Arxeologik tadqiqot
Qamashi tumanida Bobirtepa degan joy bor. Mahalliy aholi bu tepalikni Zaxiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘lab keladi. Rivoyatlarga ko‘ra, Samarqanddan chekingan bobomiz Afg‘onistonga yo‘l olganida aynan shu yerda qo‘noq bo‘lib, qal’a barpo etgan.
Tumanning Pasttol mahallasi hududida joylashgan mazkur manzilda Samarqand arxeologiya instituti tadqiqotchilari izlanishlar olib borishdi. Qazilma ishlari natijalari Bobirtepa qal’asi antik davrga oid ekanini ko‘rsatmoqda.
– To‘rtburchak shakldagi ushbu arxeologik yodgorlik maydoni 6,2 gektarni tashkil etadi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy tadqiqotchisi Sanjar Abdurahimov. – Bu yerda 2023-yilda dastlabki dala-qidiruv tadqiqotlarini amalga oshirgan bo‘lsak, 2024-yilda tepalikning uch nuqtasida qazilma ishlarini olib bordik. Uning markaziy qismida bo‘yi 9,3 metr, eni 5 metr bo‘lgan katta va ikkita mayda xona topildi. Devorlarida suratlar chizilgan bo‘lib, ular to‘liq saqlanmagan. Shuningdek, bu yerdan ayol kishi va ot haykalchasi topildi, ular Zardushtiylik davriga xos. Topilmalar asosida qal’ani so‘nggi antik davr – miloddan avvalgi III va milodiy III-IV asrlarga tegishli, deb xulosa qildik. Joriy yilda o‘sha davrdagi mudofaa tizimi qanday tashkil etilganini aniqlash maqsadida qal’a devorlarida qazilma ishlarini davom ettiryapmiz. Devor paxsadan qurilgan bo‘lib, qalinligi 8 metrni, hozirgi saqlangan balandligi esa 10 metrni tashkil etadi. Shuningdek, devor tepasida askarlar minoralarining qoldiqlari ham aniqlangan.
Qal’a Langar daryosi bo‘yida, baland qirliklar etagida joylashgan. Bu esa o‘sha davr odamlari uchun dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishda qulay bo‘lgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, keyinchalik qal’a strategik ahamiyatini yo‘qotgan va bu yerda hayot to‘xtagan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, hunarmandlar qal’a devorlarining tashqi qismini kavlab, ustaxonalar tashkil etishgan.
– Qashqadaryo viloyatidagi arxeologik yodgorliklarni shartli ravishda uch: Shahrisabz – Kesh, Qarshi – Naxshab, Nasaf va G‘uzor – Xusor toifasiga ajratish mumkin, – deydi Samarqand arxeologiya instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Abdusobir Rayimqulov. – Bu shaharlarning moddiy madaniyati asosan kulolchilik buyumlarida namoyon bo‘lgan. Ular shakl va naqsh jihatidan farq qiladi. Bobirtepadan chiqqan sopol parchalari Kesh kulolchilik an’anasiga xos bo‘lib, qal’a Samarqand, Kesh, G‘uzor va Termiz karvon yo‘li ustida joylashgan.
Tadqiqotchilar bir necha yillar davomida Qamashi tumanida dala-qidiruv ishlarini olib borishdi va 100 ga yaqin arxeologik ahamiyatga ega manzilni aniqlashdi. Qarshi shahridagi Yerqo‘rg‘on hamda Kitob tumanidagi Podoytaxt – Sangirtepa yodgorliklari ilmiy jamoaga avvaldan ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, Qamashining Qoratepa qishlog‘idan uch kilometr g‘arbda Odirmontepa yodgorligi topildi. U ham antik davrga taalluqli bo‘lib, maydoni 32 gektarni tashkil etadi. Bu shahar Samarqand, Jom va G‘uzor karvon yo‘llarini bog‘lab turgan. Kesh va Naxshab orasida joylashgan ushbu manzilda ham kelgusi yili qazilma ishlari olib borish rejalashtirilgan. Bobirtepa yodgorligi esa qadimiylik jihatidan Odirmontepaga teng hisoblanadi. Shu bois olimlar bu qal’ani to‘liq o‘rganish yangi tarixiy manbalar topilishiga sabab bo‘lishiga ishonishmoqda.
– Bu qal’a antik davrdagi Janubiy So‘g‘d davlatining chegara mintaqasi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy tadqiqotchisi Dilmurod Omonov. – Bu yerda odamlar 6-7 asr davomida yashagan, keyinchalik esa qal’ani tark etgan. Bu holat yodgorlikning qimmatini yanada oshiradi. Sababi, jamiyat rivojlanishi jarayonida har bir davr madaniyati aralashib ketadi, natijada aniq bir davrga xos manbalarni topish qiyinlashadi. Xuddi shunday qal’alar Buxoro va Samarqand hududlarida ham uchragan, ammo ularning maydoni Bobirtepanikidan ancha kichik. Shu jihatdan mazkur yodgorlik katta ilmiy ahamiyatga ega. Qazuv ishlari bosqichma-bosqich davom ettiriladi va yana ko‘p qimmatli manbalar topilishiga ishonchimiz komil.
Qal’a bosqin yoki vayronagarliklar sabab emas, balki davrlar o‘tishi bilan o‘zining muhim strategik ahamiyatini yo‘qotgani uchun tuproq ostida qolgan. Ehtimol, daryo o‘zani pasaygan yoki karvon yo‘li boshqa yo‘nalishga ko‘chgani sababli odamlar bu joyni tark etgan bo‘lishi mumkin.
Darvoqe, qishloqda yana bir tepalik bor. Olimlar «Zaxiriddin Muhammad Bobur aynan shu yerda to‘xtab o‘tgan bo‘lishi mumkin, chunki Temuriylar davriga xos madaniy izlar uchraydi. Vaqt o‘tishi bilan mahalliy aholi tepalik nomlarini adashtirgan bo‘lishi mumkin», deyishmoqda.
Shuningdek, yomg‘ir yoqqan paytda tepalik jigarrang tusga kiradi. Ehtimol, dastlab bu joy «Bovurtepa» deb atalgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan talaffuzda o‘zgarib, «Bobirtepa» ko‘rinishiga kirgan.
Bahodir HALIMOV,
jurnalist