Chiroqchi tumanida Qalqama nomli qishloq, mahalla va suv ombori borligini bilasiz albatta. Uning ma’nosi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
«Qashqadaryo viloyati joy nomlarining izohli lug‘ati»da qayd etilishicha, Qalqama (Kalgama) tungus-manjur xalqlari mifologiyasida afsonaviy qahramonning ismi sanaladi. Afsonaga ko‘ra, u qo‘sh panjali bo‘lgan, kurash va jangda hech kim unga teng kelolmagan. Uning kuch-quvvati, sehri – to‘rvasida bo‘lgan. Bir nanay to‘rvani – ko‘lvarni o‘g‘rilab, mohir ovchiga aylangan.
Afsona Qalqama nomining qadimiyligi, turkiylarga xosligini ko‘rsatadi.
Qozog‘istonning Jambul viloyatida Qalqaman ko‘li bor ekan. Qozoq nomshunosi A.Abdurahmonov bu ko‘l kishi ismidan, kishi ismi esa xaliqaman (xalqomon) qo‘shma so‘zidan yaralgan, degan.
Qalqaman qozoq xalqiga mansub urug‘lardan biri bo‘lib, hozir Jambul viloyatida yashaydi. Qozoq nomshunosi V.N.Popova Qalqaman, Saraman nomlarini hind-yevropa tillariga mansub deb hisoblagan. Nom tarkibidagi «man» so‘zidan «ho‘l, namlik» ma’nosi kelib chiqadi. Shunga ko‘ra, Qalqaman – loyqali daryo, demakdir.
Chiroqchi qipchoq-saroylari ham joyni Qalqaman, deb atasharkan.
Qolaversa, qoraqalpoq xalqining kichik urug‘laridan biri ham qalqaman deb atalib, ular qo‘ng‘irot qabilasi shullik bo‘limining qo‘ldovli urug‘iga mansub.
Birgina Qalqama so‘zi atrofida shuncha talqin, shuncha tarix. Uni atroflicha o‘rgansa, tadqiq etsa arziydi.