Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Pedagoglikdan Bosh vazirlikkacha
Jamiyat

Pedagoglikdan Bosh vazirlikkacha

Qashqadaryo viloyatidan yetishib chiqqan, turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan, yuksak darajada e’tirof etilgan va etilayotgan insonlar ko‘p. Jumladan, sobiq ittifoq davrida boshqaruv ishida qatnashgan ayrim shaxslar hayoti o‘rganishga va ibrat olishga loyiq.

Qashqadaryoga oid

1912-yilda Qamashi tumanida tug‘ilgan Rahmonqul Qurbonov sobiq ittifoq davrida hozirgi Bosh vazir lavozimiga teng mansabda ishlagan.

Asli uning dastlabki faoliyati pedagoglikdan boshlangan. So‘ng Termiz ijroiya komiteti birinchi kotibi bo‘lib ishlagan.

1943-yilda Qashqadaryo viloyati ijroiya komiteti birinchi kotibi etib tayinlangan. 1946-1949-yillarda – Oliy partiya maktabi tinglovchisi sifatida siyosiy saboqlar olgan.

1949-1951-yillarda Chinobod tumani, 1951-1952-yillarda Izboskan tumani, 1952-1956-yillarda Qashqadaryo viloyati, 1956-1961-yillarda Andijon viloyati ijroiya komitetlari birinchi kotibi bo‘lgan. 1961-1971-yillarda O‘zbekiston SSR Ministrlar soveti raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 1971-1975-yillarda O‘zbekiston SSR sovxoz ministri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Rahmonqul Qurbonov qattol sho‘ro siyosatining  begunoh qurboni bo‘lib, soxta ayblov bilan 1976-yilda 8 yilga qamalgan 1979-yilda Oliy Sud qarori bilan oqlangan.

1979-yildan «Qarshiqurilish» boshqarmasi «Qarshitselinxlopok» tresti direktorining 1-o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatgan.

Rahmonqul Qurbonov O‘zbekiston Ministrlar sovetiga raislik qilgan davrda O‘zbekistonning xalqaro miqyosda obro‘-e’tibori ortishida, millionlab gektar yangi yerlar o‘zlashtirilishida, Toshkentda yuz bergan zilzila oqibatlarini tugatishda uning hissasi zalvorli bo‘lgan. Bu insonning bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida Ozod Parmonov va Poyon Ravshanovning «Bosh vazir qissasi» kitobi chop qilingan.

Sharof Rashidov bilan yonma-yon

Atoqli davlat arbobi O‘lja Otaqulov 1930-yilda Qarshi tumanidagi Taxtapul qishlog‘ida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limni Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘z qishlog‘idagi va qo‘shni hudud maktablarida oladi. Qarshi shahridagi maktab-internat kechki bo‘limida o‘qiydi.

1949-yilda Qarshi o‘qituvchilar tayyorlash institutiga o‘qishga kiradi. 1950-yil fevralda harbiy-dengiz flotida xizmat qilish uchun  Kaliningrad (Kyonigsberg) shahriga yuboriladi. Harbiy tayyorgarlikdan so‘ng Leningrad shahridagi harbiy qismga joylashadi va batalyon starshinasi lavozimida faoliyat yuritadi. 1951-yilda Leningraddagi Jdanov nomli harbiy-dengiz flotining Oliy siyosiy qo‘mondonligiga o‘qishga kiradi.

1953-yilda Moskva yaqinidagi Vladimir shahrida faoliyatini davom ettiradi va o‘sha yili harbiy xizmatni yakunlab, tug‘ilib-o‘sgan Taxtapul qishlog‘iga qaytadi. Shundan so‘ng, Qarshi o‘qituvchilar tayyorlash institutidagi tahsilni davom ettiradi.

Bilimi, iqtidori va harakatchanligi bilan e’tibor qozongan O‘lja Otaqulov 1956- yilda Qarshi shahar komsomol komiteti bo‘lim boshlig‘i lavozimiga tayinlanadi.  Samarali faoliyati e’tirof etilib, Respublika Komsomol markaziy komitetiga ishga taklif etiladi va tashkiliy bo‘lim instruktori lavozimida faoliyat boshlaydi. Bir muddatdan so‘ng Buxoro viloyatiga kurator (mas’ul) etib tayinlanadi. Shu orada Toshkent davlat pedagogika institutida sirtdan tahsil oladi.

Mas’uliyatliligi va tirishqoqligi o‘sha vaqtda  O‘zbekiston Kompartiyasi birinchi sekretari Sharof Rashidov e’tiboriga tushib, O‘lja Otaqulov partiya tashkiliy bo‘limi instruktori lavozimiga tayinlanadi. 1965-yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Komiteti tashkiliy bo‘limi inspektori lavozimida faoliyatini davom ettirib, Samarqand viloyatiga kurator (mas’ul) sifatida qo‘yiladi.

O‘lja Otaqulov 1970-yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Komiteti tashkiliy bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanadi. Tashkilotchilik qobiliyati va aqliy salohiyati uning 1977-yilda Namangan viloyati tashkil etilishi munosabati bilan Namangan obkom partiyasi bo‘lim boshlig‘i lavozimida samarali ishlashiga imkon beradi.

1979-1985-yillarda O‘lja Otaqulov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Komiteti partiya komissiyasi raisi lavozimida mehnat qildi. 1992-1994-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat nazorat  komitetida bosh inspektor lavozimida, 1994-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Mulk qo‘mitasi umumiy bo‘limida ishladi. 15 yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Komiteti apparat byurosi a’zosi sifatida faoliyat olib bordi.

O‘lja Otaqulov respublikamizdagi ko‘plab davlat arboblari va rahbarlarning ustoz-maslahatchisi sifatida e’tirof etiladi.

2017-yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

Neft-gaz sanoati darg‘asi

1945-yilda G‘uzor tumanida tug‘ilgan Qayum Haqqulovning butun faoliyati mamlakatimiz neft-gaz sanoati bilan bog‘liq. U ish faoliyatini 1967-yilda «Qarshineftgaz» qidiruv trestida oddiy ishchilikdan boshlagan. Keyinroq parmalovchiga yordamchi, parmalovchi, parmalash ustasi va katta muhandis kabi vazifalarda samarali mehnat qilgan. O‘zining bilimi,  tirishqoqligi, izlanish va intilishlari bilan jamoada e’tibor qozongan.

Aynan shu yillar Qayum Haqqulovning keyingi faoliyati uchun tom ma’noda tamal toshi bo‘lgan deyish mumkin.  U bu yerda neft-gaz sanoati ishini eng quyi tizimidan boshlab amalda o‘rgandi, sohada yetarli tajriba to‘pladi.

1974-yildan 1991-yilga qadar Qayum Haqqulov neft-gaz sanoati tizimidagi turli tashkilotlarda mas’ul vazifalarda ishladi.

1992-yilda esa Qayum Haqqulov Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Kabineti raisining o‘rinbosari vazifasiga tayinlandi. 1993-yildan esa «O‘zbekneftgaz» konserni rahbari vazifasida ish boshladi. Bu vazifa Bosh vazir o‘rinbosari maqomida hisoblanardi.

Qayum Haqqulovning neft-gaz sohasida xizmatlari hukumatimiz tomonidan yuqori e’tirof etilib, u davlatimizning bir qator yuksak orden va unvonlari bilan taqdirlangan.

Qashqadaryolik birinchi professor va rektor ayol kim?

Nortosh O‘ljaboyeva Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari xotin-qiz professor-o‘qituvchilaridan birinchi bo‘lib professor ilmiy unvoniga (1991-yilda) sazovor bo‘lgan hamda Qarshi davlat universiteti (sobiq pedagogika instituti) tarixida rektor etib tayinlangan dastlabki ayol sanaladi.

U 1940-yilda Qarshi tumanidagi Yertepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatining dastlabki davrlarida, ya’ni 1963-1980 yillarda Qarshi davlat pedagogika instituti tarix kafedrasida katta o‘qituvchi, kafedra dotsenti vazifalarida mehnat qilgan. 1980-1987-yillarda institutning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, 1987-yildan 1992-yil fevralgacha Qarshi davlat pedagogika instituti rektori va shu yilning iyun oyigacha Qarshi davlat universitetining birinchi rektori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Shu bilan birga, 1988-1998-yillarda Respublika bolalar jamg‘armasi viloyat bo‘limiga rahbarlik qilgan.

Nortosh O‘ljaboyeva 1974-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix institutida «1946-1970-yillarda O‘zbekistonda xalq ta’limining rivojlanishi» mavzusida tarix fanlari nomzodi dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘zbekistonda maorif, fan, madaniyat va ma’rifatni rivojlanishiga, sug‘orish tizimlari va sug‘orma dehqonchilik taraqqiyoti muammolariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq ilmiy, ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy maqolalar, ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyalar muallifidir.

Nortosh O‘ljaboyeva 1992-1993-yillarda viloyat hokimligida millatlararo munosabatlarni  mustahkamlash, nuroniylar, yoshlar va din vakillari bilan ishlash masalalari bo‘yicha mutaxassislar guruhi ishini boshqargan. Nortosh O‘ljaboyevaning fidokorona mehnatlari munosib taqdirlanib, davlatimizning qator mukofotlariga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi xalq maorifi a’lochisi. 1983-1994-yillarda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahar kengashlariga deputat etib saylangan.

Ko‘p yillik izlanishlari hamda kuzatuvlari tufayli 250 dan ortiq turli kasalliklar va  xastaliklarni xalq tabobati usullari bilan davolashga bag‘ishlangan «Xalq tabobati xazinasidan javohirlar» kitobini nashrdan chiqargan. Shuningdek, Nortosh O‘ljaboyeva O‘zbekiston xalq tabobati akademiyasining haqiqiy a’zosi, 2009-yilda akademiyaning «Abu Ali ibn Sino» oltin medali bilan mukofotlangan.

Sambo bo‘yicha o‘zbeklardan chiqqan birinchi chempion

O‘zbek kurashining yorqin namoyandasi, o‘zbeklardan sambo bo‘yicha birinchi SSSR chempioni, birinchi xalqaro klassdagi sport masteri (ustasi) Xushvaqt Ro‘ziqulov 1943-yilda Kitob tumanidagi Yakkatut qishlog‘ida tug‘ilgan.

Armiya xizmatini o‘taganidan keyin sportga bo‘lgan qiziqish uni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti sport seksiyasiga boshlaydi. Bu yerda murabbiy V.P.Gulyayev unga kurash sirlarini o‘rgatadi. Xushvaqt Ro‘ziqulov qurilishda ishlash bilan birga, kechasi sambo mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanardi.

1967-yilda Rigada sambo bo‘yicha birinchi rasmiy xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi, unda Bolgariya, Yugoslaviya, Mo‘g‘uliston, Yaponiya sportchilari qatorida sobiq ittifoq terma jamoasi tarkibida  Xushvaqt Ro‘ziqulov ham ishtirok etib, kuch va mahoratini namoyish etadi.

Xushvaqt Ro‘ziqulov 1969-1970-yillarda o‘tkazilgan sobiq ittifoq birinchiligining ilk o‘zbek sovrindori bo‘lgan. Sambo kurashi bo‘yicha 1968-yilgi sobiq ittifoq chempioni. Sambo bo‘yicha I va II xalqaro turnirlar g‘olibi.

Xushvaqt Ro‘ziqulov 1972-yilda Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida sport instruktori, 1973-yilda Kitob tumani «Paxtakor» sport jamiyati sport instruktori bo‘lib ishlagan. U 1979-yilda kasallik tufayli olamdan o‘tgan.

Ulkan tajriba, tirishqoq va g‘alabaga bo‘lgan yuksak iroda kuchiga ega polvon sifatida e’tirof etiladi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version