Ma’naviyat

Qatralar

SAVIYA

Uning binoyiday ovozi bor edi. Avval  maqom aytdi.  Keyin lirik qo‘shiqlarga o‘tdi. Eshitganlar yaxshi deyishdi-yu, shov-shuv qilishmadi, tanilmadi.

Uning esa tanilgisi keldi. Qo‘shiq «bozori»ni o‘rgandi va qo‘liga ilingan maza-matrasiz she’rga kuy bastaladi. Klip bilan «bezak» berib, beo‘xshov kiyimda yangi qo‘shiq aytib chiqdi…

Aytishga aytdi-yu… Shunaqa qo‘shiq yaratganidan o‘zi uyaldi. Repertuaridan olib tashlamoqchi bo‘ldi va kutilmaganda shu qo‘shig‘i mashhur bo‘lib ketdi. Uniyam osmonlarga uchirib yubordi.

Keyin maza-matrasiz she’rlar yozib, qo‘shiq aytadigan bo‘ldi u…

IJOBAT

Necha yillik orzularini bir zumda ijobat ayladi Xayol.

OJIZLIK

Haqiqat bo‘y ko‘rsatgandi pul ham ip esholmay qoldi…

TAASSUF

Kazo-kazolarning davralarida yurib, hammani og‘ziga qaratgan, hech kimni pisand qilmagan erkak qartayganida ahmoq xotinining chizgan chizig‘idan chiqmay qoldi.

YELPIG‘ICH

U ertalab ko‘chaga chiqsa qo‘shnining nabirasi qo‘lidagi yelpig‘ichni varrak qilib uchirib yuribdi. Yelpig‘ichning yelimlari ajralgan, buyumligini yo‘qotgan…

Allanechuk bo‘lib ketdi u. Kuni kecha keliniga «to‘qqiz» berganida to‘yga kelgan ikki yuzdan ortiq ayolga shu yelpig‘ichdan tarqatib chiqqandi. Xarajat ustida turgan emasmi, pulini o‘ndirguncha necha marta «so‘kish» ham eshitib oldi eridan.

Biroq…

«Shu matohni nimaga oldim? – o‘ziga o‘zi g‘uldiradi u. – Gapirsa gapirsin edi gapiradigani. Endi-chi? Endi gapirmaydimi?..»

Ham uyaldi, ham alam qildi unga…

TILANCHI

U mashinasini bir chetda to‘xtatib, oynasiga sachragan loylarni artayotgandi tilanchilik qilib yurgan ayollardan biri yugurib keldi:

– Xudo yo‘liga sadaqa qiling, jon aka. Bolalarim kasal, dori olishim kerak.  Olloh sizdan rozi bo‘lsin. Hajga boring. Hoji ota bo‘ling…

Haydovchi qo‘lidagi lattani tilanchiga uzatdi:

– Ma, mashinamni artib ber, haqini ko‘nglingdagiday qilib beraman.

Tilanchi aftini jiyirdi:

– Men mashina artamanmi? Men-a?!

QARINDOSH

Qarindoshi vafot etganini eshitib janozaga oshiqdi  va birdan nimadir xayoliga kelib telefonini titkilashga tushdi u.

Qarindoshining uyi qayerdaligini bilmaskan…

O‘ylab ko‘rsa, munosabatlari to‘yxonalardan nariga o‘tmabdi…

Lola O‘ROQOVA

Exit mobile version