Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Qashqadaryodagi birinchi prokuror kim?
Jamiyat

Qashqadaryodagi birinchi prokuror kim?

Uzoq yillar jinoyatchilikka qarshi kurashda ishtirok etgan, Qashqadaryo viloyatidan yetishib chiqqan birinchi prokuror Narzulla Lutfullayev (1925-2008) sanaladi.

Qashqadaryoga oid

U 1925-yil 15-mayda Chiroqchi tumanida tavallud topgan.

Otasi Sa’dulla Lutfullayev asli Xatirchidan bo‘lib, Buxoro amirligi tarkibida bo‘lgan Shahrisabz, Chiroqchi bekliklarida qozilik qilgan. 1924-yilda O‘zbekiston SSR tashkil etilishi munosabati bilan Chiroqchi tumani xalq sudyasi lavozimiga o‘tkazilgan.

Narzulla Lutfullayev 1932-1941-yillarda Chiroqchi tumanidagi sobiq 2-sonli V.P.Chkalov nomli maktabda o‘qigan. Maktabni bitirgach, ota izidan borib, Chiroqchi tumani sudida sekretarlik lavozimida ishlagan, 1942-1944-yillarda tuman prokuraturasida ishlagan.

1944-yil noyabr oyidan Chiroqchi tumanida deputat etib saylanib, sirtdan o‘quv kursida o‘qiydi.

Narzulla Lutfullayev 1945-1947-yillarda Toshkent shahridagi Respublika yuridik texnikumida tahsil oladi. O‘qishni tamomlagach, yo‘llanma asosida Qamashi tumani prokuraturasida xalq nazoratchisi vazifasida ishlay boshlaydi. 1948-1955-yillarda Toshkent yuridik institutini sirtdan o‘qib tamomlaydi.

1949-1953-yillarda G‘uzor tumani prokuraturasida bosh tergovchi vazifasida ishlaydi. 1954-yilda G‘uzor tumani prokurori yordamchisi, 1955-yilda Dehqonobod tumani prokurori vazifasida faoliyat olib boradi. Shundan so‘ng Qamashi, G‘uzor, Qarshi tumanlari, keyin yana G‘uzor tumani prokurori lavozimida ishlab, nafaqaga chiqqan.

Narzulla Lutfullayev prokuratura organlarida 41 yil faoliyat yuritib, shundan 35 yil konstitutsion prokurorlik lavozimida ishlagan tajribali va yetuk huquqshunos sanaladi.

Narzulla Lutfullayev 1948, 1951-yillarda 2 marta xalqimiz  xavfsizligini qo‘riqlashda ko‘rsatgan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasining «Za doblestniy trud v Velikoy Otechestvennoy voyne 1941-1945 g.g.» medali bilan mukofotlangan. O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidumining va O‘zbekiston Bosh prokuraturasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. 1982-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti qaroriga asosan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist» unvoni bilan taqdirlangan.

Viloyatdan yetishib chiqqan Bosh prokuror kim?

Vohada unib-o‘sgan va Bosh prokurorlikkacha yo‘lni bosib o‘tgan Usmon Chinozovich Xudoyqulov 1954-yilda tug‘ilgan. 1975-yilda Toshkent universitetining yuridik fakultetini bitirgan.

1976-1987-yillarda Qashqadaryo viloyati prokuraturasida tergovchi, katta tergovchi, bo‘lim boshlig‘i, viloyat prokurorining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

1987-yildan 1990 yilgacha O‘zbekiston SSR prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i, 1990-yildan 1992-yilgacha O‘zbekiston bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatgan.

1992-1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi, 1995-yildan 1998-yilgacha O‘zbekiston bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, 1998-2000-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlagan.

Usmon Xudoyqulov 2000-yildan keyingi faoliyatini «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yuridik boshqarmasi yurist-konsultanti sifatida davom ettirgan.

Militsiya organlaridagi birinchi polkovnik

Qashqadaryo viloyatida polkovnik unvoniga sazovor bo‘lgan birinchi militsiya xodimi Saydulla Zamonov hisoblanadi. U 1924-yilda G‘uzor tumanida tug‘ilgan.

1942-yilda Saydulla Zamonov ko‘plab o‘zbek o‘g‘lonlari safida frontga, fashistlarga qarshi jangga otlanadi. U dastlab Xabarovsk viloyatidagi 58-polkda, so‘ngra Kishinyov shahridagi 60-polkda xizmat qiladi. Ko‘plab qirg‘inbarot janglarda ishtirok etadi, bir necha marotaba og‘ir jarohat olib, tuzalgach yana jangga qaytadi. Sovet askarlari safida Berlinga qadar nemislarni ta’qib etib boradi.

Urushdan so‘ng Saydulla Zamonov Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyati Kotov tumani ichki ishlar bo‘limida militsioner vazifasida ishlaydi.

1951-yilda G‘uzor tumaniga qaytib, tuman ichki ishlar bo‘limi noziri sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Turli yillarda G‘uzor va Shahrisabz shahar ichki ishlar bo‘limlarida qator lavozimlarda ishlaydi. 1958-1972-yillarda Shahrisabz tumani ichki ishlar bo‘limiga rahbarlik qiladi. 1972-1975-yillarda Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xizmat bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritdi.

Saydulla Zamonov 1975-yilda, 51 yoshida olamdan o‘tgan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version