizga kirib kelgan bahor hamda Navro‘z ayyomining o‘ziga xos shukuhi, xalqimizning go‘zal urf-odatlari va an’analari, O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va o‘zaro ahillik, yurtdoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar ham o‘z ifodasini topdi.

El sevgan san’atkorlar ijrosida yangragan   Navro‘z, Vatan, Qashqadaryo va xalqimizning ezgu fazilatlari hamda go‘zal qadriyatlarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, baxshi va folklor termalari, maqomlar, mumtoz opera qo‘shiqlari, chiroyli raqslar va sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni aks ettirgan, barchamizni bugungi tinch va osuda hayotini qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydigan bayram tadbirlari vohamizning barcha mahalla va qishloqlarida davom etmoqda.

Exit mobile version