O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ushbu ta’rifni davlat va jamoat arbobi Narzi Akromovani nazarda tutib aytgan. Xo‘sh, u ayol kim?
Narzi Akromova 1921-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1964-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining tarix fakultetini sirtdan tamomlagan.
Mehnat faoliyati o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlari, 7-sinfdaligidayoq boshlagan. Kechki maktabda dars bergan. Yetti yillik maktabni tugatib, kolxozga ishga kirgan. Kolxoz boshlang‘ich komsomol tashkilotining kotibi bo‘lib ishlagan. Komsomol paxtachilik zvenosiga boshchilik qilgan.
Narzi Akromova 1938-yilda Buxoro shahar komsomol qo‘mitasining ikkinchi kotibi vazifasiga saylangan. 1939-yilda Toshkentdagi komsomol rahbarlarini tayyorlash kursida o‘qigan. So‘ngra Sverdlov tumani komsomol qo‘mitasining ikkinchi kotibi vazifasiga tayinlangan. 1940- yilda Buxoro komsomol qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylangan.
1943-yilda Qashqadaryo Buxoro viloyatidan ajralib, yana alohida viloyat sifatida tashkil etilgach, Narzi Akromova Qashqadaryo viloyati komsomol qo‘mitasining kadrlar bo‘yicha kotibi etib tayinlangan. Keyin G‘uzor tumaniga ishga yuborilgan. Kadrlar bo‘yicha tuman qo‘mitasi kotibi va ikkinchi kotib vazifalarida ishlagan. 1954-yili Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasida bo‘lim boshlig‘i vazifasiga tayinlangan.
Ma’lumki, 1960-yilda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari birlashtiriladi. O‘shanda Narzi Akromova, hozirgi til bilan aytganda, Qarshi shahar hokimi muovini, keyin Qarshi shahar hokimi vazifasida faoliyat olib boradi. Shaharda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. 1965 yilda Qashqadaryo viloyati yana ajralib chiqadi. Narzi Akromova esa Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i vazifasiga tayinlanadi.
Narzi Akromova viloyatdagi ko‘plab kadrlarga ustozlik qilgan. «Qashqadaryoning katta opasi» degan ta’rif ham shu munosabat bilan aytilgan.
U «Hurmat belgisi» ordeni, «Shuhrat» medali, «Ulug‘ Vatan urushi g‘alabasiga 30 yil» esdalik nishoni hamda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.