Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Qashqadaryoning mustaqillikdan keyingi birinchi hokimi
Jamiyat

Qashqadaryoning mustaqillikdan keyingi birinchi hokimi

Qashqadaryoga oid

Temir Po‘latovich Xidirov 1945-yil 14-noyabrda Qarshi tumanining Gungon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. So‘ng Qashqadaryo viloyati sug‘orish tizimlari boshqarmasi muhandisi, Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi birlashgan boshqarmasi bosh muhandisi vazifasida ish olib borgan. Shuningdek, Yakkabog‘ KMK boshlig‘i va Qashqadaryo viloyati «Eskiangarkanalstroy» tresti KMK boshlig‘i bo‘lgan.

1973-yildan 1991-yilgacha kommunistik partiya a’zosi bo‘lib, 1976-yildan boshlab O‘zbekiston kompartiyasi Qashqadaryo viloyati qo‘mitasi sektor mudiri lavozimida ishlagan. 1980-yilda Toshkent Oliy partiya maktabini tamomlagan.

1983-yilda  partiya markaziy qo‘mitasida instruktor bo‘lib ishlagan. 1984-yildan Qashqadaryo viloyati qo‘mitasi bo‘lim mudiri va Qarshi tumani qo‘mitasi birinchi kotibi vazifasida faoliyat yuritgan.

1988-yildan O‘zbekiston kompartiyasi Qashqadaryo viloyati qo‘mitasi kotibi va 1990-yildan Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi. 1991-yil may oyidan O‘zbekiston kommunistik partiyasi Qashqadaryo viloyati qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lgan.

1992-yil 27-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning buyrug‘i bilan Temir Xidirov Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan. Ushbu vazifada 1995-yilgacha faoliyat olib borgan.

Gulshanmi, ko‘li shan?

Bilasiz, Qarshi shahridagi Jayhun ko‘chasi va Qarshi-Shahrisabz yo‘li kesishmasi tarafda Gulshan nomli mahalla bor. Ushbu joy nomi gulzor degan ma’noni anglatadimi yoki boshqa ma’noga egami?

Bu borada viloyatda eng yirik mutaxassis sanalgan To‘ra Nafasov ma’lumotlariga tayansak, eski «Qarshi»  choyxonasi shimolidagi baland joy – Katari tepaligi atrofi o‘tmishda ko‘l bo‘lgan. Ana shu ko‘l Gulshan, Gulshang deb atalgan. Ko‘lga Beshkent ariqdan suv tushgan. Tepalikning orqa tomonidan Qorasuv G‘uzor tomondan oqib kelib Qashqadaryoga quyilgan. Katari tepaligi suv bilan o‘rab olingan  bo‘lib, o‘tmishda yirik qo‘rg‘on bo‘lgan.

Gulshan – tojikcha so‘z. Gul ko‘p o‘sgan joy, gul ekib obod qilingan joy – gulshan. Bu – gulshan so‘zining hozirgi ma’nosi. O‘tmishda boshqa ma’nolari bo‘lgani ham ehtimoldan yiroq emas. Mutaxassisning fikricha, ko‘l+i+shan birikmasining o‘zgargan shakli bo‘lishi ham mumkin. Ko‘lishan – katta ko‘l yoki chuqur ko‘l degani.

Cho‘li ota kim?

Qarshi tumanidagi Cho‘liota degan joy haqida ko‘p eshitganmiz. Xo‘sh, bu joy nomi qanday ma’no bildiradi, Cho‘li ota kim?

Gap shundaki, qishloq xo‘jaligi sohasining haqiqiy fidoyisi va yetuk bilimdoni, o‘zining mohir tashkilotchilik va jonkuyar rahbarlik faoliyati bilan nom qozongan Cho‘li Begimqulov ayni shu yerda tug‘ilgan, aniqrog‘i, 1902-yilda Qarshi tumanining Dasht qishlog‘ida dunyoga kelgan. Ayni shu odamning ismi keyinchalik hudud nomiga ko‘chgan.

Bunga bois shuki, barvasta kelbatli, polvonsifat Cho‘li Begimqulov yoshlik yillaridayoq o‘zidagi tashkilotchilik, rahbarlik, boshqalarni ortidan ergashtira olish sifatlarini namoyon etgan. O‘tgan asr 30-yillarida kolxozlashtirish harakati boshlangach, o‘zi yashab turgan hududda kolxoz tashkil etgan. 1931-yilda o‘sha kolxozga, 1939-yilda esa tuman ijroiya qo‘mitasiga rais etib saylanadi.

Cho‘li Begimqulov 1943-yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga rahbarlik qiladi. Shu yildan 1945-yilga qadar viloyat ijroiya qo‘mitasiga rahbarlik qiladi.

1945-yildan yana o‘zining avvalgi ishiga qaytib, kolxoz raisi sifatida faoliyat yurita boshlaydi. Cho‘li Begimqulov rahbarligida kolxozda dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish salmog‘i yil sayin ortib boradi. Ayniqsa, qorako‘lchilikda juda katta yutuqlarga erishiladi. Natijada 1946, 1947, 1957 yillarda o‘z davrining eng yuksak ordenlari bilan taqdirlanadi. 1958-yilda esa Cho‘li Begimqulovga «Mehnat qahramoni» unvoni beriladi.

Cho‘li Begimqulov 1963-yilda, 61 yoshida vafot etgan. 1973-yildan u rahbarlik qilgan kolxoz Cho‘li Begimqulov nomi bilan atalgan.

Kolxozdan adabiyotga…

Iste’dodli o‘zbek adabiyotshunosi Bobomurod Daminov 1913-yilda Qamashi tumanidagi Do‘stberdi qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan.

O‘rta ma’lumot olgach, Samarqand davlat universiteti va Moskvada oliy partiya maktabida tahsil oladi. Buxoro va Samarqand viloyatlarida tuman partiya qo‘mitasida, sovxoz direktori, kolxoz raisi lavozimlarida xizmat qiladi.

Bobomurod Daminov ijod bilan muntazam shug‘ullangan. Uning «Odamdan yaxshi nom qolsin», «Momo yer nafasi», «Bobo dehqon», «Adolat, senga ta’zim», «Tomir», «Tugallanmagan portret», «Abadiyat lahzalari» nomli kitoblari nashr etilgan. «Ishonish kerak» romani, «Ruxsora» qissasi va qator hikoyalari Moskvadagi «Sovetskiy pisatel» nashriyotida rus tilida ko‘p ming nusxada chop etilgan. 25 yil mobaynida 4 jilddan iborat «Peshonada bori» («Endi g‘ingshima», «Taqdir o‘yini», «Jang maydoni», «Tosh bo‘lsin-a») tetralogiyasini yozib tamomlagan. Mazkur romanlarida muallif azaliy insoniy munosabatlar mavzusiga yangicha nazar tashlaydi.

Bobomurod Daminov «El-yurt hurmati» ordeni, «Shuhrat» medali, O‘zbekiston Respublikasi Davlat  mustaqilligi munosabati bilan esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Jovlining ma’nosi nima?

Eskining odamlariga Jovli degan ism qo‘yilgan. Kishilar ko‘z ardog‘i, farzandi arjumandiga ravo ko‘rgan bu so‘zning ma’nosi nima?

Bu haqda atoqli shoir Eshqobil Shukurning «Boboso‘z izidan» kitobida quyidagilarni o‘qiymiz:

«Jovli so‘zini «moyli» ma’nosida tushunamiz. Moyli degan ismlar ham bor. Yog‘ni shevada jov ham deyishadi. Xullas, biz uchun Jovli – «moyli»dir. Men «Qutadg‘u bilig»ni varaqlab o‘tirib, «javli» so‘zining boshqacha ma’nosiga duch keldim:

Kelir qut kishikӓ ati javlanur.

Ma’nosi:

Kishiga baxt keladi, oti shuhratlanur.

Mahmud Koshg‘ariyda javli so‘zi ǰawlї va chawlї shaklida berilib, ma’nosi yoqish uchun qo‘llanadigan yong‘oq po‘chog‘i deb izohlanadi. Lekin Koshg‘ariy chawlandї so‘zini «shuhrat qozondi» degan ma’noda izohlaydi. To‘n yuquq va Moyun Chur bitiktoshlarida čav so‘zi «shuhrat, dong, mashhur, nomdor» ma’nolarida keladi. XIV asrga oid «Kitab at tuhfa az-zakiyya» lug‘atida shavli so‘zi «taniqli, shuhratli» ma’nolarida kelgan. Balki shov-shuv so‘zidagi shov o‘sha shavli so‘ziga aloqador emasmikin? «Izohli lug‘at»imizda shov so‘zi shunga o‘xshash tovushdan deyilgan. Shovqin so‘zi ham asli shu «shov-shuv»dagi «shov»dan kelib chiqqan bo‘lishi kerak. Xullas, shuncha manbalarni ko‘rib, Jovli moyli deganimikin yo shuhratli deganimikin deb o‘ylab qoldim. Lekin baribir biz uchun Jovliboy moyli boy-da».

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version