Ma’naviyat

Qatralar

Dengiz

Dengiz – ranglar dunyosi. Unda kamalak rangidan-da ko‘p ranglar bor. Biri-biriga o‘xshamas, biri-birini takrorlamas ranglar… Goh alohida-alohida, goh bir-biriga yaqinlashib, uyg‘unlashib, to‘lqin bilan raqsga tushayotgan, quyosh nurida tovlanib, jilva qilayotgan ranglar…

Dengizning butun bo‘y-bastini ko‘rmoqchi bo‘lgan nigohlar uzoq-uzoqlardagi ko‘m-ko‘k ranglarga borib qadaladi. Bu osmon moviyligidan ham to‘qroq rang, go‘yo birov dengiz ustiga ko‘k bo‘yoq to‘kib yuborganday. Shunchalar chiroyliki, oppoq ipakni shu rangga bo‘yab, kashta tikking keladi.

To‘lqinlar yaqinlashgan sari rangi o‘zgaradi. Zangor, yashil, sarg‘ish ranglarga aylanadi. So‘ng shaffof sarg‘ish parda suzib kelib, dengiz ustiga yoyilib ketadi. Quyosh nuri  zangor va sarg‘imtir ranglar ustiga oltin rang shakllar chizadi. Bu shakllar xuddi momolarning kashtasiga o‘xshaydi, to‘rtburchak, olti burchak, ko‘pburchak… Ular bir-biriga chirmashib, tovlanadi, yaltiraydi, to‘lqinlar harakatidan sollanadi, jilvalanadi. Oltin rang nurlar shaffof suv oralab dengiz tubida ham jilvalanib, to‘lqinlar harakatiga mos tebranadi. Bu nur – to‘lqinlarning  soyasi.

Nazaringizda ranglar bir-biri bilan quvlashmachoq o‘ynayotganday… Dengizga  sig‘maganidan  o‘zini qirg‘oqqa urayotganday…

Zarb bilan qumlarga urilgan suvlar oq tusda ko‘piklanib,  mavjlanib, so‘ng qumlar bilan qorishib sarg‘ayadi, yo‘q, yer rangini, tuproq rangini oladi…

To‘lqinlar ostida baliqlar suzib yuribdi. Katta-kichik baliqlar. Yakka-yakka, to‘da-to‘da bo‘lib. Ular ham o‘zicha raqsga tushyapti. Rangin suvlar dunyosida ular ham o‘z rangida raqsga tushib yuribdi.

Baliqlarning Vatani – dengiz. Qiziq, ular ham elmikin,  xalqmikin? Ular ham dengizni bo‘lib olishganmikin? Ular ham dengiz talasharmikin? Bir-biriga qarshi urush e’lon qilarmikin?

Dengiz qolib savollar girdobiga sho‘ng‘ib ketdim…

O‘g‘rilik

Uning puli qolmadi. Eng yomoni, uyida uni qolmadi… Jo‘jabirday jon otaning ko‘ziga ko‘z tikib qoldi. U ko‘zlarini olib qochdi-yu, o‘zini olib qocholmadi. Boshi qotdi.

Shu paytgacha pulga zoriqmagan, bolalarini zoriqtirmagan. Birovning uyini qurib, tomini yopib, sheriklari bilan binoyiday ishlab yurgan. Qayerdan ham tomdan tushib ketdi-yu, sog‘lig‘ini yo‘qotdi. Oldingi shashti, shijoati sindi. Ish chiqsa, sheriklari uni panalab o‘tadigan bo‘lishdi.

Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi. Uning puli qolmadi.  Eng yomoni, uyida uni qolmadi. Jo‘jabirday jon otaning ko‘ziga ko‘z tikib qoldi. U ko‘zlarini olib qochdi-yu, o‘zini olib qocholmadi. Boshi qotdi.

Xayoliga kelgan fikrdan seskanib ketdi. Ammo… Bu holat cho‘zilmadi. Miyasidagi fikr uni xirmon tomon sudrab ketdi… Oyoqlari, yursammi-yurmasammi, deganday qadam bossayam ketaverdi… Zo‘r-bazur, istar-istamas… Bir zum ortiga qaytishniyam xayol qildi. Ammo… Ko‘zlarida chizilgan bolalari suvratini o‘chirib tashlolmadi. Bordi…

Tog‘day yastanib yotgan g‘alla xirmoni bir chetidan kostyumi cho‘ntagiga bug‘doy sola boshladi. Teshik cho‘ntakka tushgan bug‘doylar kostyumning  avra-astari orasida joylashaverdi. Joylashaverdi, joylashaverdi…

Nogahon uzoqdan qorovulning qorasi ko‘rindi. Yuragi orqasiga tortib ketdi. Or va nomus, uyat va sharmandalik zabtiga oldi. Qochmoqchi bo‘ldi. Ammo… O‘rnidan turolmadi. Kostyum avra-astari orasi bug‘doyga to‘lib ketgan, zil-zambil bo‘lgan. Qimirlolmadi. O‘zini ko‘tarolmadi… Kostyum ichidagi bo‘g‘doy uni yerga mixlab qo‘ydi… Yer uni tortib turdi…

U kostyumi yengidan qo‘llarini sug‘urib oldi. Mayib oyog‘i og‘riqni ham unutib uni xirmonjoydan olib qochdi…

Ortiga o‘girilmadi. Qorovul uni ko‘rdimi-ko‘rmadimi, buni ham bilmadi…

Ertasi ertalab qarasa, darvozaxonasi oldida ikki qop bug‘doy turar, ustiga kostyumi ham taxlab qo‘yilgan edi…

Yolg‘izlik

– Meni baxtlisiz, dedingmi, bolam? Yoshimni aytyapsan-da, shundaymi? To‘qsonga kirish baxt, demoqchisan-da. To‘g‘ri aytdimmi? Bir hisobdan gapingda jon bor. Ollohimga beadad shukurki, shu yoshdayam o‘z suyagimni o‘zim ko‘tarib yuribman. Birovga muhtojligim yo‘q. Pensiyam ham ana, deraza oldida turibdi, kimga kerak bo‘lsa ishlataveradi. Bir to‘y qilsam hovli o‘zimnikilar bilan to‘ladi. Begona yo‘q. 

Ammo… Mening dunyom boshqa, bolam. Mening dunyomda mening odamlarim qolmadi, bolam. Ko‘nglimni yorishga dardkashim, suhbatlashishga oshnam yo‘q, bolam. Amin jo‘ram, Rahim jo‘ram, Xurram jo‘ram, Boymat jo‘ram, Rahmat jo‘ram… Qani ular? Qani men bilan birga unib-o‘sgan, o‘ynab-kulgan, talashib-tortishgan jon jo‘ralarim, oshnalarim, og‘aynilarim? Hammasi ketib bo‘ldi… Hech biri qolmadi. Ularni judayam sog‘inaman. Judayam qumsayman… Ko‘rgim, suhbat qurgim keladi… Lekin buning iloji yo‘q… Diydor qiyomatga qolgan, bolam…

Dunyo keng… Odamlar ko‘p… Lekin men yolg‘izman, bolam, yolg‘izman.

“O‘zbekchilik”

– Bu kitobni uning o‘zi yozmagan. Yozib berishgan. Chunki uning saviyasini bilaman, naridan beri maqola yozishi, qog‘oz qoralashi mumkin. Ammo kitob yozolmaydi. Qalami o‘tkir emas. Yozganlari juda yuzaki. Ichiga chuqur kirib bormaydi. Tahlil ham qilmaydi.

To‘g‘ri, kitobi yaxshi chiqibdi! Bir kunda o‘qidim!  Zo‘r! Gap bo‘lishi mumkin emas! Lekin o‘zi yozmagan. Qo‘lidan kelmaydi bunday kitob yozish. Qarichi kalta! Juda kalta! Yuz yil ishlasayam qarichi o‘smaydi. Qozonda bori cho‘michga chiqadi. Uning qozoni sayoz, juda sayoz. Lavozimda ishlashi mumkin, lekin kitob yozolmaydi. Ayniqsa, mana shunaqa kitobni… Qo‘lidan kelmaydi. Ishonchim komil: buni u yozmagan…

Ijodkorning ijodkor haqidagi gaplarini eshityapman-u, O‘tkir Hoshimovning arman qorovuli, gruzin etikdo‘zi va o‘zbek akademigi haqidagi hikoyachasi miyamda charx uraverdi…

“O‘y uylikka…”

Ayol rahbar bo‘ldi. Erkak xodimlar mensishmadi… Pichir-pichir boshlandi. Bitta xonaga kirib olib, katta xolasining uyida o‘tirganday, gurungdan bo‘shashmaydi. Ayol uch kun indamadi. Uch kun kuzatdi, o‘rgandi. Uch kundan so‘ng agronomni savolga tutdi:

– O‘rtoq, agronom! Kultivatsiya necha santimetr bo‘lishi kerak?

– 15-18 santimetr.

– Unda kabinetda nima qilib o‘tiribsiz? Kultivatsiyangiz yetti-sakkizdan oshgani yo‘q-ku?! Traktorchi kun o‘targa ishlayapti. Parvoyi palak. Borib ko‘rdingizmi? Ogohlantirdingizmi? Dalolatnoma tuzdingizmi? Nima, men borishim kerakmi?  Men nazorat qilishim kerakmi?  Sizni ogohlantiryapman. Men shug‘ullansam yomon bo‘ladi. Juda yomon bo‘ladi.  Hosildorlik kam bo‘lsa, zararini mansab vakolatini suiiste’mol qilgan, ishga loqayd qaragan xodim to‘lab beradi…

Ayol hisobchiga o‘girildi:

– Sizni vazifangiz nimadan iborat?

– Hisob-kitob, buxgalteriya…

– Otning kallasiday debitor qarzdorlik bor, nimaga o‘ndirish chorasini ko‘rmaysiz? Nega qarzdorni sudga bermaysiz? Nega inkassa qo‘ymaysiz? Yo muttahamchiligingiz bormi? Shu hafta muhlat sizga, borib shug‘ullaning. Hal qiling…

Keyin iqtisodchiga yuzlandi:

– Xo‘jalik iqtisodi mayib odamga o‘xshab qolgan. Nega shug‘ullanmaysiz? Nega chora ko‘rmaysiz? Nega taklif bermaysiz? Uch kundan buyon g‘iybatdan bo‘shamaysiz. Aytib qo‘yay: men bilan ishlamoqchi bo‘lgan kishi xo‘jalik iqtisodini ko‘tarishni o‘ylasin. Jon koyitsin. Taklif bilan kirsin. Yo‘qsa, stolining ustida bir varaq qog‘oz bilan ruchkani ko‘radi…

Erkaklar suvga tushgan nonday bo‘shashdilar. Ayol rahbarni pisand qilmay, oshirib yuborganlarini anglashdi.

Uy-uylikka, tepa-to‘ylikka bo‘ldi so‘ngra…

Lola O‘ROQOVA

Exit mobile version