Xitoyning Chunsin shahrida o‘tayotgan sakrash dasturlari bo‘yicha Osiyo chempionatida qashqadaryolik yengil atletikachi Barnoxon Sayfullayeva oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sportchi balandlikka sakrash musobaqasida 1,83 metr natija qayd etib, yana bir bor Osiyo chempioni bo‘ldi.
Barnoxon Sayfullayeva Kasbi tumanida tug‘ilgan. 21 yoshli sportchi hozirga qadar 50 tadan ortiq mamlakat va xalqaro miqyosdagi rasmiy musobaqalarda ishtirok etib, ularda 40 taga yaqin oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlangan.
U 2022-yilda Quvaytda (U18 yosh toifasida, zabt etilgan balandlik: 1,84 metr), 2023-yilda Koreyada (U20. 1,84 metr), 2024-yilda esa Birlashgan Arab Amirliklarida (U20. 1,83 metr) o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida ham eng yuqori natijalar qayd etib, shohsupaga ko‘tarilgan.
Barnoxon Sayfullayeva yengil atletika bilan jiddiy shug‘ullanishni 5-sinfligida boshlagan va ko‘p o‘tmay O‘zbekiston chempionatida balandlikka sakrash bo‘yicha shu yosh toifasidagi mamlakat rekordini yangilab, ilk oltin medalini qo‘lga kiritgan edi.