Qashqadaryo gazetasi Jarayon QARSHIDA UCHINCHI GASTRONOMIK KO‘CHA OCHILDI
Jarayon

QARSHIDA UCHINCHI GASTRONOMIK KO‘CHA OCHILDI

Islohot odimlari

Shaharlarning jozibasi ulardagi betakror binolar yoki keng ko‘chalar bilangina emas, balki odamlar uchun yaratilgan qulayliklar, yashash va hordiq chiqarish muhiti bilan ham o‘lchanadi. Shu ma’noda, keyingi yillarda Qarshi shahrida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari aynan inson manfaatini ustuvor qo‘ygan taraqqiyot tamoyilining amaliy ifodasiga aylanmoqda.

Kuni kecha viloyat markazida navbatdagi ajoyib loyiha – Roguzar mahallasi hududidan o‘tgan Anhor kanalining Islom Karimov va Jayxun shosselarini bog‘lovchi yo‘l yoqalab oquvchi qismi bo‘yida barpo etilgan zamonaviy 24/7 gastronomik ko‘cha foydalanishga topshirildi. Bu Qarshi shahrida tashkil etilgan ana shunday ko‘chalardan uchinchisi bo‘lib, u nafaqat yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi, balki shahar aholisi uchun madaniy hordiq, muloqot va oilaviy dam olish manzili sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyiha doirasida bajarilgan ishlar natijasida uzunasiga 0,7 kilometr hudud qisqa vaqt ichida butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Kanalning ikki qirg‘og‘i obodonlashtirildi, avtomobil yo‘li kengaytirilib, 1,4 kilometrlik salomatlik yo‘lakchasi barpo etildi. Kanalda 3 ta damba, yangi ko‘prik, charxpalaklar, favvoralar qurildi, suv bo‘yida bolalar maydonchasi joylashtirildi, ayvonchalar, turli hayvon va qushlarning dekorativ haykalchalari o‘rnatildi. Quyosh energiyasida ishlaydigan 81 ta zamonaviy yoritish chirog‘i esa hududning kechki hayotini ham xavfsiz va fayzli qiladi.

Loyiha uchun budjetdan 6 milliard so‘m, tadbirkorlar tomonidan esa 8 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirildi. Bu raqamlar davlat va xususiy sektor hamkorligi shahar taraqqiyoti uchun qanday samarali natija berishi mumkinligini ham yaqqol ko‘rsatadi.

Umuman, hududda amalga oshirilgan ishlar nafaqat tashqi ko‘rinishni yaxshiladi, balki odamlarning kundalik turmush tarziga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan muhitni shakllantirdi. Bugun aholi gastronomik ko‘chaga faqat xarid yoki taomlanish uchun emas, balki oilasi bilan sayr qilish, farzandlari bilan mazmunli vaqt o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish va rohatlanib hordiq chiqarish uchun kelmoqda.

Gastronomik ko‘chalarning eng muhim yana bir jihati shundaki, ular iqtisodiy faollikni ham kuchaytiradi. Yangi loyiha doirasida 25 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti tashkil etildi, 15 ta mavjud tadbirkorlik subyektining imkoniyatlari kengaytirildi. Bu esa yangi ish o‘rinlari, aholi bandligi va mahalliy iqtisodiyotning o‘sishi demakdir.

Hududning ko‘kalamzorlashtirilishi, manzarali daraxtlar va dekorativ butalar ekilishi esa shaharning ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Binobarin, zamonaviy shahar faqat beton va asfaltdan iborat bo‘lmay, unda tabiat, inson va infratuzilma o‘rtasidagi uyg‘unlik saqlangandagina haqiqiy farovonlik muhiti yuzaga keladi.

E’tiborlisi, Qarshi shahrida avvalroq ham bunday tashabbuslar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Xususan, Nasaf ko‘chasining Islom Karimov va Mustaqillik shosselarini bog‘lovchi qismida yangidan tashkil qilingan hamda avvaldan mavjud savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari kunu tun uzluksiz ishlashga o‘tkandi. Buning uchun 3 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi ta’mirlanib, dekorativ va yoritish chiroqlari o‘rnatildi, salomatlik burchaklari tashkil qilindi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat markazidagi ikkinchi 24/7 rejimida faoliyat ko‘rsatuvchi    gastronomik ko‘cha esa Qarliqxona mahallasining «Vatanparvar» bog‘i yaqinidagi Islom Karimov va Nasaf ko‘chalarini bog‘lovchi qismida tashkil etilgandi. Sun’iy ko‘l, dam olish hududi, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, restoranu oshxonalar, fitnes zali, ravon yo‘l va yo‘laklar, o‘yin burchaklari, suv bo‘yida o‘rnatilgan ayvonchalar asosida joriy qilingan sharoitlar bu manzilni shaharning eng gavjum nuqtalaridan biriga aylantirdi. 

Eng muhimi, yuqoridagi har ikki loyiha ham xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishi, tadbirkorlikning rivojlanishi va shaharning turistik jozibadorligi oshishiga munosib hissa qo‘shdi.

Uchinchi gastronomik ko‘chaning ishga tushirilishi esa Qarshida bu yo‘nalishda ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi. Bugun bunday ko‘chalar faqat ovqatlanish maskanlari joylashgan hudud emas, balki kechki hayot qaynaydigan, tadbirkorlik rivojlanadigan, turizm jonlanadigan va eng muhimi, insonlar o‘zini erkin hamda baxtli his qiladigan jamoat manzillariga aylanmoqda.

Zamonaviy shaharlarning taraqqiyoti aynan shunday loyihalar bilan ildamlaydi. Chunki obod ko‘cha – bu shunchaki go‘zal manzara emas. U inson kayfiyatini ko‘taradi, iqtisodiyotga harakat bag‘ishlaydi, mahallalar hayotiga faollik kiritadi. Yana bunday zamonaviy ko‘chalar shaharning ertangi qiyofasini belgilab berayotgan muhim  bunyodkorlik loyihalaridan biri sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version