Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Qashqadaryoning birinchi viloyat prokurori
Jamiyat

Qashqadaryoning birinchi viloyat prokurori

Qashqadaryo viloyatidan yetishib chiqqan birinchi prokuror Narzulla Lutfullayev (1925-2008) haqida avval ma’lumot bergan edik.

Bugun Qashqadaryoning birinchi viloyat prokurori lavozimida ishlagan shaxs haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1924-yilda Qashqadaryoda 5 ta hudud: Behbudiy, Koson, Chiroqchi, G‘uzor va Shahrisabz tumanlarida xalq sudlari tashkil qilingan. Dastlab, prokuratura alohida organ sifatida bo‘lmagan, balki viloyat sudida unga bo‘ysunuvchi va davlat ayblovini qo‘llovchi prokuror vazifasi bo‘lgan. Bu vazifani o‘sha vaqtda Klevakin degan shaxs bajarib turgan.

XX asrning 20-yillariga xos jihatlardan yana biri nafaqat mahalliy aholi, balki boshqa millat vakillaridan ham aynan yuridik ma’lumotga ega kadrlar yetishmagan. Shuning uchun, deyarli har yili viloyat prokurorlari almashib turgan, o‘qish va yozishni biladigan, ayniqsa, rus tilini oz-moz tushunadigan va partiya a’zosi bo‘lganlar prokuraturaga ishga tayinlanavergan. Kadrlar tanqisligi sababli, ularning shaxsiy va ishchanlik sifatlariga deyarli e’tibor berilmagan.

Qashqadaryoning birinchi viloyat prokurori Viktor Kurmayev bo‘lgan. Bu haqda Qashqadaryo obkomi ijroiya qo‘mitasining 1925-yil 21-iyuldagi shoshilinch majlisi bayonnomasida shunday deyiladi: «Respublika Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasidan kelgan o‘rtoq Kurmayev viloyat prokurori etib tasdiqlansin, o‘rtoq Klevakin partiyasiz bo‘lganligi va kadrlar yetishmasligi uchun qoldirilsin. Markaziy qo‘mitadan viloyat prokurorining o‘rinbosarligi uchun ikki malakali xodim ajratishni Narkomyustdan so‘rash lozimligi qayd qilinsin».

Shunga ko‘ra, 1925-yilda viloyat  prokuraturasining tarkibi sakkiz kishidan iborat bo‘lgan: 1) Viktor Kurmayev – viloyat prokurori, millati tatar; 2) G‘aybulla Mansurov – prokuror yordamchisi, o‘zbek; 3) Avvak Arustamov – prokuror yordamchisi, arman; 4) Mixail Lichetskiy – kotib, millati yahudiy; 5) Amir Kamilov – kotib yordamchisi, o‘zbek; 6) D.Pustimskaya – ish yurituvchi, millati rus; 7) Aleksandra Gubarina – mashinistka, millati rus; 8) Said Samadov – xat tashuvchi, o‘zbek.

1926-yil 4-avgustda V.Kurmayev Toshkentdagi Markaziy qo‘mitaga ishga ketganligi sababli, uning o‘rniga Abduraim Abdishukurov viloyat prokurori etib tayinlangan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version