Qashqadaryo gazetasi Jarayon QAYNAR – TURIZM QISHLOG‘I
Jarayon

QAYNAR – TURIZM QISHLOG‘I

Bundan bir necha yil ilgari Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘iga respublikada birinchilardan bo‘lib «Agroturizm qishlog‘i» maqomi berilgan edi. Yaqinda esa tumanning Qaynar hamda Bashir qishloqlariga «Turizm qishlog‘i» maqomi berildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda har ikki qishloq yetakchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Bugun Qaynar qishlog‘i haqida so‘z yuritamiz.

Dengiz sathidan qariyb 2 ming metr balandlikkacha ko‘tariladigan Taxtaqoracha dovoni orqali Samarqanddan Qashqadaryoga o‘tar ekansiz,  Zarafshon tog‘ tizmalari manzaralari o‘zining salobati va ko‘rki bilan sizni hayratga soladi. Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma»sida «Itmak» deb nomlagan bu dovonning ham o‘z sir-sinoatlari, nomlanishi bilan bog‘liq tarixi bor. Aytishlaricha, Amir Temur SHeroz shahri tashqarisida ko‘rgan Taxta Qoracha degan joy nomini dovondagi xushmanzara joyda barpo etgan bog‘i va qasriga bergan. Dovon nomini Amir  Temurning bobokaloni Qorachar No‘yon nomiga bog‘laydiganlar ham bor. Professor To‘ra Nafasov Taxtaqorachani ustida tekis maydoni bo‘lgan dovon, deya izohlagan.

Ana shu dovon sizni Kitob tumanining Qaynar qishlog‘iga uzatib qo‘yadi. Muhimi, bu qishloq bilan bog‘liq o‘ziga xosliklar nihoyatda ko‘p. Qaynarda mashhur o‘zbek dostonchisi Abdulla shoir Nurali o‘g‘li yashagan va «Saydinxon», «Alpomish», «Nurali», «Halamonboy», «Avaz», Kuntug‘mish» kabi dostonlar va yuzlab termalarni mahorat bilan ijro etgan. Taniqli o‘zbek folklorshunos olimi Hodi Zarif u haqda «Qahramonlik dostonlarini sho‘x aytishi, kuylarining yoqimliligi, do‘mbirani jo‘shqin chertishi bilan o‘zbek dostonchilari o‘rtasida birinchi o‘rinda turadi», deb aytgan. Abdulla shoirning qudratli va tiniq ovozidan ilhomlangan shoir Hamid Olimjon unga bag‘ishlab «Do‘mbiram» she’rini yozgan. Abdulla shoir bahonasida bir paytlar Qaynar shoirlar-u olimlarning oyog‘i uzilmaydigan go‘sha bo‘lgan.

Qaynar – buloqlarga boy maskan. Dovonning o‘zidayoq sizni mashhur Rohatbuloq chashmasi qarshi oladi. «Chanqov bosgan yo‘lovchiga peshvoz Rohatbulog‘i» degan satrlar bejizga bitilmagan. Qaynarbuloq, Mingbuloq, Suvbuloq, Sovuqbuloq, Devonabuloq, Qo‘tirbuloq, Sassiqbuloq va yana o‘nlab katta-kichik buloqlar…

Qishloqning «Qaynar» deb nomlanishi ham aynan buloq nomi bilan bog‘liq, ya’ni gidronim. Qaynarbuloq – qishloqning bosh bulog‘i hisoblanadi. Hozir ham aksar qishloq ahli shu suvdan iste’mol qiladi. Yer osti suvi yuzaga qaynaganday toshib chiqqanidan Qaynar deyilgan. Chashmaning paydo bo‘lishi haqida rivoyat ham bor. Qaynarlik Farog‘atxonning aytishicha, Xizr alayhissalom qishloqdan o‘tayotib, shu joyda to‘xtaganlar. Tahorat olib, namoz o‘qishlari kerak, lekin suv yo‘q. Faromush holda bir chetda o‘tirib, hassaga peshonalarini tiragancha o‘yga cho‘madilar va ko‘zlari ilinadi. Uyg‘onib qarasalar, hassa uchi tegib turgan joydan sharqirab suv chiqayotganmish…

Yuqorida aytganimizday, bu bir rivoyat. Ammo qishloq ahli chashmani tabarruk deb bilgan. Dastlab uni «Qaynarbuloq ota chashmasi» deb atashgan. Keyinchalik «ota» so‘zi tushib qolib, Qaynarbuloq, qisqacha Qaynar deb yuritilgan. Abdulla shoirning termalaridan birida chashmadan suv otilib chiqishi kumush qo‘ng‘iroqqa o‘xshatilgan:

Qaynab chiqishlari kumush qo‘ng‘iroq

Kuyimga bir umr solgandir quloq.

Tug‘ilib ham o‘sgan yurti shoirning,

Suvlari shakarday shu Qaynarbuloq…

Yurt haqida gap ketsa, uning ulug‘larini yo‘qlamay bo‘larkanmi? Qaynar ahli shu qishloqda tug‘ilgan taniqli arxeolog, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, akademik Anatoliy Sagdullayev bilan ham faxrlanishadi. Domla Markaziy Osiyo arxeologiyasi va davlatchiligi tarixi bo‘yicha o‘z maktabini yaratgan, Shahrisabz shahrining 2700 yilligini asoslab berish uchun keng ko‘lamda arxeologik tadqiqotlar olib borgan, bronza va ilk temir davriga oid muhim ilmiy materiallarni fanga olib kirgan, tarix fani rivojiga qo‘shgan hissasi xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olimdir…

Qaynar qishlog‘ida «Yetti qiz» va «Tomchi ota» g‘orlari bor. «Yetti qiz» g‘ori haqida xalq orasida ko‘pgina rivoyatlar yuradi. Shu asosda shoir Hikmat Samadov «Yetti qiz» dostonini yozgan.

Qaynarliklar pishirgan taomlarni yemabsiz – dunyoga kelmabsiz. Dovon bo‘ylab borarkansiz, mazali tandir go‘shtlaridan, patirlardan tatimay o‘tolmaysiz. Dovon uzra joylashgan yemakxonalarning nomlari ham o‘zbekona, chiroyli: «Mingchinor», «Marvarid», «Dunyo», «Samo», «Kattatosh», «Dasturxon», «Toshsupa», «Dovon», «Ayron», «Mingbuloq» va hokazo. Aytmoqchi, Mingchinor degan nomni yetmishinchi yillarda o‘sha paytdagi respublika rahbari Sharof Rashidov qo‘yganlar.

Bir paytlar Qaynar kishmish uzumlari va mayizlari bilan ham mashhur bo‘lgan. Hatto el orasida Angliya qirolichasi Qaynar kishmishini sevib tanovul qilgan, degan gap ham yuradi. Garchi hozir qaynarliklar daromad manbai kishmishga qarab qolmagan bo‘lsa-da, ko‘plab xonadonlarda havo almashib turadigan tuynukchalari bo‘lgan soyaki xonalarni ko‘rasiz. Ularda kishmish uzum quritilib, mayiz tayyorlanadi.

Ta’riflayversa Qaynarning sifati hali ko‘p. Har yoz Qaynar oromgohlari viloyatimiz tumanlaridan kelgan bolajonlarga quchoq ochadi. «Qaynar» sanatoriysida esa respublikamizning turli viloyatlaridan odamlar kelib, dam olib, salomatliklarini tiklab ketishadi. Yana boshqa ko‘plab dam olish maskanlari ham bor. Bu joyda tabiatning o‘zi shifokor. Atrofga boqib ko‘zingiz quvonadi, dilingiz yayraydi, o‘zingizni qushday yengil his etasiz. Shuning uchun bahor kelib, kunlar isishi bilan Qaynarning dam olish maskanlari turli viloyatlardan kelgan sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi.

Aytmoqchi, tumanning Navro‘z bayramlari ham Qaynarning Qoratepa adirlarida o‘tadi. Bu adirlarda viloyat, respublika miqyosida ham ko‘plab tadbirlar bo‘lgan. Shuning uchun ham el hozir Qoratepa adirlarini Navro‘ztepa deb ataydi.

Qaynarni buncha ta’riflaganim bejiz emas. Qaynarga «Turizm qishlog‘i» maqomi berildi. Negaki, Qaynarda ekoturizm, gastroturizm, tog‘ turizmini rivojlantirishning imkoniyatlari katta.

Qaynar ta’rifi endi she’r tilida:

Bu joyning osmoni boshni silaydi,

Qoyalar bir-birin opichlab yotar.

Tongi tuni bilan sog‘inchda yonsa,

Ko‘zi qiyar-qiymas quyoshi botar.

Saraton zabtiga olgan kezda ham

Dimoqqa urilar bahor nafasi.

Sirli ohang bo‘lib dilga quyilar,

Daraxt shoxlaridan bulbulning sasi…

Goh bulut quyoshning nurini ichsa,

Injular yuzlardan dumalab o‘tar.

Bir yoni Samarqand, bir tomon Urgut,

Shahri Kesh mehmonni shu yerda kutar.

Bir san’at yashaydi tog‘ orasida

Bag‘rida yashirib hayratlarini.

Qizlarning sochiday nafis tolalar

Pazanda elimning suvratlarimi?

Bu yerda tabiat alvon ranglarni

Zangor gilamlarning ko‘ksiga ekar.

Olvoli, o‘riklar shoxlarin bukib,

Hosilning zabtidan yerga bosh egar.

Cho‘qqilar qo‘ynidan qorlari sim-sim

Archalar oralab soylarga sizar.

Qaynarni qalbiga jo qilib hamon

Abdulla shoirning ruhlari kezar.

Tan yengil, ruh toza, iymon salomat,

Yurakda yurt mehri, ajib viqorlar.

Ismini jismiga monand etgali

Ko‘karar keksa-yu nihol chinorlar.

Unga tutash tog‘lar qadim va sirli,

Moziy hikmatidir xarsangtoshlari.

Yo‘llarning chetidan «Oq yo‘l» deganday,

Qizg‘aldoqlar silkir alvon boshlarin…

Lola O‘ROQOVA

Exit mobile version