Qaror va ijro
Dehqonobod tumani Qo‘rg‘ontosh mahallasi hududida joylashgan Xo‘jaipok ziyoratgohiga tutash tabiiy ko‘l hududida turizm maskanlari tashkil qilinadi. Kitob tumani Bashir turizm qishlog‘i turizm maskaniga; Qarshi shahrida joylashgan Amir Temur ko‘prigi sohilbo‘yi hududi 24/7 savdo va ko‘ngilochar maskanga; G‘uzor tumani Pachkamar suv ombori hamda unga tutash 18 gektar yer maydoni turizm va dam olish maskaniga aylantiriladi. Koson tumani Obod mahallasi hududidagi shifobaxsh issiq suv quduqlari atrofida sog‘lomlashtirish turizm markazi; Shahrisabz tumani Hisorak-G‘yelon-Ko‘l ichki yo‘li bo‘ylaridagi 37,8 gektar yer maydonida yo‘lbo‘yi va turizm xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi.
Prezident 2026-yil 30-aprelda qabul qilgan «Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ushbu loyihalar bo‘yicha master rejalarni ishlab chiqish ko‘rsatmasi berilgan.
Hujjat bilan 2026-2027-yillarda Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 21 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlangan bo‘lib, ushbu davrda hududda jami 26 ta turizm sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, 13 ta mehmonxona, 31 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, 5 ta turizm qishlog‘i va turizm mahallasi, 35 ta oilaviy mehmon uyi, 7 xostel tashkil qilish, 950 ta ish o‘rinini soyadan chiqarish, 1660 ta yangi ish o‘rni ochish, 8 ta turistik tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida belgilangan.
Bunga erishish uchun, jumladan, Shahrisabz tumani Uloch mahallasidagi 500 gektar hududda tashkil etilayotgan agroturizm majmuasi brendi yaratilib, marketingi yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, uning mehmonxonalar majmui, restoran va bog‘ xizmatlarini uyg‘unlashtirgan kontenti ishlab chiqiladi. Brend xorijiy va mahalliy turistik forum hamda yarmarkalarda targ‘ib qilinib, majmuada turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun info va press-turlar tashkil etiladi.
Yana bir misol, Dehqonobod tumanidagi Xo‘jaipok ziyoratgohiga tutash tabiiy ko‘l bo‘yi hududida tashkil etiladigan zamonaviy sog‘lomlashtirish turizmi maskanlari master rejasi havza suvi va balchiq loyining tarkibiga aniqlik kiritgan holda ishlab chiqiladi. Keyin obyektlar joylashtirilishi mo‘ljallangan yer maydonlari lotlarga ajratilib, elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi. Beshbuloq-Xo‘jaipok ichki yo‘lining 46 kilometri ta’mirlanadi.
Umuman, Prezident qarorida turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish yuzasidan hududda 2026-2027-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar batafsil bayon etilgan bo‘lib, ularning ijrochilari va moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgan.
Joriy yil 12-mayda esa viloyat hokimi Qashqadaryoda ushbu hujjat ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan qaror qabul qildi.