Amerika Qo‘shma Shtatlari 260 million dollar qarzini to‘lamay, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)dan chiqib ketdi. Bu haqda Bloomberg manbasi ma’lum qilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi ushbu muammoni yechishning huquqiy imkoniyatlarini muhokama qilishni rejalashtirgan.
2025-yil 20-yanvarda Amerika prezidenti Donald Tramp mamlakatning JSSTdan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. U tashkilotni AQShdan «nohaq og‘ir to‘lov» talab qilishda ayblagan.
Manbaning yozishicha, rasmiy Vashington tashkilotni moliyalashtirish va unga aloqador ishchi guruhlarda ishtirok etishni to‘xtatgan, shuningdek, o‘zining JSSTdagi vakilini chaqirib olgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – 193 a’zo davlatdan iborat, hamkorlik to‘g‘risidagi maxsus kelishuv asosida BMT bilan bog‘langan mustaqil xalqaro tashkilot. Uning asosiy vazifasi dunyodagi xalqaro sog‘liqni saqlash muammolarini hal qilishdir.