2024-yil yakuniga ko‘ra, Qashqadaryoga xorijdan import qilingan mahsulotlarning eng katta qismi Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan, vohamiz eksportida esa eng salmoqli hissa Amerika Qo‘shma Shtatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Dolzarb statistika
Viloyat statistika boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yil davomida qashqadaryolik ishbilarmonlar jahonning 84 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirishgan, natijada viloyat tashqi savdo aylanmasi hajmi 1 milliard 146,9 million dollar (2023-yilga nisbatan o‘sish sur’ati – 155,5 foiz)ni tashkil etgan.
E’tiborlisi, ushbu ko‘rsatkichning bir yilda qariyb 410 million dollarga ortishi viloyatimizda bir yo‘la ham import, ham eksport hajmlarining sezilarli darajada ko‘payishi hisobidan ta’minlangan. Xususan, import hajmi 2023-yilgi tegishli raqam (310 million dollar) bilan taqqoslaganda 2 baravar oshgan va 632,8 million dollarga yetgan. Eksport hajmining oldingi yilga nisbatan o‘sish sur’ati 120,2 foizga teng bo‘lib, 514,1 million dollargacha ko‘tarilgan. Tashqi savdo balansi saldosi manfiy bo‘lib, – 118,7 million dollardan iborat.
Viloyatimiz tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega davlatlar – bu Xitoy (23,7 foiz), Turkiya (20,5 foiz), AQSH (10,3 foiz), Rossiya (9,1 foiz), Pokiston (3,6 foiz), Birlashgan Arab Amirliklari (3,4 foiz) va Germaniya (3,2 foiz). Xususan, vohamizning import borasidagi eng katta hamkori 2023-yildagidek Xitoy Xalq Respublikasi bo‘lib qolmoqda. Osmonosti mamlakati kompaniyalari 2024-yilda viloyatimizga 248,6 million dollarlik mahsulotlar yetkazib berishgan va Xitoyning viloyatimiz jami importidagi ulushi 39,3 foizni tashkil etgan. Viloyatimizga o‘tgan yilda eng ko‘p tovar va texnologiyalar sotgan davlatlar beshligidan, shuningdek, Turkiya (import hajmi – 168,8 million dollar, ulushi – 26,7 foiz), Niderlandiya (36,7 million dollar; 5,8 foiz), Germaniya (36,6 million dollar; 5,8 foiz) va Yaponiya (35,5 million dollar; 5,6 foiz) ham o‘rin olgan. Mutaxassislar buni viloyatimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, shu jumladan, Nishon tumanida quvvati 400 megavattga teng gaz-porshenli elektr stansiyasi hamda Talimarjon IESning navbatdagi ikkita yangi bloki qurilishi doirasida ko‘plab asbob-uskuna va jihozlar keltirilishi bilan bog‘lashmoqda. Odatda Qashqadaryoga import hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallab kelgan Rossiya Federatsiyasi esa 2024-yil yakuniga ko‘ra bu borada kuchli beshlikka kira olmadi va 22,6 million dollar hamda 3,6 foizlik ko‘rsatkichlar bilan oltinchi o‘rinda qolib ketdi.
Qashqadaryo mahsulotlari eng ko‘p eksport qilingan mamlakat sifatida esa 2024- yil yakuni bo‘yicha ilk bor Amerika Qo‘shma Shtatlari e’tirof etilmoqda. Vaholanki, yaqin-yaqingacha viloyatimizdan AQShga sotiladigan tovarlar hajmi bir yilda 100 million dollar tugul, balki 100 ming dollarga ham yetmas edi. 2023-yilda vaziyat tubdan o‘zgarib, AQSH kompaniyalari vohamizdan xarid qilgan mahsulotlar hajmi 23,5 million dollar (ya’ni Qashqadaryo jami eksportining 5,5 foizi)ni tashkil etdi. Soha vakillari bu keskin o‘sish AQShning «Air Products» kompaniyasi hamda mamlakatimiz hukumati va «O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida tuzilgan kelishuvning samarasi ekani, zero, unga ko‘ra «Uzbekistan GTL» zavodida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xorijga va xususan AQShga ham sotilishi ko‘payganini ta’kidlashmoqda. Ko‘p jihatdan aynan shu omil tufayli o‘tgan yili viloyatimizdan AQShga eksport qilingan mahsulotlar hajmi 113,6 million dollar, mazkur mamlakatning viloyatimiz jami eksportidagi ulushi esa 22,1 foizga yetdi.
Ayni paytda Qashqadaryoning eksport bo‘yicha o‘tgan yilgi eng yirik hamkorlari ro‘yxatidan Rossiya Federatsiyasi (81,3 million dollar; 15,8 foiz), Turkiya (66,3 million dollar; 12,9 foiz), Birlashgan Arab Amirliklari (37,2 million dollar; 7,2 foiz), Pokiston (35,9 million dollar; 7 foiz), Afg‘oniston (25,2 million dollar, 4,9 foiz) va Xitoy (22,8 million dollar; 4,4 foiz) kabi mamlakatlar ham joy egallagan.
Vohamizning o‘tgan yilgi importi va eksporti tarkibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, viloyatimizga xorijdan ko‘proq mashinalar va transport vositalari (jami importning 80 foizidan ortiq), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash materiallar (9,9 foiz), sanoat tovarlari (3,2 foiz) hamda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (2,5 foiz) olib kelingan. Chet elga esa asosan to‘qimachilik mahsulotlaridan iborat sanoat tovarlari (jami eksportning 49 foizi), mineral yoqilg‘i, yog‘lash moylari va shunga o‘xshash materiallar (33,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (13,9 foiz) sotilgan, jumladan, jahonning 15 dan ortiq mamlakatiga 111 ming tonna meva va sabzavot mahsulotlari yetkazib berilgan.
Temur NIZOMOV tayyorladi.
