2025-2026-yillarda respublikamiz tog‘ va tog‘oldi hududlarida 500 gektarda «terrasa» usulida daraxt va buta ko‘chatlarini ekib, o‘rmon barpo etish rejalashtirilgan. E’tiborlisi, bunday «terrasali o‘rmon»larning 184 gektari (qariyb 37 foizi) Qashqadaryodagi tog‘ va adir qiyaliklarida paydo bo‘lishi lozim.
Rivojlanish strategiyasi
Ushbu raqamlar mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 30 maydagi farmoni va qarori ilovalarida keltirilgan ekan, ularga ko‘ra, «terrasa» usulida daraxt va buta ko‘chatlari ekiladigan tog‘ va tog‘oldi hududlari ro‘yxatiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi 15 ta tuman, shu jumladan, vohamizning Kitob (48 gektar), Shahrisabz (20), Yakkabog‘ (20), Qamashi (56) va Dehqonobod (40) tumanlari kiritilgan.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ga muvofiq, yurtimizda o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirib, cho‘llanishga qarshi kurashish borasida muhim o‘rin tutadigan mazkur chora-tadbirlar Jahon bankining kredit mablag‘i hisobidan O‘rmon agentligi va uning tizim tashkilotlari hamda «Yashilloyiha» loyihalash instituti mas’ulligida amalga oshiriladi. Joriy yil avgust oyida bu loyihalash instituti «terrasa» usulida barpo etiladigan o‘rmonlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishi, noyabr oyida esa ularni barpo etish ishlari bajarilishi lozim.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, butun dunyoda qadim zamondan tog‘ va adir qiyaliklarida dehqonchilik qilish uchun keng qo‘llaniladigan «terrasa» usuli, ya’ni zinapoya shaklida tekis maydonlarni hosil qilish amaliyoti o‘simliklarning vertikal o‘sishi va agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini osonlashtiradi, tuproq yemirilishi hamda suv va foydali moddalar yo‘qotilishini qisqartiradi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining «O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga asosan 2025-2030-yillarda viloyatimizda 4 ming 260 gektar (har yili 650-780 gektar)da o‘rmonlar barpo etish va qayta tiklash, shuningdek, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda cho‘llanish va qum ko‘chishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida 1 ming 540 gektar (har yili 210-300 gektar)da himoya o‘rmonzorlarini yaratish nazarda tutilgan.
2025-yilda vohamizda 462,8 gektar o‘rmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor (achchiq bodom, dalachoy, malina, moychechak, na’matak, tirnoqgul, tog‘rayhon, qizil do‘lana va boshqa) o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilishi prognoz qilinmoqda. Keyingi yillarda yaratiladigan yangi plantatsiyalarning maydoni yanada kengayib boradi va 2030-yilda 597,4 gektarga yetkaziladi. Ayni paytda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda viloyatimizda Ekologiya vazirligi tizimidagi davlat o‘rmon xo‘jaliklari, davlat o‘rmon-ovchilik xo‘jaliklari, ilmiy-tajriba stansiyalari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan 353 tonna (har yili 54 tonnadan 85 tonnagacha) daraxt va butalar urug‘lari tayyorlanib, 94,5 million dona (har yili 13,5 milliontadan 19,4 milliontagacha) nihol va ko‘chatlar yetishtiriladi.
Ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan SHo‘rtan va Kitob davlat o‘rmon xo‘jaliklarida 2025-2030-yillarda jami 3,5 million donadan ortiq ko‘chat, shu jumladan, 1 million 775 ming dona yaproqbarglilar (shumtol, qayrag‘och, zarang, katalpa, yapon saforasi, terak, tol, eman, kashtan, akatsiya), 355 ming dona ignabarglilar (sharq tuyasi, kompakt tuya, virgin archasi, eldor va qrim qarag‘aylari), 1 million 243 ming dona mevalilar (olma, o‘rik, gilos, bodom, yong‘oq) hamda 178 ming dona butalar (forzitsiya, amorfa, shamshod, siren, Suriya atirguli) ko‘chatlari yetishtiriladi.
Ayni paytda O‘rmon agentligining davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ekologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi va xizmatlar turini kengaytirish, xususan, Kitob davlat o‘rmon xo‘jaligida asal ishlab chiqarish va qadoqlashni tashkil etish hamda sanoat va mebelbop daraxt turlaridan plantatsiyalar yaratish, Yakkabog‘ va Shahrisabz davlat o‘rmon xo‘jaliklarida dorivor va rezavor o‘simliklar, Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligida esa pista va bodom yetishtirish hamda terak, pavlovniya va shumtol plantatsiyalarini barpo qilish, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘ davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ekoturizmni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.
O‘z muxbirimiz