Qashqadaryo gazetasi Madaniyat Qashqadaryoda umummilliy birdamlik festivali o‘tkazildi
Madaniyat

Qashqadaryoda umummilliy birdamlik festivali o‘tkazildi

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mahallalar uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati, Yozuvchilar uyushmasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» shiori ostida umummilliy birdamlik festivali o‘tkazilmoqda.

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligini munosib nishonlash, milliy ruhiyat, birdamlik va xalqchillik tamoyillarini mustahkamlash, yoshlar va keng jamoatchilik o‘rtasida Vatanga muhabbat, sadoqat, tinchliksevarlik, do‘stlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etish, aholida ijtimoiy faollik, ma’naviy barqarorlik, professional va shaxsiy rivojlanishga bo‘lgan intilishni kuchaytirish kabi maqsadlar ko‘zlangan festival Qashqadaryo viloyatida ham ko‘tarinki kayfiyat, yuqori saviyada tashkil etildi.

Siyosiy fanlar doktori,  professor Narzulla Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov, xizmat ko‘rsatgan artist Hamid Toshpo‘latov, taniqli xonandalar, el suygan aktyorlar hamda ma’naviyat sohasi vakillari Mirishkor, Kasbi, Qarshi, Koson tumanlari va Qarshi shahridagi turli loyihalarda ishtirok etishdi.

Xususan, «Inson qadri», «Umummilliy birdamlik», «Dildagi gaplar», «Maslahat oshi», «Farovon hayotga ilk qadam», «Baxtli bolalik sharafiga», «Kitob marafoni» aktsiyasi, «Shijoat» vatanparvarlik loyihalari davomida yoshlar, ziyolilar, tadbirkorlar, ijodkorlar, harbiylar, mahalla faollari, ta’lim muassasalari vakillari, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar va turli millat vakillari qamrab olindi.

– Festival doirasida 70 ta mahallada turli xayrli tadbirlar o‘tkazildi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karamova. – Ayniqsa, «Inson qadri» loyihasi davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgani, «Kitob marafoni» doirasida Mirishkor tumani axborot-kutubxona markazi hamda yoshlarga 400 dan ortiq badiiy adabiyotlar taqdim etilgani e’tiborga loyiq. «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» shiori ostida o‘tkazilgan gala-kontsert aholini bir maqsad yo‘lida jamlashda ahamiyatli bo‘ldi.

B.SAYFIYEV

Exit mobile version