Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat Qadriyatlarni targ‘ib etgan faol blogerlar taqdirlandi
Ma’naviyat

Qadriyatlarni targ‘ib etgan faol blogerlar taqdirlandi

Tanlov

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Qadriyatlarni targ‘ib etgan eng faol bloger” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Qayd etish joiz, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Markaz viloyat bo‘limi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati vakillari, ijodkorlardan iborat komissiya faol blogerlar va ularning kanallari, sahifalarini o‘rganib chiqishdi.

Umumiy xulosalarga ko‘ra:

1-o‘rin – Shavkat Aminov, “Sevimli” telekanali “Zamon” informatsion dasturi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muxbiri: Instagram sahifasida Qashqadaryo viloyatidagi tarixiy obidalar, sayyohlik manzillari va qadriyatlarni mujassam etgan turkum videoroliklar uchun;

2-o‘rin – Javohir Baxtiyorov, “Qashqadaryo ahli” Telegram kanali asoschisi: viloyatdagi urf-odatlar, an’analar, oila va jamiyat munosabatlari, inson yuksalishi mavzusidagi xabarlar, roliklar va postlari uchun;

3-o‘rin – Aziza Davlatova, “Qashqadaryo” teleradiokanali muxbiri: Instagram sahifasida keng qamrovli umuminsoniy qadriyatlar targ‘ibotiga qaratilgan chiqishlari uchun.

Rag‘batlantiruvchi o‘rinlar:

Erkin Qilichev, “Nuroniylar ovozi” Telegram kanali admini: jamiyatda keksalarga hurmat, qadriyatlarga ehtirom ruhini yuksaltirishga qaratilgan turkum materiallari uchun;

Gulandom Sattorova – ijtimoiy tarmoqlardagi “Kitob hikmati” kanali asoschisi: Youtube, Telegram, Instagram tarmog‘ida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi sifatli kontentlari uchun.

G‘olib va sovrindorlarga pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Exit mobile version